SIUTda Chuseok bayrami: an’ana, san’at va do‘stlik bir sahnada
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti huzuridagi Koreys tili va madaniyati markazi tashabbusi bilan joriy yilning 7-oktabr kuni Koreya xalqining eng qadimiy va ezgu an’analaridan biri — Chuseok bayrami keng nishonlandi.

Chuseok (Chxusok) – hosil bayramining nishonlanishi oy taqvimi bo‘yicha sakkizinchi oyning o‘n beshinchi kuniga to‘g‘ri keladi. U hosil uchun minnatdorchilik, oilaviy birlik va insoniy qadriyatlarga sadoqat ramzi sifatida e’zozlanadi. Aynan shu ruhda tashkil etilgan bayram SIUT xalqaro jamoasini bir sahnada, bir qalbda birlashtirdi.




Tadbir KITC talabalari tomonidan koreys va ingliz tillarida olib borildi, bu esa xalqaro do‘stlik va madaniyatlararo muloqot muhitini yanada mustahkamladi. Bayramda Koreyadan tashrif buyurgan ijodiy jamoalar o‘z milliy raqslari, musiqiy chiqishlari va jonli ijrolari bilan tomoshabinlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.
Talabalar tomonidan koreys xalqining milliy liboslari ko‘rgazmasi, qo‘shiqlari va raqslari ijro etilib, yig‘ilganlar xilma-xil koreys milliy taomlarini ta’tib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bayramda qatnashgan mehmonlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar koreys madaniyatining boy merosidan yanada chuqurroq xabardor bo‘lib, Koreya xalqining urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida mehmonlar uchun “Lucky Draw” — sovrinli o‘yin tashkil etilib, ishtirokchilar koreyscha sovg‘alarni qo‘lga kiritdilar. Shuningdek, maxsus fotoburchakda hanbokda suratga tushish imkoniyati ham yaratilgan bo‘lib, bu lahzalar ko‘pchilikning yodida unutilmas xotira sifatida qoldi.

Tadbirda universitet jamoasidan tashqari Sejong tili markazi direktori va o‘qituvchilari ham ishtirok etdilar. Ular bu kabi madaniy uchrashuvlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, turli xalqlarga nisbatan hurmat, ochiqlik va do‘stlik ruhini shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Chuseok bayrami — bu nafaqat koreys madaniyatiga bag‘ishlangan tadbir, balki minnatdorchilik, mehr va birlashuvning ramzi bo‘lib, SIUT xalqaro jamoasiga iliq tuyg‘ular, yangi taassurotlar va unutilmas xotiralar ulashdi.