SIUT, Incheon Technopark va Chungwoon Universiteti: zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha strategik sheriklik yo‘lga qo‘yildi
2025-yilning 26-noyabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Janubiy Koreyaning Incheon Technopark va Chungwoon Universiteti delegatsiyasi ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida sun’iy intellekt, robototexnika, IT-muhandislik va yarimo‘tkazgichlar kabi zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma platforma yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.

Delegatsiya tarkibida:
- Han Jae-gil — Incheon Technopark biznes-divizioni rahbari;
- Kang In-cheol — Yashil yarimo‘tkazgichlar markazi direktori;
- Jo Ga-won — Yashil yarimo‘tkazgichlar institutining tadqiqotchisi;
- Moon Myung-guk — Chungwoon Universitetining “Future Convergence Autonomous Major” yo‘nalishi rahbari va “Smart Motor” Innovatsion markazi direktori ishtirok etdilar.
Uchrashuvni SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev ochib berar ekan, Koreya Respublikasi bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro ishonchli va mazmunli hamkorlik SIUT uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi:
«Koreya iqtisodiyotda, sanoatda va texnologiyalarda dunyo miqyosida yetakchi maqomni egallagan. 2023-yildan buyon SIUTda faoliyat yuritayotgan Koreya texnologiyalar va madaniyat instituti orqali talabalarimiz raqamli iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya va dizayn kabi eng talabgir sohalarda ta’lim olayapti. Endi esa kompyuter fanlari, AI, robototexnika va yarimo‘tkazgichlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish nafaqat ta’lim sifatini oshiradi, balki xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda bizning pozitsiyamizni mustahkamlaydi».
SIUT Chungwoon Universiteti bilan qo‘shma tahsil dasturlarini boshlashga tayyor ekanini bildirdi. “2+2” modeli asosida ikki diplomli ta’lim yo‘nalishlari joriy etilsa, SIUT talabalari Koreyaning zamonaviy laboratoriyalari, sanoat klasterlari va ilmiy maktablari bilan bevosita ishlash imkoniga ega bo‘ladi.
Delegatsiya Incheon Technoparkda amalga oshirilayotgan innovatsion dasturlar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimi, yarimo‘tkazgichlar bo‘yicha ilmiy markazlar faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Chungwoon Universiteti vakili janob Moon Myung-guk esa SIUTga universitet prezidenti janob Chon Yunning rasmiy maktubini topshirdi. Unda SIUT bilan hamkorlikning puxta va uzoq muddatli istiqbollari haqida iliq fikrlar bildirildi.




Uchrashuv yakunida tomonlar ikki formatda strategik hamkorlik memorandumlarini imzoladi:
- Uch tomonlama memorandum: “SIUT – Incheon Technopark – Chungwoon University”;
- Ikki tomonlama memorandum: “SIUT – Chungwoon University”.
Mazkur hujjatlar kelgusida qo‘shma ilmiy markazlar tashkil etish, Koreya texnoparklari bilan birgalikda startaplar yo‘lga qo‘yish hamda AI va robototexnika sohalarida integratsiyalashgan tadqiqotlar olib borish uchun mustahkam asos yaratadi.


SIUTda o‘tgan uchrashuv O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida texnologiya va ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Tomonlar yaqin yillarda qo‘shma loyihalar ko‘payib, ilmiy aloqalar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.