Skip to main content

“Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash!” va “Inson qadri – taraqqiyot poydevori” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

Joriy yilning 25-sentabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida yoshlarning huquqiy ongi va ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Suhbat “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash!” va “Inson qadri – taraqqiyot poydevori” mavzulariga bag‘ishlandi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Feruz Bekov hamda Din ishlar bo‘yicha qo‘mitasining Samarqand viloyat boshqarma boshlig‘i Soxibnazar Boymuradov  mehmon sifatida ishtirok etdilar.

Uchrashuvda shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor A’lamjon Ibragimov, universitet inspeksiya xizmati boshlig‘i Alisher Igamberdiyev, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar qatnashdilar.

relig meeting 2

Soxibnazar Boymuradov o‘z chiqishida jaholatning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uni yengish yo‘lidagi eng muhim vosita – ma’rifat, ilm va tafakkur ekanini alohida ta’kidladi. Feruz Bekov esa yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni zararli g‘oyalardan himoya qilish, shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur singdirish zarurligiga urg‘u qaratdi.

Suhbatda inson qadri va huquqlarining ustuvorligi mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevori ekani, yoshlarning adolatparvarlik ruhida tarbiyalanishi va ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bugungi kunning dolzarb masalalari ekanligi qayd etildi.

Tadbir davomida talabalar uchun inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan davlat siyosati, yoshlarning jamiyatdagi faol o‘rni va mas’uliyatlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

relig meeting 4

Suhbat interfaol ruhda o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Bu esa tadbirning mazmunini yanada boyitdi.

Davra suhbati yakunida yoshlarda huquqiy ongni oshirish, axborot makonida ehtiyotkorlikni kuchaytirish, zararli oqimlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash va muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlarini davom ettirish bo‘yicha kelgusi vazifalar belgilab olindi.