Skip to main content

Ezgu an’anani davom ettirib: SIUT yana Samarkand Marathon startida

Hafta oxirida Samarqand yana bir bor butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratdi. Qadimiy shahar bu safar sport, madaniyat va xayriya g‘oyalarini birlashtirgan yirik xalqaro tadbirga — VII Xalqaro sport festivali “Samarkand Marathon 2025” ga mezbonlik qildi.

“Samarkand Marathon 2025” — bu shunchaki sport musobaqasi emas, balki inson iroda, birdamlik va mehr-oqibatni mujassam etgan xayriya harakatidir. Minglab yuguruvchilar qadimiy Samarqand ko‘chalari bo‘ylab yugurar ekan, ularning har bir qadami hayotga muhabbat, kuch va ruhiy yuksalish timsoliga aylandi. Marafondan tushgan barcha mablag‘larning ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirilgani esa tadbirning insonparvarlik mohiyatini yanada yuksaltiradi.

Yettinchi bor o‘tkazilgan ushbu xalqaro festivalda 50 dan ortiq mamlakatdan kelgan 8 mingdan ziyod professional va havaskor yuguruvchilar ishtirok etdilar. Bu yilgi marafon YuNESKOning 43-sessiyasi doirasida, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi.

marathon2025 7

marathon2025 1

Mazkur marafonda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professor-o‘qituvchilari va xodimlari hamda talabalari ham faol ishtirok etishdi. 2, 5, 10 va 21,1 km masofalarda yugurib, ular sog‘lom turmush tarzi, jamoaviylik va iroda kuchining haqiqiy namunasi bo‘lishdi desak yanglishmaymiz. SIUT jamoasi “Samarkand Marathon”da ketma-ket to‘rtinchi yil ishtirok etib, bu tashabbusni universitet an’analaridan biriga aylantirib bormoqda. Ushbu xayriya yugurishida universitet jamoasi har bir vakili o‘zi uchun emas, balki birlik, harakat va kelajak uchun yugurdi.

marathon2025 5

marathon2025 6

paths

Marafon yo‘nalishlari 2 km dan 42,2 km gacha bo‘lib, Registon maydonidan start olgan ishtirokchilar Samarqandning tarixiy maskanlari bo‘ylab yugurishdi. Har bir burilishda — tarix nafasi, har bir qadamda — yangi avlodning nafasini his etish mumkin edi.
Bu yugurish nafaqat masofa, balki madaniyatlar o‘rtasidagi ko‘prik edi.

Marafon atrofida haqiqiy festival muhitini yaratish uchun tashkilotchilar turli ko‘ngilochar o‘yinlar, sovg‘alar, konsertlar va ijodiy chiqishlar bilan barchaga quvonch ulashdi. Tadbir yakunida sahnada britaniyalik DJ Cristoph jonli chiqish bilan ishtirok etdi. Uning musiqasi yuguruvchilarning yurak urishini eslatgandek, marafon kayfiyatini yanada ko‘tarib, butun Samarqandga bayramona ruh bag‘ishladi.

marathon2025 4

“Samarkand Marathon” — bu so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo sport hayotining ramziga aylangan loyiha. 2019 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu yugurish TAN (Turkiy xalqlar marafonlar alyansi) — Markaziy Osiyo va Kavkazdagi ilk yugurish assotsiatsiyasi seriyasiga kiradi.