Hazrat Navoiy izidan…
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi PQ-43-sonli qarori ijrosi bo‘yicha Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashabbusi va homiyligida bir guruh o‘zbekistonlik navoiyshunos olimlar 2025-yil sentabr oyida Eron Islom Respublikasining Mashhad, Tus, Gurgon (avvalgi Astrobod), Gunbadi Kovus kabi shaharlarida ilmiy ekspeditsiyada bo‘lib qaytdilar. Quvonarlisi, ekspeditsiya a’zolari tarkibidan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti O‘zbek tili va madaniyati markazi rahbari, dotsent Umedullo Mahmudov ham o‘rin oldi.

Ekspeditsiya a’zolari dastlab Mashhad shahrida joylashgan Ostoni Qudsi Razaviy “Kutubxonalar, muzeylar va hujjatlar markazi”da bo‘ldilar. Mazkur tashkilotda o‘zbekistonlik olimlar va tashkilot direktori doktor Sayid Jalol Husayniy hamda tashkilot xodimlari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Alisher Navoiy va uning Xuroson, xususan, Mashhad madaniy hayotida tutgan o‘rni, temuriylar davri madaniyatiga doir ma’ruzalar tinglandi. Sayid Jalol Husayniy janoblari Temuriylar davrida Mashhad shahrini obodonlashtirish, shaharni so‘lim va betakror manzilga aylantirish bo‘yicha qator bunyodkorlik ishlari olib borilganini qayd etdi. “Xususan, Mashhad shahri qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan bir mahalda Sulton Husayn Boyqaroning vaziri va yaqin do‘sti Amir Alisher Navoiy hazratlari ushbu shaharga suv tortib kelganlar hamda bu yerda bir ayvon soldirganlar. Hozirgi paytda ushbu ayvon “Ayvoni Navoiy” nomi bilan mashhur. Tortilgan chashma suvi esa Imom Rizo haramining markazida hali hamon odamlarning chanqog‘ini qondirishga xizmat qilmoqda”, deya ta’kidladi janob Sayid Jalol Husayniy.

U kishining aytishicha, ushbu kutubxonada jami ikki million nusxadagi kitob xazinasi mavjud bo‘lib, ulardan yuz ming nusxasi aynan qo‘lyozma asarlardir. Mazkur kutubxonada saqlanayotgan eng qadimiy qo‘lyozma ming yillik tarixga ega Qur’oni Karim sanaladi. Mazkur qo‘lyozmaning faksimile nashri O‘zbekistonlik olimlarga ko‘rsatildi.
Bundan tashqari kutubxona xazinasida turkiy tildagi ko‘plab qo‘lyozmalar mavjudligi haqidagi ma’lumotlar ekspeditsiya a’zolari e’tiborini tortdi. O‘zbekistonlik olimlarning o‘rganishlari natijasida Ostoni Quds Razaviy kutubxonasida turkiy tilda to‘rt yuz nusxadagi qo‘lyozma mavjudligi aniqlandi. Ularning orasida turkiy tilda ikkita Qur’oni Karim tarjimasi va tafsiri, duolar kitobi, mumtoz adabiyotga oid asarlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Ulardan ixtiyoriy tanlab olingan qo‘lyozma nusxasi juda qisqa fursatda O‘zbekiston olimlari tomonidan o‘rganildi. Natijada mazkur qo‘lyozma nusxa Alisher Navoiyning terma devoni ekanligi aniqlandi.


Ushbu devon tarkibidan shoir qalamiga mansub g‘azallar, musaddaslar, qit’a va ruboiylar o‘rin olgan. Devon Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-ma’oniy” devonidagi
Berahmdurur olamu zolim aflok,
Bemehrdurur anjumu davron bebok.
Bundan tashqari, devonning muqovasiga zarar yetgani sababli unga xuddi o‘zining jildidan toshbosma usulida yangi muqova yasalib, yopishtirilgan. Ushbu qo‘lyozma nusxa taxminan o‘n to‘qqizinchi asrda kitobat qilingan.

