Skip to main content

YUNESKOning 43-Konferensiyasi munosabati bilan SIUT “Inson. Madaniyat. Tinchlik: Nobel sovrindorlari” kitobining yangi nashrini taqdim etdi

2025-yilning 22-oktabr sanasida “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm majmuasidagi “Silk Road by Minyoun” mehmonxonasi anjumanlar zalida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti huzuridagi “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-ma’rifiy markazi tashabbusi bilan uch muhim voqeaga bag‘ishlangan tantanali kecha bo‘lib o‘tdi. Bu voqealar — Samarqand shahri kuni, YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi va Anatoliy hamda Vladimir Ionesovlarning yangi fundamental asari – “Inson. Madaniyat. Tinchlik: Madaniyatni anglash va XXI asrda hayotni idrok etish borasida taniqli zamondoshlar bilan suhbatlar” taqdimoti edi.

book 6

Tadbirni SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev ochib berdi. U mehmonlarni samimiy qutlab, mazkur kitob nashri YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi arafasida tayyorlanganini ta’kidladi. Shuningdek, u bu tarixiy anjuman tashkilot tarixida ilk bor Parijdan tashqarida — buyuk Samarqand shahrida o‘tkazilayotganini g‘urur bilan qayd etdi.

Professor Abdullayev o‘z nutqida SIUTning xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishdagi faol ishtirokini ham alohida e’tirof etdi; bu jarayonda 2023-yilda universitet tarkibida tashkil etilgan “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-ma’rifiy markazining o‘rni beqiyos ekanini, mazkur markaz xalqaro ilmiy, ta’limiy va madaniy hamkorlikni, shuningdek, tinchlik va xalqaro diplomatiya g‘oyalarini ilgari surayotganini ta’kidladi.

book 11

Tadbir davomida yana bir muhim voqea qayd etildi: SIUTdagi O‘zbek tili va madaniyati markazi professori Po‘lat Nazarovning 40 yildan ortiq pedagogik faoliyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan munosib e’tirof etildi. U ta’lim va fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mukofotni tantanali ravishda vazirlikning Samarqand viloyat boshqarmasi rahbari Aziz Nasimov topshirdi.

book 26

book 8

book 10

Shuningdek, “School of Computing” fakultetining eng iqtidorli va faol talabalari o‘qishdagi yutuqlari hamda universitet hayotidagi tashabbuslari uchun faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbirning asosiy qismi “Inson. Madaniyat. Tinchlik” nomli to‘rt jildlik fundamental asarning birinchi jildi — “Nobel sovrindorlari” taqdimotiga bag‘ishlandi. Nashr SIUT rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Yusuf Abdullayev bosh muharrirligida tayyorlangan.

Rektor ta’kidlaganidek, bu taqdimotning Samarqandda o‘tkazilishi chuqur ramziy ma’noga ega. Asar YUNESKOning 43-sessiyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, u mualliflarning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari va jahon miqyosidagi nufuzli ziyolilar bilan muloqotlarining mahsulidir.

book 3

Kitobda Nobel mukofoti sovrindorlari, olimlar, yozuvchilar, siyosatchilar va madaniyat arboblarining XXI asrda insoniyat, madaniyat va tinchlik haqidagi fikr va mulohazalari jamlangan. Bu loyiha 40 yildan ortiq tadqiqotlar, yozishmalar va intellektual almashinuvlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda madaniyatlararo muloqot, xalq diplomatiyasi va shaxsning ijodkorlik kuchiga ishonch g‘oyalari mujassam topgan.

book 23

Asar mualliflaridan biri, Rossiyaning Samara davlat madaniyat instituti professori, madaniyatshunos olim, SIUT huzuridagi “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-maslahatchi kengashi rais o‘rinbosari Vladimir Ionesov so‘zga chiqib,

“Bu loyiha insonlar va madaniyatlar o‘rtasida ochiq muloqotga bo‘lgan intilishdan tug‘ildi. Bugun bu muloqot yangi ohangda aynan Samarqandda — Sharq va G‘arbni asrlar davomida birlashtirib kelgan qadimiy shaharda yangramoqda. Nihoyatda ramziy jihatdan ahamiyatlisi shundaki, kitob bir-biriga birodar bo‘lgan ikki shahar — Samara va Samarqandda nashr etildi. Samarqand asrlar davomida madaniyatlararo muloqot va ilm-ma’rifat markazi bo‘lib kelgan. Bugun esa u fan, san’at va ta’lim birlashgan yangi tarix makoniga aylanmoqda,” – deya ta’kidladi.

