SIUTda “O‘zbek tilim – ona tilim” shiori ostida ommaviy diktant o‘tkazildi
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti huzuridagi O‘zbek tili va madaniyati markazi tashabbusi bilan “O‘zbek tilim – ona tilim” shiori ostida ommaviy diktant tashkil etildi. Tadbir, ta’bir joiz bo‘lsa, ona tiliga mehr qo‘ygan yoshlarni birlashtirgan ma’naviy-ma’rifiy maydonga aylandi.
Diktantning bosh maqsadi — talabalar o‘rtasida ona tiliga muhabbat va ehtirom tuyg‘usini yanada kuchaytirish, savodxonlik madaniyatini oshirish hamda o‘zbek tilining boy imkoniyatlari va go‘zalligini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirni O‘zbek tili va madaniyati markazi rahbari Umedullo Mahmudov ochib berdi. O‘z nutqida u tilning millat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, shunday dedi:
— “Til — bu millatning eng katta boyligi, uning ruhi va or-nomusidir. O‘z tilini e’zozlagan inson — o‘z tarixiga, madaniyatiga, ajdodlariga sadoqat ko‘rsatadi. Biz bugungi tadbir orqali yoshlar qalbida ana shu sadoqat, g‘urur va mehr tuyg‘ularini yanada mustahkamlashni maqsad qilganmiz.”
Diktant matni sifatida o‘zbek adabiyotining badiiy jihatdan yuksak namunalaridan parcha tanlandi. Bu esa ishtirokchilarga nafaqat yozma savodxonlikni, balki o‘zbek so‘zining badiiy ohangi, ifoda kuchi va semantik boyligini chuqur his etish imkonini berdi.


Jarayon davomida professor-o‘qituvchilar talabalarni kuzatib, tildan to‘g‘ri foydalanish, yozma nutq madaniyatiga rioya qilish va ifoda san’atiga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab o‘tdilar.
Tadbir yakunida bu kabi tashabbuslar SIUTda ona tilini e’zozlash, milliy qadriyat va o‘zlikni anglash madaniyatini shakllantirish yo‘lida izchil davom ettirilishi qayd etildi.


“O‘zbek tilim – ona tilim” ommaviy diktanti SIUT yoshlarining qalbida ona tiliga bo‘lgan iftixor, g‘urur va sadoqat tuyg‘usini yanada mustahkamladi. Tadbir nafaqat imlo mashqi, balki ma’naviy uyg‘onish va milliy o‘zlik ramziga aylandi.
Ona tilimizni asrash — bu xalqning tarixini, ma’naviyatini va kelajagini asrash demakdir.