“PROfessors” loyihasi: “Oliy ta’lim a’lochisi” Po‘lat Nazarov bilan suhbat
PROfessors loyihasining navbatdagi mehmoni — “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi SIUT “O‘zbek tili va madaniyati” markazi professori Po‘lat Djuramurodovich Nazarov.
— Assalomu alaykum, hurmatli Po‘lat Djuramurodovich! Avvalo, “PROfessors” loyihasining navbatdagi mehmoni sifatida suhbatimizga rozilik bildirganingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Yaqinda siz Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan taqdim etilgan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandingiz. Bu mukofot nafaqat sizning 43 yillik fidokorona mehnatingizning yuksak e’tirofi, balki Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga bo‘lgan davlat ishonchining ramzi hamdir. Shu bilan birga, u universitetimiz professor-o‘qituvchisiga vazirlik tomonidan berilgan ilk sharafli mukofot sifatida ham SIUT tarixida alohida o‘rin tutadi.
Keling, suhbatimizni sizning hayotiy tajribangiz, ilmiy faoliyatingiz va yoshlarga bo‘lgan samimiy tilaklaringiz bilan boyitsak.
— Avvalo, yuksak e’tirof bilan sizni qutlaymiz! Shu mukofotni qo‘lga kiritganingizda qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirdingiz?
— Rahmat. Bu mukofot sohibiga aylanishimda nafaqat o‘zimning, balki butun SIUT jamoasining xizmati bor deb hisoblayman. Chunki, yutuqlarimning asosida ustozim – SIUT rektori, professor Yusuf Negmatovich Abdullayevning saboqlari, hamkasblarimning ko‘magi va talabalarimning darslarimga ijobiy yondashuvi yotadi. Vazirlik tomonidan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishim kelgusi faoliyatimda menga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi deb o‘ylayman.

— Sizningcha, ta’limda muvaffaqiyatga erishish siri nimada?
— Menimcha, har qanday muvaffaqiyatning siri — aniq maqsad va iroda. Inson o‘z oldiga yuksak marralarni qo‘ya bilishi, so‘ng ularni sabr va qat’iyat bilan bosib o‘tishi kerak. Men “Oxirgi kuching qolguncha harakat qil” degan shiorga hayotim davomida amal qilib kelmoqdaman. Maqsadlarimga erishishimda ota-onamning tarbiyasi va ustozlarimning o‘gitlari menga asosiy tayanch vazifasini o‘tagan.
— Siz uchun “ustoz” so‘zi faqat kasbmi yoki taqdirning chaqiruvi?
— Men uchun ustoz — bu mo‘tabar va tabarruk zot. Ustoz shogirdini hayotga tayyorlovchi murabbiydir. Ota-ona farzandini dunyoga keltiradi, uni parvarish qilib moddiy jihatdan ta’minlaydi, ustoz esa shogirdiga ma’naviy ozuqa beradi. Shogird ustozsiz yuksak marralarga erisha olmaydi. Shu bois xalqimizning: “Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar” degan naqlida katta hikmat bor.

— Ustoz, siz uzoq yillar salohiyatli pedagog sifatida davlat oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritdingiz. Endilikda esa bilim va tajribangizni SIUTda davom ettiryapsiz. Sizningcha, oliy ta’lim tizimida nodavlat OTMlarga ta’lim xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati berilgani qanday ahamiyat kasb etadi?
— Siz haqsiz, men 30 yildan oshiq vaqt mobaynida davlat oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib bordim. Mana 3 yildan beri nodavlat oliy ta’lim muassasasi – SIUTda ishlab kelayapman. O‘zbekistonda nodavlat ta’lim muassasalarining ochilishi yurtimiz taraqqiyoti uchun juda muhim voqelikdir. Har qanday ishda, har qanday sohada raqobat bo‘lishi zarur. Raqobat bo‘lmasa, taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro raqobati natijasida biz yetuk bilim va malakaga ega mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojimizni qondira olamiz deb o‘ylayman.
— Sizni ilmga ilhomlantirgan kuch qaysi — ilmga bo‘lgan rag‘batmi yoki yuksak salohiyatli ustozlarning ta’sirimi?
— Men uchun har ikkisi ham katta ahamiyatga ega. Ilm yo‘lida rag‘bat ham, ustozlarimning mehribon saboqlari ham menga qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Fayzi Bozorovich Bozorov va Yusuf Negmatovich Abdullayev kabi fidoiy olimlarning shogirdi bo‘lish o‘zi men uchun katta sharafdir.
— Sizningcha, ilm odamni qanday o‘zgartiradi?
— Ilm inson tafakkurini kengaytiradi, dunyoqarashini boyitadi. Inson ilm orqali hayotning mohiyatini chuqurroq anglaydi, komillikka intiladi. “Beshikdan qabrgacha ilm izla” degan maqol ham bejizga aytilmagan.
— Ilm yo‘lida eng katta kuch — mehnatdami yoki ishtiyoqdami?
— Har qanday faoliyatga ishtiyoq bilan kirishish lozim. Ammo mehnatsiz ishtiyoq natija bermaydi. Shu sababli ilm yo‘lida ishtiyoq va mehnat birgalikda bo‘lishi zarur deb hisoblayman.
— Suhbatimiz yakunida, SIUT talabalariga tilaklaringiz?
— Bugungi yoshlar uchun shart-sharoitlar juda keng: xorijiy professorlardan saboq olish, xalqaro loyihalarda qatnashish, zamonaviy texnik jihozlardan foydalangan holda sara bilimlarni o‘zlashtirish… Shuning uchun mening eng katta tilagim — yoshlarimiz vaqtni qadrlashsin, bilimga chanqoq bo‘lishsin va kasbiy malakalarni puxta egallasin. Kelajagimiz ularning qo‘lida.
— Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
— Salomat bo‘ling!
Po‘lat Djuramurodovich Nazarov haqida qisqacha:
- Mehnat staji — 43 yil, shundan 37 yil — pedagogik staji.
- Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent. 2024-yildan SIUT “O‘zbek tili va madaniyati” markazi professori.
- 2023–2025-yillarda SIUT kasaba uyushmasi raisi hamda Ilmiy kengash ilmiy kotibi sifatida faoliyat yuritgan.
- 100 ga yaqin ilmiy maqola, 1 monografiya, 2 o‘quv qo‘llanma, 3 uslubiy qo‘llanma, 3 lug‘at muallifi.
- Hozirda inglizcha-o‘zbekcha-ruscha texnik atamalar lug‘ati ustida ishlamoqda.
- Ilmiy rahbarligida 11 magistrlik dissertatsiyasi, 1 PhD dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilingan.
- “Tacis-Tempus” loyihasi (2000) ishtirokchisi, Germaniyaning DAAD Alumni stipendiyasi (2011) sohibi.
- Nemis tili bo‘yicha C1 darajali sertifikatga ega.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti matbuot kotibi Asila Ibragimova suhbatlashdi.