Skip to main content

Talabalarni real sektor bilan bog‘lovchi amaliyot tizimi — kasbiy o‘sishning yangi bosqichi

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida kuzgi semestr an’anaviy tarzda keng ko‘lamli amaliyot dasturlari bilan yakunlandi. Dual ta’lim tamoyillariga asoslangan mazkur tizim talabalarning nazariy bilimlarini real ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirishga, ularni bozor talablariga mos yuqori malakali kadr sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda. Noyabr oyida barcha yo‘nalish va bosqich talabalari respublikaning yirik sanoat korxonalarida malaka oshirish, real professional muhitga sho‘ng‘ish, amaliy tajriba orttirish hamda amaliyotchi muhandislar va xorijiy ekspertlar rahbarligida maxsus treninglarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

— “Bunday yondashuv talabalarga nazariy bilimlarni chuqur egallash bilan birga, ularni real ishlab chiqarish sharoitlarida amalda qo‘llashga, kasbiy tafakkurni shakllantirishga va kelajak faoliyati yo‘lida dadil qadam tashlashga mustahkam zamin yaratadi,” — dedi SIUT Dual ta’lim markazi direktori, prof. Nozir Ibragimov.

companies

Kuzgi mavsum amaliyot dasturi odatdagidek respublika miqyosida keng qamrovda tashkil etildi. Amaliyot bazalari mamlakatning uch yirik sanoat hududini qamrab olib, o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar va stajirovkalar Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 15 dan ortiq yetakchi sanoat korxonalarida o‘tkazildi. Mazkur hududiy ko‘lam talabalarga turli sanoat va geologik sharoitlarda ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatish, haqiqiy ishlab chiqarish muhiti bilan yaqindan tanishish hamda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi korxonalarda zarur amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini berdi.

ERIELL Prof Education: kelajak neft-gaz muhandislarini tayyorlashda ilg‘or amaliy platforma

Samarqand xalqaro texnologiya universitetining “Neft va gaz muhandisligi” yo‘nalishi talabalari Qashqadaryo viloyatidagi ERIELL Prof Education maxsus tayyorlov markazida besh kunlik intensiv o‘quv-amaliy kursni muvaffaqiyatli tamomladilar. Ushbu dastur zamonaviy ishlab chiqarish standartlariga mos, chuqurlashtirilgan amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi.

eriellprof 1

Kurs davomida talabalar kon mahsulotlarini qazib olish operatorining asosiy vazifa va funksiyalarini, tarmoqqa oid texnologik jarayonlarning bosqichma-bosqich ketma-ketligini, sanoat xavfsizligi bo‘yicha me’yoriy talablarni o‘rgandilar. Shuningdek, uskunalarni ishga tushirish, to‘xtatish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy algoritmlar, ishlab chiqarish sharoitida jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Dastur markazining asosiy afzalliklaridan biri — o‘quv-ishlab chiqarish poligonida haqiqiy ishlab chiqarish sharoitlariga maksimal darajada yaqinlashtirilgan mashg‘ulotlarning tashkil etilganidir. Talabalar professional instruktorlar nazorati ostida o‘lchov olish, uskunalarni ishga tushirish va sozlash bo‘yicha amaliy topshiriqlarni bajarish, turli texnik vositalar bilan ishlash kabi jarayonlarni bevosita amalda sinab ko‘rdilar.

O‘quv jarayoni yakunida talabalarning bilim va ko‘nikmalari malaka imtihoni orqali baholanib, ularga “Neft va gaz qazib olish operatori” sertifikatlari topshirildi. Ushbu malaka hujjati bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi hamda ularga kelgusida ishga joylashish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Bundan tashqari, “Neft va gaz muhandisligi” hamda “Konchilik ishi” yo‘nalishlari talabalari respublikaning yirik sanoat gigantlari — Uzbekistan GTL zavodi va polimer sanoatining asosiy ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Shurtan gaz-kimyo majmuasida amaliyot o‘tadilar. Ushbu korxonalardagi amaliy mashg‘ulotlar davomida talabalar zamonaviy texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishning asosiy bosqichlari bilan yaqindan tanishdilar. Amaliyot davomida ular quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur amaliy bilimga ega bo‘ldilar:

    • xom ashyoni tayyorlash va qayta ishlash texnologiyalari;
    • separatorlar, reaktorlar va issiqlik almashinish tizimlarining ishlash prinsiplari;
    • bosim va haroratni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimlari;
    • polietilen ishlab chiqarish jarayoni hamda laboratoriya sifat nazorati.

