Tasavvurdan loyihagacha: Dizayn fakulteti talabalari yillik amaliy ko‘rgazmada o‘z mahoratini namoyish etdi
Samarqand xalqaro texnologiya universitetining KITC “Dizayn” kafedrasi har yili o‘tkaziladigan ijodiy-amaliy ko‘rgazmasi orqali talabalarning kreativ fikrlashi va zamonaviy dizayn bo‘yicha yillik natijalarini jamoatchilikka taqdim etadi. Bu yilgi ko‘rgazma 2025-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tdi va unda talabalar bir oylik amaliy izlanishlari natijasida yaratgan professional loyihalarini namoyish etdi.

Ikkinchi bosqich talabalari ushbu yil stajirovka doirasida fazoviy dizayn bo‘yicha loyihalar ishlab chiqdi. Ular qayta ishlangan materiallar asosida interyer va eksteryer uchun ekologik yondashuvga ega konseptlar yaratdilar.



Ko‘rgazmada taqdim etilgan loyihalar orasida:
- yorqin obrazga ega “Donut Shop” interyeri;
- zamonaviy talablarga mos kutubxona fazosi;
- talabaning o‘z estetik qarashlari asosida yaratilgan “Orzuyimdagi uy” konsepti;
- mavsumiy atmosferani aks ettiruvchi “Christmas pop-up store” dizayni kabi ishlanmalar tashrif buyurganlarga katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu loyihalarda funksionallik, ekologik yondashuv va fazoviy tafakkur uyg‘unligi aniq sezildi desak yanglishmaymiz. Uchinchi bosqich talabalari esa o‘z loyihalarini brending, illyustratsiya hamda fazoviy dizayn kabi murakkab yo‘nalishlarda amalga oshirdilar. Ular yaratgan loyihalarda eng muhim dizayn tamoyillari — brend xarakterini topish, vizual hikoya yaratish va grafik elementlarni bir butun konsepsiya sifatida uyg‘unlashtirish — yaqqol ko‘zga tashlandi. Har bir ishda fikrning aniqligi, uslubning tozaligi va ijodiy qarashning qat’iyligi sezilib turdi.


“Dizayn — bu badiiy tasavvur, funksional fikrlash va mas’uliyatning uyg‘unlashgan shakli. Biz talabalarga aynan mana shunday yondashuvni singdirishga harakat qilamiz,” — deydi “Dizayn” kafedrasi professori Younghun Jung.
Bu loyihalar talabalarga nafaqat texnik tajriba, balki real bozor sharoitida ishlashga xos bo‘lgan mas’uliyat, mustaqil qaror qabul qilish va professional fikrlash malakasini ham berdi.
Stajirovka davomida talabalar bugungi dizayn industriyasida qo‘llanadigan ilg‘or grafik va fazoviy dasturlarda mustaqil ishlashni chuqur o‘zlashtirdi. Ular yaratgan har bir loyiha texnik jihatdan puxta, mazmunan asosli va estetika hamda funksionallikni uyg‘unlashtirgan holda taqdim etildi.
Ustozlar jarayonning har bir bosqichida yo‘l ko‘rsatib, talabalarning mustaqil fikrlashini, ijodiy yechim topishga intilishini va ishga professional yondashuvini qo‘llab-quvvatlab bordi. Natijada talabalar nafaqat amaliy ko‘nikmalarni, balki dizaynerga xos mas’uliyat, did va tafakkurni ham yanada mustahkamlashmoqda.
Samarqand xalqaro texnologiya universitetining Design kafedrasi yosh dizaynerlarni uch asosiy yo‘nalishda tayyorlab kelmoqda:
- Visual Communication Design – g‘oya va mazmunni vizual ifoda orqali yetkazish;
- Industrial Design – mahsulot va buyumlarning ergonomik, estetik va funksional yechimlarini yaratish;
- Space & Environment Design – fazoviy fikrlash, interyer va muhit dizayni bilan ishlash.
Ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich qurilgan: 1-kurs – dizaynning umumiy tamoyillari va nazariy asoslar; 2-kurs – asosiy amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish; 3–4-kurslar – tanlangan yo‘nalishda chuqur o‘qish, mustaqil loyihalar va professional portfolio yaratish.

Har yili o‘tkaziladigan dizayn ko‘rgazmasi talabalar uchun o‘z ijodiy izlanishlari va texnik o‘sishini namoyish etishning eng muhim maydonidir. Ko‘rgazmada har bir ishning ortida katta mehnat, izlanish va shaxsiy qarash borligi seziladi. Aynan shuning uchun ham bu tadbir sizni, bizni — va har qanday tomoshabinni — befarq qoldirmadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.