SIUT talabalari “Talaba yugur – 2026” marafonida faol ishtirok etishdi
Bugun Samarqand shahrida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Markaziy Osiyo yurish va yugurish akademiyasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Talaba yugur – 2026” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Payariq tumanidagi Imom Al-Buxoriy majmuasi oldidan start olgan mazkur yirik sport loyihasi 2000 dan ortiq ishtirokchini, jumladan, talabalar, xorijiy mehmonlar va sport havaskorlarini bitta maqsad yo‘lida birlashtirdi.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi orasida sogʻlom hayotni targʻib qilish va barchani doimiy sport bilan shugʻullanishga jalb qilishdan iborat. Ushbu loyiha jismoniy va ma’naviy barkamollik sari tashlangan muhim qadam bo‘lib, jamiyatda sport madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari mazkur marafonda Student Council(Talabalar kengashi) boshchiligida faol ishtirok etishdi. Universitet yoshlari start nuqtasidanoq o‘zlarining ko‘tarinki kayfiyati va jamoaviy birdamligi bilan ajralib turishdi. Talabalarimiz uchun bu poyga nafaqat jismoniy chidamlilik sinovi, balki o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlash va darsdan tashqari vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, SIUT talabalari uchun sport tadbirlari kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan. Universitet jamoasi bundan biroz avvalroq Buxoro shahrida o‘tkazilgan nufuzli “Bukhara Night Race – 2026” tungi yugurish musobaqasida ham xuddi shunday shijoat bilan qatnashgan edi. Marafon talabalarimiz uchun nafaqat sport natijasi, balki unutilmas jamoaviy xotiralarni ham tuhfa etdi.