Ilmli ayol – jamiyat tayanchi
O‘zbekiston bugungi kunda yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yib, ilm-ma’rifat va intellektual salohiyatni rivojlanishning bosh omili sifatida belgiladi. Bu jarayonda xotin-qizlarning ta’lim olishi, ilmiy izlanishlari va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
Mamlakatimizda xotin-qizlar hayotning barcha jabhalarida faol ishtirok etmoqda. Ular ilm-fan, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, biznes va boshqa ko‘plab sohalarda o‘zining salohiyati, tashabbusi va fidoyiligi bilan yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Gender tenglik tamoyillari hayotga izchil joriy etilayotgani tufayli ayollar erkaklar bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini yanada mustahkamlab bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlarida qayd etganidek, qizlarning bilim olishi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi va kasb-hunar egallashi — avvalo oila farovonligi, farzandlar tarbiyasi, eng asosiysi esa butun jamiyat taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Darhaqiqat, ilmli ayol – oilaning baxti, jamiyatning kuch-qudrati va kelajak avlodning ilhom manbaidir. Bugun o‘zbek ayollari nafaqat ilm-fanda yuksak marralarni zabt etmoqda, balki yangi avlodni buyuk kashfiyotlarga chorlamoqda.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti muhandislik sohasiga ixtisoslashgan ta’lim maskani bo‘lsa-da, bu yerda qizlar ham faol ta’lim olib, o‘z salohiyatlarini yuksaltirmoqda. Hozirda SIUTda 144 nafar qiz talaba (talabalar umumiy sonining qariyb 30%ni tashkil etmoqda) turli yo‘nalishlarda tahsil olmoqda. Ular uchun ilmiy izlanish olib borish, xorijiy tajribani o‘zlashtirish, xalqaro grantlarda qatnashish va o‘zini turli sohalarda namoyon etish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Talaba qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida universitetda “Qizlar davrasi” klubi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo’lib, ushbu klub qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni ilmiy, madaniy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ilmiy marralarga eltuvchi izlanishlar
Universitetda xotin-qizlarning ilmiy salohiyati yildan-yilga ortib bormoqda. So‘nggi yillarda uch nafar SIUT xodimasi ilmiy darajaga erishdi:
- Muxiddinova Mavzuna Sirojiddin qizi – tarix fanlari bo‘yicha PhD, “XVIII–XIX asrning birinchi yarmida Buxoro amirligidagi tarixiy jarayonlar” mavzusida izlanish olib bordi.
- Abdullayeva Komila Timurovna – pedagogika fanlari bo‘yicha PhD, “Talabalarning loyihalash kompetensiyalarini rivojlantirish metodikasi” mavzusida tadqiqot olib bordi.
- Kuldasheva Aziza Xoljigitovna – qurilish muhandisligi bo‘yicha, texnika fanlari doktori (DSc) Xitoyning Uxan texnologiya universitetida “Vollastonit asosida yuqori mustahkamli betonlarning xossalari” mavzusida dissertatsiyasini himoya qildi.
SIUT xotin-qizlari bugun nafaqat ilm-fanda yuksak marralarni zabt etmoqda, balki o‘z izlanuvchanligi va fidoyiligi bilan kelajak avlodni buyuk orzular sari yetaklaydigan ilhom manbaiga aylanmoqda. Ularning ilmiy izlanishlari, erishgan yutuqlari va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ilmli ayolning muvaffaqiyati — oila baxti, farzandlar kamoli va jamiyat ravnaqining mustahkam poydevoridir.