Skip to main content

SIUT talabalari xalqaro “Qishki universitet – 2025” g‘oliblari safida

2025-yilning 24-noyabridan 7-dekabrigacha akademik S.P. Korolyov nomidagi Samara milliy tadqiqot universitetida Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Muhandislik fanlari bo‘yicha Qishki universitet” xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda mazkur nufuzli loyiha nafaqat Samaradagi asosiy maydonda, balki Buyuk Pyotr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti hamda Yaroslav Mudriy nomidagi Novgorod davlat universiteti platformalarida ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ushbu forum muhandislik sohasida ta’lim olayotgan iqtidorli yoshlarning xalqaro tajriba almashuvi, ilg‘or bilim va innovatsion yondashuvlarni o‘zlashtirishiga xizmat qildi.

wu 2025 2

“Qishki universitet” muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 600 nafardan ortiq talabani bir maydonga jamladi. Forumda Armaniston, Belarus, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Serbiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Janubiy Afrika Respublikasi, shuningdek Rossiya Federatsiyasining turli hududlaridan kelgan yosh muhandislar ishtirok etdi.

wu 2025 11

O‘zbekiston yosh muhandislari delegatsiyasi tarkibida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining 14 nafar talabasi Samara shahrida bo‘lib o‘tgan “Qishki universitet” forumi doirasida faol ishtirok etdi. Delegatsiyaga SIUT “Kreativ muhandislik Markazi” direktori Ulug‘bek Amonov rahbarlik qildi.

“Muhandislik fanlari bo‘yicha Qishki universitet” an’anaviy ravishda nafaqat akademik ta’lim, balki amaliy muhandislik faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratadi. “Qishki universitet” reglamentiga muvofiq, barcha ishtirokchilar 22 ta jamoaga bo‘lingan holda faoliyat olib bordi. Forum doirasida ikkita ta’lim dasturi taklif etilgan bo‘lib, ularning har biri ma’ruza modullari, laboratoriya mashg‘ulotlari hamda real sanoat keyslar asosida olib borilgan amaliy ishlarni qamrab oldi.

wu 2025 5

wu 2025 12

wu 2025 14

Dasturlarning birinchisi — “Uchuvchisiz havo tizimlarini loyihalash va konstruksiyalash” — zamonaviy dron texnologiyalari sohasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Mazkur yo‘nalishda talabalar aerodinamika asoslari, uchuvchisiz uchish apparatlarini loyihalash va yig‘ish tamoyillari, konstruksion materiallar, shuningdek uchuvchisiz tizimlarning ishonchliligi va xavfsizligi bilan bog‘liq muhim masalalarni chuqur o‘rgandilar.

Ikkinchi ta’lim dasturi — “Aviatsiya va kosmik tizimlar muhandisligi” — aviatsiya hamda kosmik texnikani loyihalash, yaratish va amaliy foydalanish jarayonlariga oid muhim masalalarni qamrab oldi. Ushbu yo‘nalish doirasida loyihalash va modellashtirish, qo‘shimcha (additiv) texnologiyalar, dvigatelsozlik, kosmik navigatsiya tizimlari, shuningdek atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha o‘rganildi.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari boshqa davlatlardan kelgan tengdoshlari bilan birgalikda turli jamoalar tarkibida intensiv dastur davomida real sanoat muammolari ustida ishladilar. Ushbu tajriba muhandislik fanlarining asosiy yo‘nalishlarini qamrab olib, har bir ishtirokchiga bilim va tajriba almashish, turli madaniyat vakillari bilan samarali hamkorlik qilish, eng muhimi esa texnik masalalarga yangicha yondashuv bilan qarash imkonini berdi.

wu 2025 4

Mashg‘ulotlar haqiqiy muhandislik faoliyatiga yaqin sharoitlarda tashkil etildi: muammoni aniqlash va talablarni tahlil qilishdan boshlab, loyihani ishlab chiqish hamda tayyor yechimlarni taqdim etishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar izchil amalga oshirildi.

“Muhandislik fanlari bo‘yicha Qishki universitet” dasturining yakuniy bosqichi loyihalarni ekspertlar hay’ati oldida himoya qilish bilan nihoyasiga yetdi. Ayniqsa, “Uchuvchisiz aviatsiya tizimlari” yo‘nalishida talabalarimiz alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi: ular g‘oliblik shohsupasining barcha pog‘onalaridan joy olgan jamoalar tarkibida ishtirok etdi.

1place

 1-o‘rin — “Piropatron” jamoasi. G‘oliblar safida — Kamilla Abdullayeva, School of Computing fakulteti talabasi. Jamoa taqdim etgan loyihalar:
— “Arktika hududida muz qatlamini monitoring qilishga mo‘ljallangan uchuvchisiz tizim”;
— “Qurilish maydonini xaritalash (haftalik aerotasvirga olish va raqamli egizaklar yaratish)”.

