Skip to main content

SIUT – TUST: Hamkorlik izchil mustahkamlanmoqda

Tyanjin Fan va Texnologiya Universitetida (TUST) “Do‘stlik ko‘priklarini quramiz, chin yurakdan muloqot qilamiz va kelajak yo‘lida birlashib ijod qilamiz” shiori ostida Xalqaro kommunikatsiya bo‘yicha V Akademik forum bo‘lib o‘tdi.

Сhoy madaniyati institutlari, choy sanoati vakillari, oliy ta’lim muassasalari va xalqaro kommunikatsiya sohasi mutaxassislarini birlashtirgan ushbu nufuzli forumda 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbirda yurtimiz nomidan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ishtirok etdi. SIUT Tyanjin Fan va Texnologiya Universiteti bilan ham, “Tea, Amo kaj la Mondo” xalqaro loyihasi doirasida Xitoyning boshqa yetakchi tashkilotlari bilan ham izchil hamkorlik qilib kelmoqda.

tust 5

Forumning faxrli mehmonlari qatorida mashhur yozuvchi va choy madaniyati bo‘yicha taniqli ekspert professor Van Syuyfen (Wang Xufeng), Jahon Esperanto Assotsiatsiyasi (UEA) faxriy a’zosi janob Nan Yuli (Nan Youli) va boshqa xalqaro mutaxassislar bo‘ldi.

tust 3

Tadbir davomida choy madaniyati, esperanto, chinni san’ati va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi ekspertlar ma’ruzalar o‘qib, talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan ochiq muloqotda bo‘lishdi.

tust 4

TUST prorektori professor Van Min (Wang Min) forumning mazmunini quyidagicha ifodaladi: “… madaniyatlar o‘rtasidagi farqlardan qat’i nazar, o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish va insoniyatning umumiy kelajagini birgalikda yaratishga xizmat qiladigan ochiq muloqot maydonini shakllantirish zarur”.

Shuningdek, forum doirasida esperantoni universitetning ramziy madaniy timsoliga aylantirish tashabbusi ilgari surildi.

Professor Van Syuyfen “Choy, Sevgi va Tinchlik” xalqaro loyihasining shakllanish va rivojlanish tarixiga to‘xtalar ekan, choy va esperanto xalqlar o‘rtasida do‘stlik va muloqotning mustahkam vositasi ekanini ta’kidladi.

Xitoylik hamkorlar ta’kidlaganidek, forumning eng yorqin lahzalaridan biri SIUT rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Yusuf Abdullayev tomonidan yuborilgan video-murojaat bo‘ldi. Unda u SIUT va TUST o‘rtasidagi hamkorlik tarixini yoritib, BMTning Xalqaro choy kuni munosabati bilan O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Choy, Madaniyat, Tinchlik!” xalqaro festivalini taqdim etdi. Festival “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlovchi muhim platforma sifatida e’tirof etildi.

tust 2

Videomurojaatida SIUT rektori professor Yusuf Abdullayev hamkorlikka oid quyidagi fikrlarni bildirdi:

“2023-yilda Xitoyga qilgan tashrifim davomida Tyanjin Esperanto Assotsiatsiyasi va TUST rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv yakunida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. O‘sha yili Xitoyda boshlangan ‘Tea, Amo kaj la Mondo’ xalqaro loyihasi ramziy tarzda Samarqandda — SIUTda o‘zining yangi bosqichini boshladi.”

Forum doirasida “Dunyo bo‘ylab esperanto tilida Choy muzeylari” nomli yangi loyiha rasman e’lon qilindi. Ushbu tashabbus doirasidagi ilk muzey — Esperanto Tilidagi Choy Muzeyi — Tyanjin Fan va Texnologiya Universitetida tashkil etilishi belgilandi. Muzey ekspozitsiyasi orasida SIUT va “Amir Tea Samarqand” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan materiallar ham namoyish etiladi.

tust 1

Shuningdek, SIUTning yangi kampusida “Tinchlik Choyxonasi”ni tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, unda xalqaro choy madaniyatiga doir maxsus ekspozitsiyalar, turli mamlakatlarning choy namunalaridan iborat to‘plam va choy anjomlari jamlanadi.

Forum TUST, Tyanjin Esperanto Assotsiatsiyasi (TEA), Pekin Esperanto Assotsiatsiyasi (PEA), Chjetszyan Qishloq xo‘jaligi va O‘rmon xo‘jaligi Universiteti (ZAFU) hamda Xitoyning Xorijiy tillar adabiyoti nashriyoti (FLP) hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir yakunida Xitoylik hamkorlar SIUT tashabbusi bilan o‘tkazilgan ikki oylik xalqaro “Samarqand haqida so‘z – 2025” ma’rifiy marafoni haqida yuqori baho berdi. Mazkur marafon SIUT huzuridagi “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-ma’rifiy markazi hamda “Samarqandiyona” ensiklopedik loyihasi tomonidan amalga oshirilgan edi. Xitoy delegatsiyasi marafon taassuroti haqida quyidagicha fikr bildirdi:

“Biz ‘Samarqand haqida so‘z – 2025’ loyihasida ishtirok etganimizdan chin dildan mamnunmiz. Loyiha o‘z mazmuni, yondashuvi va badiiy jozibasi bilan bizni chuqur ilhomlantirdi. Shu tajribadan kelib chiqib, endilikda Tyanjin shahriga bag‘ishlangan shunga o‘xshash loyihani yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqdamiz. Tyanjin — Xitoyning o‘ziga xos tarixiy merosi va boy madaniyati bilan ajralib turadigan noyob shahar bo‘lib, u ham 23-dekabr sanasida o‘zining maxsus kunini nishonlaydi”.