SIUT kutubxonasi — EBSCO ilmiy resurslaridan foydalanish bo‘yicha O‘zbekistonning eng ilg‘or kutubxonalari qatorida
Ilmiy axborot maydoniga chuqur integratsiya, yetakchi ilmiy manbalarga erkin kirish va zamonaviy ta’lim talablariga mos ilmiy muhit yaratish — Samarqand xalqaro texnologiya universiteti strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu yo‘nalishdagi izchil ishlar samarasida SIUT kutubxonasi respublika miqyosida yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.

2025-yilning 27–28-noyabr kunlari Toshkent shahridagi Sarbon universitetida oliy ta’lim sohasining Erasmus+ Oliy ta’limni isloh qilish Milliy ekspertlari jamoasining (HEREs) “O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim taraqqiyoti istiqbollari” yillik xalqaro konferensiyasi hamda oliy ta’lim sohasida tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan “Ilmiy axborotdan foydalanish va nashr faolligi” mavzusida yillik ilmiy-ta’lim forumi kabi ikki yirik xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlar O‘zbekistonda oliy ta’lim taraqqiyoti, ta’lim jarayonini raqamlashtirish hamda ilmiy nashrlar faolligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.


Forum kun tartibiga:
-
- raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish;
- Bolonya jarayoniga moslashuv;
- zamonaviy universitet kutubxonalarining ilmiy ma’lumotlar ekotizimidagi roli;
- ilmiy metrikalar, reytinglar va xalqaro tan olinish kabi dolzarb masalalar kiritildi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan OTM rektorlari, soha ekspertlari, kutubxona direktorlari ishtirok etgan ushbu muloqot SIUT kutubxona delegatsiyasi uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ular ushbu muhokamalarda faol ishtirok etib, tajriba almashdi va axborot resurslarini boshqarish bo‘yicha ilg‘or jahon amaliyotlarini o‘rgandi.
Forum yakuniy kunida “Zamonaviy kutubxonada EBSCO elektron resurslaridan samarali foydalanish” respublika tanlovining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.
Tanlovda mamlakatdagi 125 ta oliy ta’lim muassasasi axborot-resurs markazlari ishtirok etdi. G‘oliblar EBSCO — dunyodagi eng yirik ilmiy ma’lumotlar bazalaridan biri — platformasidan foydalanish statistikasiga (2025-yil aprel–iyul oylaridagi ko‘rsatkichlar asosida) qarab aniqlangan.

Natijalariga ko‘ra, SIUT kutubxonasi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida eng faol foydalanayotgan TOP-10 kutubxona ro‘yxatiga kirdi. Bu natija SIUT talabalari va professor-o‘qituvchilari EBSCO bazasidan nafaqat erkin foydalanishi, balki uni kurs ishlari, ilmiy tadqiqotlar va loyihalarda faol qo‘llayotganini ko‘rsatadi.
“Bugungi kunda universitet kutubxonasi — bu nafaqat kitoblar jamlanmasi, balki ilmiy ma’lumotlarni izlash, qayta ishlash va talabalarga yetkazib berishni ta’minlaydigan zamonaviy axborot markazidir. SIUT kutubxonasining EBSCO resurslaridan foydalanish bo‘yicha yetakchilar safidan o‘rin olishi — oliygohimizda izlanishga, ilmiy o‘sishga va doimiy rivojlanishga yo‘naltirilgan mustahkam akademik muhit shakllanganidan dalolat beradi,” — Ravshan Amirov, SIUT kutubxonasi direktori.
Bu natijalar SIUT kutubxonasining ilmiy axborot bilan ishlashda zamonaviy yondashuvga ega ekanini, resurslardan foydalanish madaniyati muntazam ravishda rivojlanib borayotganini va universitetda ilmiy izlanishlar uchun mustahkam axborot infratuzilmasi shakllanganini yana bir bor tasdiqlaydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.