SIUT va Latviya Elchixonasi Latviya texnika universitetlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
2025-yilning 17-noyabr kuni Latviya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi, janob Girts Jaunzems Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga rasmiy tashrif buyurdi. Tashrif davomida SIUT va Latviyaning yetakchi texnika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik va texnologik hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda SIUT delegatsiyasiga birinchi prorector (provost) prof. Bobby Hall rahbarlik qildi. Muzokaralarda, shuningdek, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor prof. Anvar Sayfullayev hamda Xalqaro aloqalar departamentining katta mutaxassisi Nazira Abdullayeva ishtirok etdi.

Muloqot SIUT faoliyatiga oid batafsil taqdimot bilan boshlandi. Unda universitetning asosiy akademik yutuqlari, ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan innovatsion metodlar, kengayib borayotgan xalqaro hamkorlik tarmoqlari hamda sanoat bilan yo‘lga qo‘yilgan bevosita aloqalar taqdim etildi. Ushbu yo‘nalishlar SIUTda dual ta’lim modelini samarali joriy etish uchun mustahkam asos yaratayotgani ta’kidlandi.
Muzokaralar chog‘ida janob Girts Jaunzems SIUTning rivojlanish strategiyasi Latviya texnik ta’lim tizimi bilan ko‘plab jihatlarda mushtarak ekanini qayd etdi. Elchi quyidagi yo‘nalishlar ikki tomonlama hamkorlikning muhim drayverlari bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi:
- ilg‘or muhandislik va texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirish;
- nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtiruvchi dual ta’lim mexanizmlarini tatbiq etish;
- stajirovkalar va ishlab chiqarish amaliyotini kuchaytirish;
- xalqaro hamkorlikni kengaytirish va akademik mobillikni rivojlantirish.
Elchining aytishicha, ushbu umumiy strategik nuqtalar SIUT va Latviya texnika universitetlari o‘rtasida mazmunli va uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish uchun tabiiy asos yaratadi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Latviyaning eng nufuzli texnika oliygohlaridan biri — Riga texnika universiteti (RTU) bilan hamkorlik bo‘ldi. Janob Jaunzems RTUni mamlakatning texnologik ekotizimini shakllantiruvchi markaziy ta’lim muassasasi sifatida ta’rifladi.

Tomonlar quyidagi tashabbuslarni istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqdilar:
- talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
- muhandislik, kompyuter fanlari va IT yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish;
- ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish.
Bu tashabbuslar SIUTning xalqaro akademik hamkorlik xaritasini sezilarli darajada kengaytirishi kutilmoqda.
Elchi Jaunzems uchrashuvda Latviya hukumati va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “Markaziy Osiyoning raqamli bog‘liqligi” (Central Asian Digital Connectivity) tashabbusini ham taqdim etdi. U mazkur dastur mintaqada raqamli infratuzilmani rivojlantirish va yuqori malakali IT mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga qaratilganini ta’kidladi.
Elchi SIUTning “Sun’iy intellekt”, “Kiberxavfsizlik” kabi zamonaviy kompyuter fanlari dasturlari tashabbus talablariga to‘liq mos kelishini qayd etib, universitetni loyiha doirasidagi potensial hamkorlar qatorida ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Prof. Bobby Hall SIUT talabalari salohiyatiga ishonch bildirgan holda, SIUT va RTUning kompyuter fanlari fakultetlari o‘rtasida bevosita muzokaralar o‘tkazish va hamkorlik formatlarini aniq belgilashni taklif qildi.

Tashrif yakunida tomonlar SIUT uchun akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish va mintaqaviy raqamli transformatsiya dasturlarida faol ishtirok etish borasida yangi imkoniyatlar ochilganini ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun: “Markaziy Osiyoning raqamli bog‘liqligi” (EU–Central Asia Digital Connectivity) tashabbusi “Team Europe” konsepsiyasining asosiy loyihalaridan biri bo‘lib, mintaqada raqamli tafovutni kamaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va zamonaviy texnologik infratuzilmani yaratishga qaratilgan.
Dastur Latviya hukumati va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) va Yevropa investitsiya banki (EIB) kabi yirik moliyaviy institutlar ishtirokida amalga oshiriladi.