Skip to main content

SIUTda muhandislik ta’lim yo‘nalishlari faoliyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli ko‘rgazma tashkil etildi

Joriy yilning 11-dekabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida “School of Engineering” faoliyatiga bag‘ishlangan ta’limiy-amaliy ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Tadbir talabalarning nazariy bilimlarini real muhandislik amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish, ularning ijodiy va tahliliy salohiyatini namoyon etish uchun muhim platformaga aylandi.

soe expo 6

Ko‘rgazma doirasida muhandislik sohasining olti asosiy yo‘nalishi bo‘yicha talabalar tomonidan tayyorlangan loyihalar, tajribalar va amaliy ishlanmalar namoyish etildi.

Strukturaviy muhandislik va statika

Ushbu yo‘nalishda talabalar yog‘och bruslardan ko‘prik modellarini yasab, ularni turli og‘irliklar yordamida sinovdan o‘tkazdilar. Alohida holda mo‘rt bo‘lgan materiallar to‘g‘ri konstruktiv yechim va aniq muhandislik hisoblari orqali yuqori mustahkamlikka ega bo‘lishi amalda isbotlandi. Ayrim modellar 10 kilogrammgacha yukni ko‘targan bo‘lsa, eng muvaffaqiyatli loyiha 65 kilogramm og‘irlikka bardosh berdi — talabaning o‘zi ko‘prik ustiga chiqib, uni sinovdan o‘tkazdi. Bu natija puxta hisob-kitob va to‘g‘ri konstruktsiyaning muhimligini yaqqol ko‘rsatdi.

soe expo 7

Geomuhandislik va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari

Mazkur yo‘nalishda talabalar sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida geologik tahlillar olib borib, Farg‘ona vodiysida ehtimoliy geotermal manbalarni aniqlash, shuningdek temir va oltin rudalari mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarni belgilash ustida ishladilar. Shu bilan birga, tog‘ yonbag‘irlarining qiyaligi, tuproq qoplami va o‘simlik qatlamining mavjudligi asosida yer ko‘chishi xavfi baholandi.

soe expo 3

Kimyo muhandisligi

Kimyoviy muhandislik yo‘nalishida talabalar tomonidan rang o‘zgarishi bilan kechadigan kimyoviy reaksiyalar, shuningdek elektrodlar yordamida reaksiyalarni faollashtirish jarayonlari namoyish etildi. Jarayon davomida texnika xavfsizligi qoidalari, himoya vositalaridan foydalanish va ehtiyot choralariga alohida urg‘u berildi.

soe expo 5

Mineralogiya va geologik namunalar

Ko‘rgazmada talabalar tomonidan turli dala-amaliyot safarlari davomida to‘plangan metamorfik va cho‘kindi jinslar, mineral namunalari hamda Moss qattiqlik shkalasi keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Ushbu bo‘lim geologiya fanining amaliy jihatlarini yorqin aks ettirdi.

soe expo 4

Muhandislik dizayni va ijtimoiy tashabbuslar

Muhandislik dizayni yo‘nalishida talabalar O‘zbekiston sharoitida hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan innovatsion g‘oyalarini taqdim etdilar. Jumladan, quyosh panellari asosida ishlovchi “aqlli bekat”, chiqindilarni turiga qarab alohida yig‘ish tizimi (plastik, qog‘oz, batareyalar va kimyoviy chiqindilar) kabi loyihalar katta qiziqish uyg‘otdi.

Foydali qazilmalarni qazib olish va raqamli loyihalash

Foydali qazilmalarni qazib olish yo‘nalishida talabalar qum, shag‘al va boshqa resurslarni qazib olish bo‘yicha loyihalar tayyorladilar. Dastlab ular qo‘lda chizilgan, keyinchalik esa AutoCAD dasturi yordamida raqamli formatga o‘tkazildi. Bu talabalarining zamonaviy muhandislik dasturlari bilan ishlash ko‘nikmalarini namoyon etdi.

soe expo 2

Ko‘rgazma haqida fikr bildirar ekan, “School of Engineering” dekani – prof. Mohammad Reza Bahrami quyidagilarni ta’kidladi:

“Muhandislik — bu formulalar va chizmalar bilan cheklanib qoladigan soha emas. U mas’uliyat, aniqlik va real hayot bilan yuzma-yuz kelishni talab qiladi. Bugungi ko‘rgazmada talabalar aynan shu jihatni ko‘rsatib berdi: ular g‘oyani fikr sifatida emas, balki ishlaydigan yechim sifatida taqdim eta oldi. Bu esa biz uchun eng muhim natija. Biz talabalarni xatodan qo‘rqmaydigan, tajriba qilishga jur’at topadigan va natijasi uchun javobgarlikni his qiladigan muhandislar sifatida tarbiyalashni maqsad qilganmiz. Ko‘rgazmada ko‘rgan ishlarimiz ana shu yondashuvning amaliy samarasidir”.

soe expo 8

Mazkur ko‘rgazma Samarqand xalqaro texnologiya universitetida muhandislik ta’limi amaliyot, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilayotganini yana bir bor tasdiqladi. Talabalar tomonidan namoyish etilgan ishlar ularning mustaqil fikrlash, tahlil qilish va real muammolarga muhandislik yechimlari topa olish salohiyatini yorqin ifodaladi.