Skip to main content

SIUT Uxtadagi xalqaro forumida zamonaviy muhandislik ta’limining o‘ziga xos modelini taqdim etdi

Texnologiyalar asrida raqobatbardosh muhandislarni tayyorlash har bir mamlakat taraqqiyotining tayanch omiliga aylanmoqda. Shu maqsadda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘z tajribasi va yutuqlarini xalqaro miqyosda faol targ‘ib etmoqda.

2025-yil noyabr oyi boshida SIUT “School of Engineering” dotsenti Sherzod Allayev Rossiya Federatsiyasining Komi Respublikasida joylashgan Uxta davlat texnika universiteti (UDTU)da o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi. “Murakkab qazib olinadigan og‘ir neft zaxiralarini geologiyasi, qazib chiqish, tashish va qayta ishlash muammolari” mavzusidagi mazkur nufuzli anjumanda dunyoning turli ilmiy markazlaridan olimlar va mutaxassislar ishtirok etdilar.

ustu2025 1

Xalqaro anjumanda dotsent Sherzod Allayev ikkita ma’ruza bilan ishtirok etib, SIUTning muhandislik ta’limidagi innovatsion yondashuvi va ta’lim jarayonida nazariya hamda amaliyotni uyg‘unlashtirishga qaratilgan modelini xalqaro auditoriyaga taqdim etdi.

SIUTda joriy etilgan dual ta’lim tizimi — ya’ni akademik bilimlarni ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘lashga qaratilgan yondashuv — talabalarning kasbiy salohiyatini sezilarli darajada oshirib, ularni zamonaviy mehnat bozoriga tayyorlayotgan samarali mexanizmga aylangan.

“Bugungi muhandis faqat texnik bilim bilan emas, balki muammolarni tahlil qilish, jamoada ishlash va innovatsion fikrlash ko‘nikmalari bilan ham ajralib turishi kerak. SIUTda biz aynan shu yo‘nalishda ishlayapmiz”, — dedi Sherzod Allayev o‘z chiqishida.

Tashrif chog‘ida SIUT vakili Uxta davlat texnika universiteti rahbariyati bilan uchrashib, talabalar almashinuvi, o‘qituvchilar malakasini oshirish va SIUT talabalari uchun UDTU bazasida amaliyot tashkil etish masalalarini muhokama qildi.

ustu2025 4

ustu2025 5

ustu2025 7

Shuningdek, Sh. Allayev universitetning ilmiy va texnik imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi. U UDTUdagi zamonaviy laboratoriyalar, virtual reallik markazlari, tarixiy-geologik muzeylar hamda neft-gaz yo‘nalishiga ixtisoslashgan o‘quv poligonining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib oldilar.

ustu2025 6

Bugun SIUT nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham muhandislik ta’limining zamonaviy modeli sifatida e’tirof etilmoqda desak yanglishmaymiz. Muhandislik ta’limi va amaliy tayyorgarlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakatning neft-gaz sanoatida raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlarni shakllantirishga xizmat qiladi.