SIUT jahondagi qadimiy neft texnika universiteti bilan muhandislik fanlari sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
2025-yil 22-noyabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Akademik M.D. Millionshikov nomidagi Grozniy davlat neft texnika universiteti (GDNTU) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyaga birinchi prorektor – o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, t.f.d., prof. Ibragim Gayrabekov boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibida shuningdek, universitetning strategik rivojlanish bo‘yicha prorektor, i.f.d., prof. Timur Yakubov, Yaroslav Mudriy nomidagi Novgorod davlat universiteti rektori maslahatchisi, Velikiy Novgorod shahridagi «School 21» innovatsion kampusi direktori janob Andrey Latishev hamda GDNTUning texnik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 20 dan ortiq talabalari ham o‘rin oldilar.

SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev SIUTning missiyasi, tuzilishi, tajribali xorijiy professorlar ishtirokida bo‘lajak muhandis-texnologlarni o‘qitishning xalqaro standartlari, dual ta’lim tizimi hamda talabalar uchun amaliy ta’limdagi sanoat imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Professor Ibragim Gayrabekov SIUT rahbariyati va jamoasiga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun tashakkur izhor etib, tomonlarning uzoq muddatli hamkorlikdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini ta’kidladi. Uchrashuvning muhim natijasi sifatida shuni qayd etish joizki, tomonlar yaqin orada hamkorlik rishtalarini bitimlar orqali rasmiylashtirishga kelishib oldilar.

Oliygohlar hamkorlikning quyidagi asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar:
- Muhandislik va texnika fanlari sohasida qo‘shma loyihalar va tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish;
- SIUT va GDNTU talabalarining sanoat obyektlarida amaliyot va stajirovkalarini tashkil etish;
- Qo‘shma o‘quv dasturlari va kurslarini hamkorlikda ishlab chiqish;
- Talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi uchun akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish.
GDNTU bilan hamkorlik SIUTga dunyodagi neft sohasiga ixtisoslashgan qadimiy universitetning ta’lim tajribasini integratsiyalash va xalqaro miqyosda muhandislarni tayyorlashdagi mavqeini mustahkamlash imkonini yaratishi kutilmoqda. 1920-yilda tashkil etilgan Grozniy davlat neft texnika universiteti Rossiya sanoatiga kadrlarni yetishtiruvchi asosiy oliygohlaridan biridir.

SIUT rektori professor Yusuf Abdullayev ham muzokaralar davomida “Yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu hamkorlik SIUTning rivojlanish sur’ati va texnologik yo‘nalishi bilan hamohang ravishda yangi avlod muhandislarini tayyorlashda ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi”, deya qayd etdi.
Tashrif yakunida professor I.Gayrabekov SIUT rahbariyatini Grozniy shahriga taklif qilib, u yerda tomonlar hamkorlikni rasman tasdiqlab, o‘zaro qo‘shma loyihalarni batafsil rejalashtirishga kirishishlari mumkinligini alohida qayd etdi.