Skip to main content

SIUT kutubxonasi “INFOLIB O‘ZBEKISTON – 2025”da: ilmiy axborot tizimini rivojlantirish sari

Bugun ta’limda eng muhim omillardan biri — ilmiy axborotga erkin kirish va undan samarali foydalanishdir. Shu yo‘nalishda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti kutubxonasi o‘z faoliyatini muntazam takomillashtirib, xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etib bormoqda.

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tgan “INFOLIB O‘ZBEKISTON – 2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligi ham bu yo‘ldagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. Tadbirda SIUT kutubxonasi jamoasi har yili bo‘lgani kabi faol ishtirok etdi.

infolib 2025 2

Bu yilgi haftalikning asosiy mavzusi global ilmiy kontentga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga bag‘ishlandi.

Tadbir davomida xalqaro elektron nashriyotlar — EBSCO, ProQuest, Oxford, kutubxona konsorsiumlari va boshqa ma’lumotlar bazalarining imkoniyatlari, ular orqali ilmiy axborotdan samarali foydalanish usullari hamda kutubxonachilar malakasini oshirishdagi ahamiyati yoritib berildi.

Haftalik doirasida 12-noyabr kuni o‘tkazilgan “Axborot va kutubxona xizmati samaradorligini oshirish uchun jahon nashriyotlarining elektron resurslari” mavzusidagi amaliy seminar kutubxona xodimlari uchun foydali tajriba maktabiga aylandi. Unda ishtirokchilar xalqaro nashriyotlarning elektron platformalarida ma’lumot izlash, ulardan tezkor va to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.

infolib 2025 3

Seminarda SIUT kutubxonasi direktori Ravshan Amirov ham faol qatnashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadbirlarda ishtirok etish kutubxona xodimlari uchun nafaqat o‘qish jarayoniga, balki butun universitetning ilmiy salohiyatiga xizmat qiladi:

“Biz SIUT kutubxonasining xizmat turlarini, xususan elektron resurslar bazasini doimiy ravishda yangilab boramiz. ‘Infolib’ kabi yirik tadbirlarda qatnashish bizga xalqaro tajriba va zamonaviy standartlarni amaliyotga joriy etish imkonini beradi,” — dedi Ravshan Amirov.

Bunday tashabbuslar natijasida SIUT kutubxonasi bugun professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun eng dolzarb ilmiy manbalarga tezkor kirish imkonini yaratadigan zamonaviy axborot markaziga aylangan.

Universitet foydalanuvchilari SIUT kutubxonasining rasmiy veb-sayti orqali xalqaro ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, o‘qish va izlanish jarayonini yanada samarali tashkil etmoqda.