Bir velosiped, 3000 kilometr va minglab yuraklarga umid
Joriy yilning 1-avgust kuni Samarqanddan yo‘lga chiqqan Ravshan Amirov Pomirning murakkab tog‘ yo‘llarini bosib o‘tib, Tojikiston va Xitoy hududlari orqali Qoshg‘argacha yetib bordi. Baland dovonlar, keskin ob-havo, kuchli shamollar va uzoq masofalarga qaramay, u safarini muvaffaqiyatli yakunlab, 3-sentyabr kuni Samarqandga qaytdi.

Ammo bu safarning asl manzili Qoshg‘ar yoki Samarqand emas edi.
Ravshan Amirov ushbu noyob velosayohatni onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatuvchi “EZGU AMAL” xayriya jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirdi.

Shu jihatdan VeloLife ekspeditsiyasi oddiy sayohat yoki sport sinovi emas, balki insonparvarlik g‘oyasini keng auditoriyaga yetkazishga qaratilgan xayriya tashabbusiga aylandi.

Safar davomida u yo‘l taassurotlari, Pomir tabiati, Markaziy Osiyo madaniyati va yo‘lda uchratgan insonlari haqida muntazam ma’lumotlar ulashib bordi. Har bir surat va har bir kilometr ortida esa bitta asosiy maqsad — davolanishga muhtoj bolalar haqida ko‘proq insonlarning xabardor bo‘lishi va ularga yordam berishga qo‘shilishi turdi.

“Har bir bosib o‘tilgan kilometr bugun hayot uchun kurashayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash ramzi. Agar hech bo‘lmaganda bir bola ushbu ekspeditsiya tufayli sog‘ayish imkoniyatiga ega bo‘lsa, demak, bu yo‘l bekorga bosib o‘tilmagan”, — deydi Ravshan Amirov.

Bir oydan ortiq davom etgan mashaqqatli safardan so‘ng Ravshan Amirov 3-sentyabr kuni Samarqandga qaytdi. Uni SIUT jamoasi shaharning eng aziz va tarixiy maskanlaridan biri — Registon maydonida tantanali kutib oldi.
Bu lahzalarda minglab kilometr ortda qolgan bo‘lsa-da, ekspeditsiyaning eng muhim maqsadi hali ham davom etmoqda. Chunki VeloLife bir insonning velosipedda bosib o‘tgan masofasidan ko‘ra kattaroq g‘oyani — ezgulikni harakatga aylantirish mumkinligini namoyon etdi.
SIUT jamoasi uchun ham bu tashabbus alohida ahamiyatga ega. Zero, bilim va texnologiya bilan bir qatorda, insoniylik, mehr-oqibat va jamiyat oldidagi mas’uliyat ham zamonaviy ta’limning muhim qadriyatlaridandir.
Ravshan Amirovning safarini kuzatgan, qo‘llab-quvvatlagan va uning ezgu maqsadiga befarq bo‘lmagan har bir inson bu yo‘lning bir qismiga aylandi.
3000 kilometr bosib o‘tildi. Ammo ezgu maqsadning manzili hali uzoq.