Ekspeditsiya a’zolari shuningdek, Mashhad shahri yaqinidagi Tus shahriga borib, Firdavsiy maqbarasini ziyorat qilgach, yaqindagina olimlar tomonidan aniqlangan Islom dunyosining hujjat ul-islomi, ulug‘ mutafakkir “Mukoshafat ul-qulub” (Qalblar kashfiyoti) asari bilan tanilgan Abu Homid G‘azzoliy qabrini ziyorat qilishga Musharraf bo‘ldilar. Ta’kidlash joizki, G‘azzoliy qabri atrofida bir necha kishining qabrlari mavjud bo‘lib, ularning barchasi hali yangi topilgani sababli ta’mirtalab.
Ekspeditsiya a’zolari keying kuni Xoja Nosiruddin Tusiy tomonidan barpo etilgan “Rodkon” minorasini borib ko‘rdilar. Mazkur me’moriy obida Elxoniylar hukumati davrida taxminan XIII milodiy asrda, bunyod etilgan, Nosiruddin Tusiy shundan so‘ng astronomiya sohasining ilmiy laboratoriyasi sanalgan jahonga mashhur “Marog‘a rasadxonasi”ni barpo etadi.
Shundan so‘ng ekspeditsiya a’zolari Gurgon (qad. Astorobod)ga tomon yo‘lga chiqdilar. Olimlar dastlab Gunbadi Kobus shahrida mashhur “Qobusnoma” asari muallifi Kaykovusning maqbarasini ziyorat qilgach, u yerdan Oq-taqa qishlog‘iga yo‘naldilar.

Oq-taqa qishlog‘ida turkiy adabiyotning zabardast vakillaridan biri sanalgan Maxtumquli Firog‘iy maqbarasi ziyorat qilinib, shoir xotirasiga hurmat bajo keltirildi. U yerda mahalliy aholi bilan suhbat chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, shoirning o‘z xonadoni hamda qurdirgan katta bog‘i hali hamon mavjud. “Bog‘ mahalliy aholi tomonidan parvarishlanmoqda…”, deydi mahalliy aholi vakili O‘g‘iljon Xotun.

Ekspeditsiya ushbu manzillardan so‘ng Amir Alisher Navoiy biroz muddat hokimlik qilgan tarixiy Astrobod, hozirgi Gurgon shahriga yetib bordilar. Bu shahar o‘zining betakror ob-havosi va iqlimi bilan ajralib turadi. Ekspeditsiya a’zolari bu shaharni o‘rganish davomida u yerdagi dastlab Saljuqiylar hukmronligi davrida qurilgan, keyinchalik, Mirzo Ulug‘bekning onasi Gavharshodbegim tomonidan ta’mirlangan jome masjidi mavjudligi to‘g‘risida xabar topdilar.

Masjid hovlisi keng sahnli, uning to‘rt tomonida to‘rt peshtoq mavjud bo‘lib, qibla tarafdagi peshtoq ichki qismiga yozuv lavhalari o‘rnatilgan.

Ushbu lavhalar Astrobodga hokim etib tayinlangan shaxslarning lavozimga tayinlanishlariga oid farmon ekanligi mahalliy aholi tomonidan aytib o‘tildi. Aytilishicha, bu yerdagi lavhalar orasida Amir Alisherning hokimlikka tayinlanishiga oid farmon ham bo‘lishi mumkin. Olimlar shundan so‘ng masjid xonaqohiga kirdilar hamda bu yerda Temuriylar davri yog‘och o‘ymakorligi uslubida, ikki tabaqali eshigi bilan yasalgan minbar borligini bildilar. Ma’lum bo‘lishicha, masjid hanuzgacha Gurgon shahri markaziy jome masjidi sifatida faoliyat yuritmoqda. Masjid beshta kirish eshigiga ega bo‘lib, hovli, kutubxona va namozxonadan iborat qismlarga ajratilgan. Mahalliy aholining aytishicha, taxminan 30 yil ilgari hukumat masjidni ta’mirlashga ahd qiladi hamda qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlaydi. Qiziqarli jihati masjid hovlisi ostidan masjidning keyingi ta’miri uchun Gavharshodbegim tomonidan vaqf qilingan oltinlar topiladi hamda ta’mirlash ishlariga sarf qilinadi. Gurgonda bundan tashqari, Imomzoda maqbarasi, Saljuqiylar davriga oid minora, mehrob, shuningdek, Qojor zodagonlari hovlisi mavjudligi mahalliy aholi vakillari tomonidan so‘zlab berildi.

Astroboddagi tarixiy manzillarni ko‘zdan kechirgach, olimlar guruhi ko‘hna Bastom shahriga qarab yo‘l oldilar. U yerda Alisher Navoiy hazratlarining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida zikr etilgan ulug‘ avliyo Boyazid Bastomiy majmuasini ziyorat qildilar. Ushbu majmua Saljuqiylar davridan qurila boshlangan. Majmuaning masjidida Saljuqiylar davriga oid mutlaqo betakror, kufiy xatidagi yozuvlar bilan bezatilgan mehrob mavjud. Shuningdek, uning yonida “Minori jumbon” (Qimirlab turuvchi minora) bunyod etilgan. Boyazid Bastomiy hazratlarining qabrlari masjid devori yonginasida, u kishining “mening ustimga maqbara solmang, qabrimga ilohiy rahmat suvlari yomg‘ir va qor hamda oftob nurlari tushib tursin”, degan vasiyatiga muvofiq qabr ustiga maqbara solinmagan. Avliyoning qabri poyida Temuriylar davrining nodir me’moriy obidasi “Shohruxiya” madrasasi Temuriy sulton Shohruxmirzo tomonidan bunyod etilgan. Qiziqarli jihati shundaki, ulug‘ avliyo nomi bilan bog‘liq jahonning turli nuqtalarida ziyoratgohlar, masjidu xonaqohlar borligini mushohada etish mumkin, jumladan O‘zbekistonning qator hududlarida ham ana shunday ziyoratgohlarni uchratish mumkin. Hazrat Boyazid Bastomiy qadamjolari Buxoro, Navoiy viloyatlarida va boshqa shaharlarda ham mavjud. Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida Xoja Bo‘ston qadamjolari mavjud. Lekin Navoiy viloyati, Qiziltepa shahri, Bo‘ston Qo‘rg‘oni, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida Sulton Boyazid Bastomiyning qutlug‘ qadamjolari, masjidlari, ramziy qabrlari bor.



