Skip to main content

Jahon matbuoti yagona platformada: SIUT kutubxonasida PressReader bazasidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti kutubxonasi raqamli axborot resurslarini bosqichma-bosqich kengaytirib bormoqda. 2026-yildan boshlab universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari PressReader — dunyodagi yirik raqamli davriy nashrlar platformalaridan biridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

PressReader platformasi 120 dan ortiq mamlakatda chop etiladigan 7000 dan ziyod gazeta, jurnal va professional nashrlarni 60 dan ortiq tillarda taqdim etadi. Platformaning muhim jihati shundaki, barcha materiallar asl bosma nashr formatida, to‘liq rangli holatda va sahifalash dizayni saqlangan holda joylashtirilgan. Bu foydalanuvchilarga axborotni aynan chop etilgan nashr ko‘rinishida o‘qish imkonini beradi.

Platformada turli yo‘nalishlarni qamrab olgan nufuzli nashrlar mavjud:

    • Biznes va tahlil: The Economist, Forbes, Bloomberg Businessweek, China Daily;
    • Xalqaro yangiliklar: The Guardian, The Washington Post, The New York Times, USA Today;
    • Ilm-fan va madaniyat: Newsweek, Vogue, Rolling Stone va boshqa ko‘plab nashrlar.

PressReader’dan foydalanish jarayoni soddalashtirilgan tartibda tashkil etilgan. Platformaga kirish uchun login yoki parol talab etilmaydi. Agar foydalanuvchi pressreader.com sayti yoki mobil ilovaga SIUT ichki tarmog‘i (universitet Wi-Fi yoki simli interneti) orqali murojaat qilsa, tizim universitet IP-manzilini avtomatik aniqlaydi va platformaning to‘liq funksional imkoniyatlarini ochadi.

screen

SIUT kutubxonasi rasmiy axborotida qayd etilishicha, PressReader xalqaro va milliy davriy nashrlardan foydalanish imkonini beruvchi muhim axborot manbai bo‘lib, u ta’lim va ilmiy faoliyatda keng qo‘llanishi mumkin.

Mazkur platformadan foydalanish o‘quv jarayonida, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishda, ma’ruza va maqolalar tayyorlashda, professor-o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatida amaliy ahamiyatga ega.

SIUT talabalari va professor-o‘qituvchilarini PressReader platformasidan ta’lim va ilmiy ishlar jarayonida samarali foydalanishga taklif etamiz. Ushbu platforma nafaqat bilim manbai, balki global tafakkur va zamonaviy akademik madaniyatga eltuvchi ishonchli ko‘prikdir.