Laboratoriya mashg‘ulotlari jarayonida talabalar maxsus test uskunalaridan foydalanishni, materiallarning mustahkamlik, barqarorlik va erish harorati kabi asosiy parametrlarini aniqlash metodlarini amalda o‘rgandilar.

Sanoat amaliyotidan olingan holatlar asosida o‘tkazilgan muhokamalar — jarayonlarni optimallashtirish, xavfsizlikni kuchaytirish va energiya samaradorligini oshirishga doir masalalar talabalarga zamonaviy muhandislikning eng dolzarb texnologik chaqiriqlarini teran anglash imkonini berdi.

Energetika va sanoat korxonalarida amaliy o‘quv jarayonlari

Bir oylik amaliy-intensiv dastur doirasida “Issiqlik energetikasi” (CIEP), “Qayta tiklanadigan energiya” (KITC), “Tadbirkorlik va menejment”, “Xalqaro logistika”, “Kimyo muhandisligi” hamda “Raqamli iqtisodiyot” (KITC) yo‘nalishlari talabalari respublikaning yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurdilar. Dastur quyidagi muhim sanoat obyektlarini qamrab oldi:

    • Datang Buka Solar Plant — Xitoyning energetika bo‘yicha yetakchi CHINA DATANG Corporation (dunyoning TOP–5 energetika kompaniyalari qatorida) bilan hamkorlikda Toshkentda ishga tushirilgan yirik quyosh elektr stansiyasi;
    • “Cho‘ponota” quyosh elektr stansiyasi;
    • Samarqand GES “Xishrav”;
    • plastik quvurlar va polimer qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Fox Pipes Innovation;
    • Samarqand metallurgiya zavodi;
    • pol qoplamalari ishlab chiqaruvchi SAG Gilamlari korxonasi;
    • plastik mahsulotlar va maishiy texnika ishlab chiqaruvchi ko‘p tarmoqli korxona TES Closures;
    • o‘quv va tibbiyot muassasalari uchun maxsus mebel, ofis va maishiy mebel, sport anjomlari, shisha tolali va metall konstruksiyalar, kimyo va fizika laboratoriyalari jihozlari, bolalar o‘yingohlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Stekloplastik” MChJ;
    • Samarqand (SamAuto) avtomobil zavodi;
    • va boshqa qator sanoat korxonalari.

datang 3

datang 2

datang 1

chuponota

hishrav 1

hishrav 2

MG 1

saneg 3

saneg 2

SMZ 3

SMZ 1

STEKLOPLASTIK 1

Tashriflar davomida talabalar sanoat obyektlarining murakkab texnologik liniyalari, zamonaviy uskunalarning ishlash prinsiplari va korxonalar boshqaruv tizimlari bilan yaqindan tanishdilar. Ular energiya ishlab chiqarishdan tortib, logistika zanjirlari, kimyoviy texnologik jarayonlar va raqamli boshqaruv modellarigacha bo‘lgan ko‘plab jarayonlarni amalda ko‘rib, zamonaviy sanoat muhandisligining integratsiyalashgan tizimlari haqida puxta amaliy tasavvur hosil qildilar.

Birinchi bosqich talabalari uchun professional tayyorgarlik va intensiv treninglar

Tashqi amaliyotlar bilan bir qatorda, birinchi bosqich talabalari uchun yo‘nalishlariga oid asosiy fanlar bo‘yicha maxsus treninglar ham tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotlar sanoatning turli sohalarida faoliyat yurituvchi mahalliy va xorijiy ekspertlar — amaliy muhandislar, ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari hamda xalqaro kompaniyalar mutaxassislari tomonidan olib borildi.