book 24

Tadbir doirasida “Jahon ichra Samarqand”, “Samarqand O‘zbekiston va Rossiya madaniyatlari muloqotida: meros va zamonaviylik”, “Amerika Samarqandiyonasi” mavzularida xalqaro miqiyosdagi uchta doimiy amal qiluvchi planshetli ko‘rgazmalar tashkil etildi.

book 15

book 14

Tadbirda markaz direktori, kitob mualliflaridan biri Anatoliy Ionesov tomonidan “Samarqand haqida so‘z – 2025” xalqaro madaniy-ma’rifiy maktublar marafoni taqdim etildi. Ushbu loyiha Samarqand shahri kuni va YUNESKOning 43-sessiyasi munosabati bilan boshlangan.

book 18

Shuningdek, Parijdagi Temuriylar madaniyati va san’ati tadqiqotlari assotsiatsiyasi prezidenti, Samarqand faxriy fuqarosi fransiyalik Frédérique Beaupertuis-Bressand xonim tomonidan yuborilgan video tabrigi namoyish etildi. U o‘z so‘zida Samarqandning jahon miqyosidagi nufuzi va tarixiy ahamiyatini yuksak baholab, shahar ahlini bayram bilan tabrikladi hamda YUNESKO tarixida ilk bor Bosh Konferensiyasini qabul qilayotgan Samarqandni faxr va hayrat bilan tilga oldi.

book 21

Tadbirda SIUT talabalari tomonidan tayyorlangan YUNESKO haqida videorolik ham taqdim etildi. Unda yoshlar tashkilotning missiyasi, maqsadlari va asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z yuritib, ta’lim, fan, madaniyat hamda xalqaro tinchlik va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi tashabbuslarni yoritdilar.

book 25

book 20

book 13

Tantanali dastur davomida sahnadan Samarqandga bag‘ishlangan she’r va qo‘shiqlar yangradi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari va “Shuhrat” medali sohibasi, O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a’zosi, birinchi darajali mehnat faxriysi hamda xalq ta’limi a’lochisi, SIUTning faxriy professori — Xosiyat Bobomurodova o‘zining yangi “Yulduzlarga intilgan Samarqand” she’rini o‘qib berdi.

book 16

Shuningdek, SIUT talabalari Moskva Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Irina Alekseyevaning “Samarqand qasidasi” she’rini yetti tilda — rus, o‘zbek, tojik, fransuz, ingliz, xitoy va koreys tillarida o‘qib berdilar. Ta’kidlash joizki, ushbu asar 62 tilda tarjima qilingan bo‘lib, Rossiya rekordlar kitobiga kiritilgan.

book 28

book 29

Kechaning kulminatsion nuqtasida SIUT professorlari A. Umerovaning “Samarqand” qo‘shig‘ini dunyoning o‘n tilida kuylab, tinglovchilarga haqiqiy xalqaro uyg‘unlik va musiqiy mo‘jiza tuhfa etdilar. Qo‘shiqni prof. Juanita Franken (Janubiy Afrika) – afrikaans, prof. Kim In Tae (Koreya Respublikasi) – o‘zbek, prof. Hyeseong Bae (Koreya Respublikasi) – koreys, prof. Dujarric Florence (Fransiya) – fransuz, prof. Jimbo Claver (Kamerun) – rus, prof. Kothapeta Abdul Ajmath (Hindiston) – xind, prof. Li Xingcan (Xitoy Xalq Respublikasi) – xitoy, prof. Eric Embang Segundo (Filippin) – filippin, prof. Wesley O’Quinn (AQSh) – ingliz va prof. Exson Holmuhamedovlar (AQSh) – fors tillarida ijro etdilar.

book 30

book 31

Ta’bir joiz bo‘lsa mazkur chiqish Samarqandning tinchlik, do‘stlik va madaniyatlararo muloqot timsoli sifatidagi o‘rnini yorqin namoyon etdi. Kechaning yakunida an’anaga ko‘ra SIUT madhiyasi yangradi. Uning ohanglari go‘yo butun kechaning ruhini birlashtirib, ilm, do‘stlik va tinchlik g‘oyalarini qalblarga singdirdi.