Skip to main content

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri SIUT jamoasini Yangi yil bilan tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev va universitet jamoasiga Yangi 2026-yil munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Vazir o‘z tabrigida universitetning mamlakat ta’lim sohasini rivojlantirishdagi hissasini alohida e’tirof etdi. Quyida tabrik matni to‘lig‘icha keltiriladi:

“Hurmatli Yusuf Negmatovich!

Sizni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi jamoasi nomidan kirib kelayotgan Yangi 2026-yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

O‘tib borayotgan 2025-yil mamlakatimizda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasini rivojlantirish, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni yuksaltirish yo‘lida samarali natijalar bilan yodda qoldi. Ushbu yutuqlarga erishishda Siz rahbarlik qilayotgan oliy ta’lim muassasasining o‘rni alohida e’tirofga loyiqdir.

Jumladan, 2025-yilda ta’lim jarayonini raqamlashtirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar oliy ta’lim tizimida sifat o‘zgarishlariga xizmat qildi.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va yosh kadrlar salohiyatini oshirish, talabalarning ilmiy va ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash borasida olib borgan tizimli ishlaringiz tahsinga sazovordir.

Hurmatli Prezidentimiz tomonidan 2026-yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi barchamizga ulkan mas’uliyat va yangi imkoniyatlar bag‘ishlaydi.

Sizning rahbarlik faoliyatingiz, tashabbuskorlik va fidokorona mehnatingiz natijasida jamoangizda sog‘lom ilmiy-ma’rifiy muhit shakllanib, belgilangan ustuvor vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Ishonchim komilki, Yangi yilda ham ushbu sa’y-harakatlaringiz yangi yutuqlar bilan davom etadi.

Yangi 2026-yil Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, jamoangizga esa barqaror rivoj va yuksak natijalar olib kelsin”.

— deyiladi Vazir Kongratbay Sharipovning yo‘llagan tabriknomasida.