2place

2-o‘rin — “International Community of Students” jamoasi. Jamoa tarkibida — Navruzhon Atavullayev va Bobur-Mirzo Temirov (ikkalasi ham “Qayta tiklanadigan energiya” yo‘nalishi talabalari, KITC). Loyiha: “Qo‘riqxonalarda noqonuniy ovchilikka qarshi kurash” — 200 km² maydonni qamrab olgan hududni patrullash orqali noqonuniy faoliyat alomatlarini aniqlash.

3place

3-o‘rin — “Random” jamoasi. Jamoa a’zolari: Ravshan Salomov, Umedjon Sattarov, Baxriddin Baxrilloyev, Baxtiyor Samatov va Hasan Zikiryoyev (barchasi School of Computing talabalari). Jamoa loyihalari:
— “Neft rezervuarini tekshirish: yopiq muhitlar uchun avtonom dron”;
— “Vulqonlarni tadqiq etish: ekstremal sharoitlar uchun uchuvchisiz tizimlar”.

wu 2025 10

Xalqaro miqyosdagi “Qishki universitet” muhandislik forumida qo‘lga kiritilgan yutuqlar tasodifiy emas. Bu muvaffaqiyatlar Samarqand xalqaro texnologiya universitetida so‘nggi yillarda izchil amalga oshirib kelinayotgan, zamonaviy muhandislik ta’lim muhitini shakllantirishga qaratilgan tizimli siyosatning amaliy natijasidir. Mazkur jarayonda universitetning muhim strategik bo‘g‘ini sifatida 2024-yilda faoliyat boshlagan Kreativ muhandislik markazi alohida o‘rin tutadi.

Ushbu markaz yangi tafakkurga ega muhandislarni — fanlararo bilimlarga tayangan, texnologik jihatdan moslashuvchan va real ishlab chiqarish ehtiyojlariga yo‘naltirilgan mutaxassislarni tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bugun markaz negizida talabalar muhandislik prototiplari yaratish, startap tashabbuslarini ishlab chiqish, amaliy va ilmiy izlanishlar olib borish, shuningdek muhandislik, raqamli texnologiyalar hamda innovatsion fikrlashni uyg‘unlashtirgan xalqaro loyihalarda faol ishtirok etmoqda.

Kreativ muhandislik markazining tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasida muhandislik ta’limini tubdan yangilashga qaratilgan davlat siyosati bilan hamohangdir. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 20-iyun kuni muhandislik kadrlarini tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida alohida to‘xtalib,qator yangi tashabbuslarni ilgari surib, zamonaviy muhandis — bu faqat bilim egasi emas, balki yechim topa oladigan, tashabbuskor va innovatsion fikrlovchi mutaxassis bo‘lishi lozim, deya ta’kidlagan edi.

“Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur”. 

wu 2025 13

wu 2025 1

Ta’lim va loyihaviy faoliyat bilan bir qatorda, “Qishki universitet” dasturi doirasida Samarqandning birodar shahri — Samara bo‘ylab tanishtiruv sayohatlari, mahorat darslari, muhandislik bahslari hamda madaniy tadbirlar tashkil etildi. Forum ishtirokchilarining ta’kidlashicha, mazkur loyiha tajriba almashish, kasbiy aloqalarni mustahkamlash va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish uchun samarali maydonga aylandi.

wu 2025 9

kamilla

Forum ishtirokchisi, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti “School of Computing” fakultetining 3-bosqich talabasi Kamilla Abdullayeva o‘z taassurotlari bilan shunday o‘rtoqlashdi:

“Tashkilotchilar hamda meni qo‘llab-quvvatlagan, yonimda bo‘lgan barcha insonlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu tajriba men uchun juda muhim va qadrli bo‘ldi. Ayniqsa, bu yerda shunchaki yangi tanishlar emas, balki haqiqiy do‘stlarga aylangan insonlar bilan uchrashganimdan juda xursandman. ‘Piroplomba’ jamoamiz a’zolari — Belarusdan kelgan Vladislav, Makar va Vsevolodga alohida rahmat aytmoqchiman. Birgalikdagi mehnat, qo‘llab-quvvatlash va do‘stona muhit tufayli biz chinakam jamoaga aylandik. Bu ikki hafta xotiramda uzoq saqlanib qoladi.”

Ta’kidlash joizki, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti mazkur loyihada ikkinchi yil ketma-ket ishtirok etmoqda. O‘tgan yili universitet talabalari Pskov davlat universiteti negizida tashkil etilgan “Qishki maktab – 2024” dasturida muvaffaqiyatli qatnashgan edi.