Bastomiy majmuasi tarkibidagi Shohruxiya madrasasi Temuriylar davri me’morchiligining yorqin namunalaridan hisoblanadi. Temuriylar ilm-fan va madaniyat rivojiga alohida e’tibor bergan bo‘lib, mazkur madrasa ana shu siyosiy-madaniy qarashlarning ramzi sifatida qad ko‘targan. Tarix davomida bu madrasa ko‘plab olim va ma’rifatparvar shaxslarni tarbiyalagan, ilmiy anjumanlar va madaniy muloqotlar maskani bo‘lgan. Mazkur me’moriy obida ikki qavatli bo‘lib, 28 hujraga ega. Uning asosiy qismlarini masjid, ayvon va zo‘rxona tashkil etadi. Hujralar — talabalarning o‘qish va dam olishi uchun qulay tarzda loyihalangan. Unda yorug‘lik va shamollatish imkoniyatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Masjid — talaba va mudarrislar, mahalliy aholi uchun ibodat maskani bo‘lib xizmat qilgan. O‘ziga xos me’moriy uslub madrasaga sokin va maftunkor qiyofa bergan. Ayvondan diniy va ijtimoiy marosimlar uchun umumiy maydon sifatida foydalanilgan. Uning nafis va amaliy dizayni madrasaning me’moriy ustunliklaridan hisoblanadi. Madrasa tarkibida zo‘rxona deb ataluvchi maxsus hudud mavjud bo‘lib, bu yerda mudarrislar va tolibi ilmlar jismoniy mashqlar va sport bilan muntazam shug‘ullanganlar. Ushbu madrasaning boshqa madrasa binolaridan farqli jihati ham aynan unda zo‘rxonaning mavjudligidadir boshqacha qilib aytganda, Temuriylar hukmronligi davrida ilm va ma’naviyat bilan bir qatorda jismoniy tarbiyaga ham yuksak e’tibor qaratilgan.
Qadimiy Bastom shahri ziyoratidan so‘ng olimlar jamoasi Mashhadga qaytish uchun yo‘lga chiqdilar. Mashhad shahrida Ostoni Quds kutubxona majmuasining taklifiga ko‘ra eronlik va o‘zbekistonlik olimlar ishtirokida ilmiy seminar o‘tkazilishi rejalashitirilgan bo‘lib, seminarga 120 dan ortiq oliml va tadqiqotchilar taklif etilgan edi. Jamoa a’zolari yo‘l davomida seminarga tayyorgarlik jarayonini boshlab yubordilar. Ekspeditsiya a’zolarini olib yurishga mo‘ljallangan mikroavtobusda manbalar tahlili jarayonida professor D.Yusupovaning e’tiborini Alisher Navoiy tomonidan G‘aznaviylar davrida Tus va Xuroson hokimi bo‘lgan Amir Arslon Jozib maqbarasi hamda Ayoz minorasini qayta ta’mirlatgani hamda u yerdan uzoq bo‘lmagan hududda Sangbast nomi bilan ataluvchi karvonsaroy qurdirgani to‘g‘risida Xondamirning ma’lumotlari tortdi.
Mashhaddagi Ostoni Quds kutubxonasida ilm ahli hamda ilm ixlosmandlari ishtirokidagi ilmiy seminar yuqori ilmiy saviyada o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan olimlar Mashhad shahrining Temuriylar davrida obod va ko‘rkam shaharga aylangani, ayniqsa, bu shaharning obodonlashuviga Shohruxmirzo, Gavharshodbegim, Boysunqurmirzo, Alisher Navoiy kabi tarixiy shaxslarning katta hissa qo‘shganlari zikr etildi. Bundan tashqari, Alisher Navoiyning ulug‘ mutafakkir va shoir o‘laroq insoniyatning ma’naviy kamolotida tutgan o‘rni xususan, uning shogirdiga yozgan maktubida “Olamni obod etishda musobaqalashingiz”, degan sermazmun chaqirig‘i hali hamon dolzarb ekanligi ta’kidlandi.
Ilmiy seminardan so‘ng ilmiy jamoa Sangbast raboti tomon yo‘naldilar. Sangbast dastavval majmua sifatida bunyod qilingan. Unda G‘aznaviylar davlati hokimi Arslon Jozib maqbarasi, Ayoz minorasi, Sangbast karvonsaroyi hamda jome masjidi yaxlit kompozitsiyani tashkil etgan. Ammo vaqt o‘tib, ipak yo‘liga bo‘lgan ehtiyojning kamayishi, aholining shaharning boshqa tomonlariga ko‘chishi natijasida Arslon Jozib maqbarasi va Ayoz minorasi qarovsiz qolgan hamda ta’mirtalab holga kelgan. Ushbu hududni Amir Alisher Navoiy qayta ta’mirlatib, alohida Sangbast karvonsaroyini ham qurdirgan. Karvonsaroy tijorat ahliga xizmat ko‘rsatuvchi asosiy maskanga aylangan. O‘rta asr islomiy tarixchilar va sayohatnomachilar qoldirgan yozuvlarga ko‘ra, Sangbast savdo karvonlari o‘tadigan yo‘l bo‘lgan. Bu yerga Bag‘dod, Ray va Nishopur kabi shaharlar hamda boshqa yurtlardan ko‘plab savdo mollar keltirilib, Sangbast orqali Saraxsga, undan esa Marv, Buxoro, Samarqand va Hirotga yetkazilgan va nihoyat, u yerdan Turkiston hamda Xitoyga olib borilgan.

