Skip to main content

Turizm va mehmondo‘stlik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘lida yangi bosqich

2025-yilning 10-noyabr kuni SIUT delegatsiyasi Buxoro turizm va madaniy meros texnikumiga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — turizm va mehmondo‘stlik sohasida raqobatbardosh, zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash borasida o‘zaro akademik aloqalarni mustahkamlash va hamkorlik doirasini kengaytirishdan iboratdir.

Delegatsiya tarkibida Fransuz muhandislik va biznes oliy maktabi (FHSEC) dekani, professor Jimbo Claver hamda SIUT Turizm va mehmondo‘stlik departamenti rahbari Raisa Ibragimovalar ishtirok etdilar.

3

Uchrashuv davomida SIUT vakillari texnikum talabalari va o‘qituvchilari bilan muloqot o‘tkazib, universitetning ta’lim imkoniyatlari, xalqaro dasturlari va amaliy o‘quv jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Ayniqsa, FHSEC faoliyati, fransuz tili chuqurlashtirilgan dasturlari va “Xalqaro turizm” yo‘nalishi talabalarga keng tanishtirildi.

4

SIUTda joriy etilgan dual ta’lim tizimi — nazariy bilim va amaliy tajribani uyg‘unlashtiruvchi innovatsion yondashuv sifatida taqdim etildi. Bu tizim kelajakdagi turizm sohasidagi mutaxassislarni xalqaro talablar asosida tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, texnikum talabalari SIUTning amaliyot obyektlari hamda hamkor tashkilotlarida — O‘zbekiston va xorijda — o‘tkaziladigan amaliy tayyorgarlik imkoniyatlari bilan tanishtirildi.

Uchrashuv davomida o‘qituvchilar malakasini oshirish, zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish yo‘nalishlari yuzasidan amaliy takliflar bildirildi. Tomonlar o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik ruhida kelgusida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolashga kelishib oldilar. Ushbu muhim hujjatning rasmiy imzolash marosimi yaqin kunlarda SIUTda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

2

Bundan tashqari, SIUT professorlari tomonidan Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi talabalari uchun muntazam onlayn ma’ruzalar tashkil etish haqida ham kelishuvga erishildi.

Turizm — O‘zbekiston iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri bo‘lib, bu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlashga bo‘lgan ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda. Shu bois SIUT va Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi o‘rtasidagi hamkorlik mamlakatimiz turizm ta’limi tizimida yangi sahifa ochib, amaliy ko‘nikmaga ega, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishiga ishonchimiz komil.