SIUT “Arcanoids” jamoasi Space Game Jam respublika musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi
“School of Computing” talabalari jamoasi — “Arcanoids” — O‘zbekiston bo‘ylab o‘yin ishlab chiquvchilar ishtirok etgan Space Game Jam tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning final bosqichi Samarqanddagi “School 21” dasturlash maktabi kampusida bo‘lib o‘tdi. Tanlov UzCosmos, O‘zbekistonning eng yirik o‘yin studiyalaridan biri — East Games, “School 21” va Yandex Uzbekistan kabi tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi. Hakaton formatidagi ushbu tanlovda ishtirokchilarga atigi 48 soat ichida o‘yinni noldan yaratish, dizayn qilish va ishlaydigan prototip holatiga keltirish vazifasi yuklatildi. Bu jarayon ishtirokchilarning nafaqat texnik bilimini, balki jamoaviy ishlash ko‘nikmasini ham sinovdan o‘tkazdi.


SIUT nomidan ishtirok etgan “Arcanoids” jamoasi tarkibi: Samirjon Tursunov, Diyorbek Zokirov, Mironshoh Ahmadov va Nigina Bagirova.
Talabalar o‘z loyihasi — “Void Breakers” o‘yinini taqdim etdilar. Ushbu loyiha klassik breakout mexanikasini kosmik muhitda qayta talqin qilgan bo‘lib, o‘yin jarayoni, texnik yechimlari va dizayn uyg‘unligi bo‘yicha hakamlar tomonidan yuqori baholandi. Natijada jamoa musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Jamoa sardori Samirjon Tursunov musobaqa haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishdi:
“Bu hakaton biz uchun katta tajriba bo‘ldi. Berilgan qisqa vaqt ichida jamoaviy ishlash, g‘oyani amaliy mahsulotga aylantirish va o‘z kuchimizni sinash imkoniga ega bo‘ldik. Bu bizni yangi loyihalar yaratishga yanada rag‘batlantirdi.”



Space Game Jam – 2025 TOP-3 jamoalari:
- Cyber Ladies — “Stars of Ulugbek” game;
- Arcanoids (SIUT) — “Void Breakers” game;
- Cycle — “Space Researcher” game.
Universitet jamoasi nomidan talabalarmizni ushbu muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaymiz va ularning raqamli ijod yo‘lida yanada yuksak marralarni egallashiga ishonamiz.