Ta’kidlash joizki, bu maskanning ahamiyati shu qadar yuksak bo‘lganki, Davlatshoh Samarqandiy o‘z kitobida quyidagicha yozadi: “Hijriy IX asrda Amir Alisher Navoiy Arslon Jozib raboti vayronaga aylanganini ko‘rgach, qadimiy Arslon Jozib raboti yaqinida yangi karvonsaroy qurdirgan.”
Tarixiy manbalarga ko‘ra, bu inshoot haqida turli qarashlar mavjud. Nozirat ul-Aqlohof (ba’zi tadqiqotchi va manba mualliflari) mazkur karvonsaroy qurilishini Amir Alisher Navoiy nomi bilan bog‘laydi va u G‘aznaviylar davrida qurilgan eski rabot xarobalari ustiga qad rostlaganini ta’kidlaydi. Biroq boshqa bir qator tadqiqotchilar bu karvonsaroyning Safaviylar davriga oidligini ilgari surib, uning Isfahondagi Mahiyor karvonsaroyiga o‘xshashligini qayd etadilar.

Binoning me’moriy tuzilishi markaziy hovli, uni o‘rab turgan hujralar majmuasi, otxona va xizmat xonalaridan iborat. Karvonsaroyning tashqi devorlarida to‘rt kuzatuv minorasi, shuningdek devor bo‘ylab yarim minoralar mavjud bo‘lib, ular mudofaa va nazorat vazifasini bajargan.
Mazkur karvonsaroyning tarixiy ahamiyati shundaki, u Sharqiy Eronning muhim savdo yo‘llarida joylashib, karvonlar uchun muhofazali to‘xtash maskani vazifasini bajargan. Ushbu karvonsaroy atrofiga vaqt o‘tishi bilan zindon barpo etilgan hamda karvonsaroy binosi zindon qurilgani tufayli aholi uchun uzoq muddatga yopilgan. Eron-Iroq urushi davrida karvonsaroy binosi ham asirlarni saqlash uchun zindonga qo‘shib olingan. Hozirgi paytda zindonning tugatilgani tufayli karvonsaroy ziyoratchilar kelishi uchun yaqinda ochilgani ma’lum bo‘ldi.
Umuman olganda, ilmiy ekspeditsiya a’zolari qisqa muddatda turkiy tildagi to‘rt yuz nusxada qo‘lyozmalar mavjudligini, ulardan tanlab olingan qo‘lyozma asar Alisher Navoiyning terma devoni ekanini, uning tarkibidan qanday she’riy namunalar o‘rin olganini, shuningdek, qadimiy tarixiy qadamjolar ziyorat qilindi hamda ulardan ayrimlari yangidan kashf etildi shuningdek, tarixiy shaxslarning dafn etilgan joylari o‘rganildi. Olimlar Temuriylar davri ilm-fani, san’ati va madaniyatiga oid artefaktlarni topish va ularni o‘rganish ishlarini yana davom ettirib, ilmiy yangiliklarni ilmiy iste’molga kiritishlariga umid qilgan holda, ekspeditsiyani yakunlab, yurtimizga qaytdilar.
