“Santa Cup 2025”: SIUT IRBIS chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi
Samarqand shahrida 3×3 formatidagi basketbol bo‘yicha an’anaviy “Santa Cup 2025” turniri yakunlandi. Turnir viloyat basketbol federatsiyasi tashabbusi bilan Samarqand davlat pedagogika instituti sport maydonlarida tashkil etildi.
Joriy yilda “18+” toifasida sakkizta jamoa musobaqaning bosh sovrini uchun bahs olib bordi. E’tiborga molik jihati shundaki, “SIUT IRBIS” jamoasi turnirda amaldagi chempion maqomida ishtirok etdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra “SIUT IRBIS” B guruhidan joy oldi. Guruh bosqichida jamoa yuqori sport tayyorgarligini namoyish etib, “Sogdiana” ustidan 21:8, “Marakand” ustidan esa 20:18 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natijalar “irbislar”ga guruhda birinchi o‘rinni egallash va turnir finaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish imkonini berdi.


Hal qiluvchi bahsda B guruhi yetakchisi “SIUT IRBIS” va A guruhi g‘olibi — “BC Olymp” jamoalari to‘qnash keldi. Final uchrashuvi teng va murosasiz kechdi. Oltin medallar taqdiri so‘nggi daqiqalarda hal bo‘lib, 21:19 hisobida “SIUT IRBIS” jamoasi g‘alaba qozondi va chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda “Marakand” va “Rustam Team” jamoalari maydonga tushdi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra bronza medallari “Marakand” jamoasiga nasib etdi.

“Santa Cup 2025”dagi g‘alaba “SIUT IRBIS” jamoasining turnirdagi eng kuchli jamoa maqomini yana bir bor tasdiqladi. Ma’lumki, chempionlikni saqlab qolish uni ilk bor qo‘lga kiritishdan ko‘ra murakkabroq, biroq “irbislar” bu vazifani munosib tarzda uddaladi.
Jamoani qo‘lga kiritilgan oltin medallar bilan tabriklaymiz. Sizning matonatingiz va mahoratingiz bilan faxrlanamiz. Kelgusi yilda ham yangi maqsadlar sari dadil odimlab, 2026 yilda navbatdagi zafarlarni qo‘lga kiritishingizni tilaymiz.