Skip to main content

SIUT talabalari xalqaro ilmiy maydonda: Big Data bo‘yicha tadqiqot ICIMSTAT konferensiyasida taqdim etildi

Bugungi jadal rivojlanayotgan dunyoda yoshlarning ilm-fanga kirib kelishi, o‘z g‘oyasi bilan xalqaro auditoriya oldida dadil turishi — katta mas’uliyat va izchil mehnat talab etadi. Samarqand xalqaro texnologiya universitetida esa talaba tashabbusi, ilmiy izlanish va professorlar ko‘magining uyg‘unlashuvi yoshlarning mustaqil o‘sishi, ilmiy ishlarini amaliy maydonda sinab ko‘rishi uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Shu jarayonning yana bir amaliy natijasi — SIUT professorlari va talabalari tomonidan tayyorlangan “Katta ma’lumotlar: tasviriy tahlil va mijozlarni guruhlarga ajratishda nazoratsiz klasterlash” nomli ilmiy tadqiqotning ICIMSTAT xalqaro konferensiyasida muvaffaqiyatli taqdim etilgani bo‘ldi. Bu yutuq nafaqat ilmiy ishning e’tirof etilgani, balki SIUT talabalari global ilmiy sahnada o‘z fikrini ishonch bilan bayon qila olayotganining yaqqol dalilidir.

conf online 3

conf online 2

Tadqiqot SIUTning professor-o‘qituvchilari Dr. Avinash Bondu va Dr. Eric Embang rahbarligida amalga oshirildi. Ilmiy ishning tayyorlanish jarayonida ular bilan birga universitet talabalari — Musayev Oybek, Farzona Aripova, Faridun Shavkatov va Ruxshona Axrorova — hammuallif sifatida ishtirok etib, tadqiqotning turli bosqichlariga o‘z ilmiy hissalarini qo‘shdilar.

Ayniqsa muhim jihatlardan biri shundaki, ilmiy tadqiqotni xalqaro konferensiyada bevosita talabalar o‘zlari taqdim etdilar. Bu ularning ilmiy jarayonni chuqur anglaganini, natijalarni mustaqil ravishda himoya qila olishini ko‘rsatib turadi.

Bugungi raqamli bozor sharoitida esa kompaniyalar uchun mijozlarni to‘g‘ri tahlil qilish, ularning xulq-atvorini oldindan baholay olish katta ahamiyatga ega. Tadqiqotda qo‘llanilgan katta ma’lumotlar tahlili va nazoratsiz klasterlash usullari aynan shu ehtiyojlarga javob beruvchi zamonaviy yondashuvlar sifatida o‘rganildi.

Tadqiqotning markazida aynan shu masala — katta ma’lumotlar asosida mijozlarni tahlil qilish va ularni aniq segmentlarga ajratish turadi. Ish jarayonida:

    • katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) ustida tasviriy statistik tahlillar amalga oshirildi;
    • nazoratsiz o‘qitish (Unsupervised Learning) usullari — K-means va Gaussian Mixture Models (GMM) — qo‘llanildi;
    • mijozlarni guruhlarga ajratish samaradorligini oshirish uchun turli klasterlash yondashuvlari solishtirildi.

Olingan natijalar marketing, elektron tijorat, mijozlar xulq-atvori tahlili hamda moliyaviy xizmatlar yo‘nalishida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan amaliy yondashuvlarni taklif etishi bilan ahamiyatlidir.

conf online 1

conf online 5

Tadqiqot ICIMSTAT konferensiyasining rasmiy Proceedings Book to‘plamida chop etildi. Bu ilmiy ishning xalqaro platformalarda qayd etilgani va tadqiqotchilar uchun ochiq manba sifatida taqdim etilganini anglatadi.

Mazkur loyiha talabalar mehnati, ilmiy izlanishlar jarayonidagi izchil harakatlar va ular uchun yaratilgan imkoniyatlar samarasi sifatida shakllandi.