Skip to main content

O‘zingga ishonch – muvaffaqiyat poydevori

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida talaba-qizlarning intellektual salohiyatini oshirish bilan birga, ularni hayotga va kasbga tayyorlashning o‘ziga xos tizimi shakllangan. Universitetning “Qizlar davrasi” (Students Girls Club) klubi doirasida ilm-fan va turli sohalarda yuksak muvaffaqiyatga erishgan mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazish an’anaga aylangan. Klub a’zolarining taklif va istaklariga binoan, bu galgi muloqot aynan psixologiya sohasiga bag‘ishlandi.

sgc meeting 3

sgc meeting 1

Navbatdagi amaliy mashg‘ulotga pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Kamola Sadulloyevna Oqilova taklif etildi. “O‘zingga ishon!” mavzusidagi ushbu trening talaba-qizlarning ijtimoiy moslashuvchanligini oshirish va ularda liderlik xislatlarini shakllantirish maqsadida tashkil etildi. Mashg‘ulot an’anaviy ma’ruzalardan farqli ravishda, to‘liq amaliy muloqot va qiziqarli mashqlar ustiga qurildi.

Trening davomida dotsent K. Oqilova talaba-qizlar bilan bevosita ishlab, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ichki qo‘rquv va to‘siqlarni yengish bo‘yicha o‘z tajribasini o‘rtoqlashdi. Ishtirokchilar nafaqat nazariy ma’lumot olishdi, balki ommaviy chiqishlarda hayajonni bosish, stressli vaziyatlarda hissiyotlarni jilovlash va shaxsiy imkoniyatlarni to‘g‘ri baholash usullarini amalda sinab ko‘rishdi.

sgc meeting 6

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassisdan batafsil javoblar olishdi. Bunday amaliy mashg‘ulotlar talabalarning nafaqat bilimli mutaxassis, balki ruhan kuchli va o‘z maqsadlari sari dadil boruvchi shaxs bo‘lib shakllanishida muhim o‘rin tutadi.

Mazkur trening SIUTda qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan uchrashuvlarning uzviy davomi bo‘ldi.