Skip to main content

SIUT va Konyang Universiteti: akademik hamkorlikning yangi rishtalari

2025-yilning 26-sentyabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Janubiy Koreyaning yetakchi xususiy oliy ta’lim muassasalaridan biri – Konyang universiteti delegatsiyasi mehmon bo‘ldi. Delegatsiyaga universitetning tashqi aloqalar bo‘limi direktori, professor Keol Jae Lee rahbarlik qildi.

Mazkur uchrashuvda tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Bu hujjat ikki universitet o‘rtasida akademik almashinuv, qo‘shma tadqiqotlar va madaniy tashabbuslar yo‘lida yangi sahifa ochadi desak adashmaymiz.

MOU KU 2

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari:

    • Talabalar almashinuvi – Koreyadagi ilg‘or laboratoriya va amaliy markazlarda o‘quv dasturlari va amaliyotlar;
    • Professor-o‘qituvchilar va xodimlar almashinuvi– mehmon ma’ruzalar, stajirovkalar, seminar va metodik tajriba almashinuvi;
    • Qo‘shma ilmiy tadqiqotlar – IT, biotexnologiya va muhandislik kabi ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalar va ularning xalqaro jurnallarda chop etilishi;
    • Madaniy va ta’limiy tashabbuslar – qo‘shma konferensiyalar, yozgi maktablar, madaniy festivallar va boshqa qator tashabbuslar.

1991-yilda tashkil etilgan Konyang universiteti bugun Janubiy Koreyaning eng tez rivojlanayotgan ta’lim va ilmiy markazlaridan biri sifatida tanilgan. Nonsan va Tedjon shaharlarida joylashgan kampuslari, ayniqsa kuchli tibbiyot maktabi bilan mashhur. Universitet qoshida mamlakatdagi eng yirik klinikalardan biri faoliyat yuritadi.

MOU KU 1

Bugungi kunda bu maskanda 10 mingdan ortiq talaba 40 dan ziyod yo‘nalishda tahsil olmoqda. Asosiy yo‘nalishlar quyidagilar:

    • Tibbiyot va sog‘liqni saqlash;
    • Axborot texnologiyalari va muhandislik;
    • Amaliy fanlar;
    • Biznes va menejment.

Universitet Koreyaning milliy ilmiy loyihalarida faol qatnashib keladi va bitiruvchilarining yuqori bandlik ko‘rsatkichlari bilan faxrlanadi. Bu esa uning ta’lim dasturlarining xalqaro mehnat bozorida qanchalik qadrlanishini ko‘rsatadi.

MOU KU 5

Mazkur memorandum imzolanishi – ikki universitetning uzoq muddatli hamkorligiga qo‘yilgan mustahkam tamal toshidir. Yaqin yillarda SIUT va Konyang universiteti o‘rtasida birinchi almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yilishi, qo‘shma tadqiqotlar amalga oshirilishi va ikki xalq yoshlarini bog‘lovchi madaniy tashabbuslar hayotga tatbiq etilishi kutilmoqda.

MOU KU 3

Bu hamkorlik nafaqat ilm-fan, balki ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.