Micromine kompaniyasi bilan geotexnik intensiv

“Geomuhandislik” va “Konchilik ishi” yo‘nalishlari uchun Micromine kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan bir haftalik intensiv trening davomida talabalar zamonaviy kon-geologiya tizimida muhim o‘rin tutuvchi amaliy yo‘nalishlarni o‘rgandilar. Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oldi:

    • geologik dasturiy ta’minot bilan ishlash asoslari;
    • geologik strukturalarni modellashtirishning bosqichma-bosqich usullari (oddiydan murakkabgacha);
    • real geologik misollar asosida amaliy topshiriqlarni bajarish.

seminar 3

micromine

Intensiv yakunida talabalar o‘z mustaqil loyihalarini taqdim etib, Micromine Inc. xalqaro kompaniyasining maxsus sertifikatlariga ega bo‘ldilar.

SOF EXPO ko‘rgazmalarida biznes tajribasi

sofexpo

“Raqamli iqtisod” (KITC) va “Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishlari talabalari SOF EXPO Xalqaro ko‘rgazmalar markazida o‘tkazilgan biznes-ko‘rgazmalarda ishtirok etib, kompaniyalarning amaliy biznes-keýslari, raqamli yechimlari va zamonaviy e-commerce modellarini o‘rgandilar.
Talabalar muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilib, bozor tendensiyalari, biznesni rivojlantirish strategiyalari hamda zamonaviy mutaxassisga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha qimmatli tavsiyalar oldilar.

Nurlikum Mining bilan geotexnologiyalar bo‘yicha seminarlar

O‘zbekiston–Fransiya qo‘shma korxonasi Nurlikum Mining mutaxassislari (faoliyati “Navoiyuran” bazasida amalga oshiriladi) “Geomuhandislik” va “Konchilik ishi” yo‘nalishlari talabalari uchun tematik seminarlar o‘tkazdi. Seminarlar davomida:

    • zamonaviy geotexnologiyalar;
    • geologik razvedka usullari;
    • yotqiziqlarni o‘zlashtirishning texnologik xususiyatlari kabi muhim mavzular batafsil yoritildi.

seminar 5

SANEG ekspertlari bilan neft-gaz texnologiyalari bo‘yicha ma’ruzalar

“Neft va gaz muhandisligi” yo‘nalishi talabalari uchun SANEG kompaniyasi ekspertlari tomonidan sanoatning eng dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ma’ruzalar o‘tkazildi. Mashg‘ulotlarda quyidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi:

    • qazib olish samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalar;
    • sanoat xavfsizligini ta’minlash va energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha amaliy yechimlar;
    • neft-gaz sanoatini raqamlashtirish jarayonidagi global tendensiyalar;
    • texnologik chaqiriqlar va ularning innovatsion yechimlari.

seminar 1


seminar 2

seminar logicstics 1

seminar logicstics 2

Mavsumiy amaliyot yakunlari

Noyabr oyida amalga oshirilgan amaliy o‘quv dasturi SIUT talabalari birinchi o‘quv yilidayoq kasbiy hayotga kirib borayotganining ravshan tasdig‘iga aylandi. Bu jarayon ular uchun nafaqat darslikdagi bilimlarni mustahkamlash, balki haqiqiy ishlab chiqarish muhitini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, o‘z qo‘llari bilan sinab ko‘rish imkonini berdi. Amaliyot davomida talabalar:

    • real ishlab chiqarish jarayonlarining ichiga kirib bordilar;
    • dastlabki muhandislik va texnologik ko‘nikmalarni hosil qildilar;
    • kelajak kasblarining mazmun-mohiyatini yanada chuqur angladilar;
    • professional yo‘nalishda dastlabki qadamlarini qo‘yib, o‘z kelajak yo‘nalishlari bo‘yicha fikrlarini mustahkamlab oldilar.

SIUT Dual ta’lim markazi vakillari ta’kidlaganidek, universitet amaliy ta’limni rivojlantirish borasida izchil strategiyani davom ettiradi — hamkor korxonalar tarmog‘ini kengaytiradi, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan integratsiyani kuchaytiradi va talabalarning kasbiy o‘sishiga yanada keng imkoniyatlar yaratadi.

Bunday tizimli yondashuv SIUT bitiruvchilarining raqobatga bardoshli, malakasi yuqori va real sektor tomonidan talab qilinadigan mutaxassislar sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Ularning kasbiy yo‘lida bugungi amaliyot dasturlari — ertangi katta marralarga qo‘yilgan ishonchli poydevordir.