Computing Project Expo 2025: SIUTda innovatsiya, texnik tafakkur va yangi g‘oyalar uyg‘onishi
O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayoni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi, IT sohasi mutaxassislari uchun yaratilib kelayotgan qulay sharoitlar va startap ekotizimiga berilayotgan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash — bularning barchasi mamlakatda texnologik taraqqiyot uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlar yaratmoqda. Shu jarayonda oliy ta’lim muassasalari, ayniqsa, IT sohasidagi yetuk kadrlarni tayyorlaydigan universitetlarning roli yanada ortib bormoqda.
Shu maqsadda, 2025-yilning 21-noyabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida “School of Computing” tashabbusi bilan talabalarning ilmiy-amaliy ishlari taqdim etilgan keng ko‘lamli tadbir — “Computing Project Expo 2025” bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma semestr davomida yaratilgan innovatsion loyihalar namoyish etilgan, ilm, tafakkur va texnologiyalar uyg‘unlashgan muhim voqeaga aylandi.

Ko‘rgazma doirasida talabalar o‘zlari ishlab chiqqan IT-loyihalarni keng auditoriyaga taqdim etish, stajirovkalar davomida to‘plagan amaliy tajribasini namoyish qilish va o‘z texnik salohiyatini real misollar orqali ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldilar. Loyihalar zamonaviy IT sohasining eng dolzarb yo‘nalishlarini qamrab oldi: Sun’iy intellekt (AI), kiberxavfsizlik va Internet of Things (IoT). Talabalarning ishlari nazariy bilim bilan cheklanib qolmay, hayotning o‘zi talab qiladigan real muammolarni hal etishga qaratilgani bilan ajralib turdi.


Tadbirda SIUT professor-o‘qituvchilari, universitet rahbariyati va turli yo‘nalishlar talabalari ishtirok etdi. Bunday format yoshlar uchun nafaqat taqdimot maydoni, balki keng ko‘lamli akademik hamkorlik, fikr almashish, hamda yangi g‘oyalar va tashabbuslarning tug‘ilish maydoniga aylandi.


Ko‘rgazmani soha mutaxassislari ham katta qiziqish bilan kuzatishdi. Ekspert sifatida IT Park Samarkand, School 21, SAM IT Global tashkilotlari vakillari ishtirok etib, loyihalarni professional nuqtayi nazardan baholashdi. Ularning tajribasi, tavsiyalari va texnologik jarayonlarga oid fikrlari talabalar uchun katta amaliy maktab bo‘ldi.



Ko‘rgazmaning eng hayajonli qismi — eng yaxshi talabalik IT-loyihalar tanlovi bo‘ldi. Hakamlar hay’ati ishlarni bir necha mezonlar asosida baholadi:
- innovatsionlik darajasi;
- texnik murakkablik;
- amaliy ahamiyat;
- dizayn sifati;
- taqdimot madaniyati.
G‘oliblar:
- 1-o‘rin (1 000 000 so‘m): 3-kurs jamoasi (Gur’yanov Daniil, Kuziboev Diyorbek, Abdullayeva Kamilla, Gaffarov Diyorbek);
- 2-o‘rin (750 000 so‘m): 2-kurs jamoasi (Zokirov Diyorbek, Xalimov Mustafo, Munisxonov Mahmudjon, Tursunov Samirjon);
- 3-o‘rin (500 000 so‘m): 1-kurs jamoasi (Egamberdiyev Husniddin, Shukrullayev Sardorbek, G‘afurjonova Farzona, Muhammadieva Sevinch).
Mukofotlar SIUTning birinchi prorektori (Provost) professor Bobby Hall tomonidan tantanali tarzda topshirildi.

“Computing Project Expo 2025” SIUTda amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim tizimining samaradorligini yana bir bor tasdiqladi. Tadbir o‘z oldiga qo‘yilgan muhim vazifalarni muvaffaqiyatli bajardi:
- talabalarning muhandislik, kreativ va texnik salohiyatini namoyish qildi;
- universitet bilan IT-industriya mutaxassislari o‘rtasida bevosita professional muloqot yaratdi;
- talabalarga taqdimot madaniyati, jamoa bo‘lib ishlash va sog‘lom raqobat muhiti tajribasini berdi;
- SIUTda innovatsion, texnologik akademik muhitni yanada mustahkamladi.
“Shubhasiz an’anaviy tus oladigan ushbu ko‘rgazma natijalari SIUTda raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Keyingi yilda ‘Computing Project Expo 2026’ ko‘rgazmasi yangi g‘oyalar, jamoalar hamda ilg‘or texnologik yechimlar bilan yanada keng ko‘lam kasb etishiga ishonchimiz komil”, — deya ta’kidladi “School of Computing” dekani, professor Mohammad Galety.