Skip to main content

SIUT talabasi “Atlas Bayrami”da: Marg‘ilondan qanday taassurotlar bilan qaytdi?

Marg‘ilonning atlaslari, qadimiy hunarmandchilik an’analari va rang-barang ijod muhiti 11–20-sentyabr kunlari VII Xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali — “Atlas Bayrami” ishtirokchilarini bir joyga jamladi. Festival doirasidagi mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlarda milliy to‘qimachilik san’atining ko‘plab jihatlari namoyish etildi.

03.10.26 1 2

Festivalda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti KITC dizayn yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Xumora Beknazarova Samarqand viloyati vakili sifatida ishtirok etdi.

Xumora uchun bu kunlar milliy hunarmandchilikni shunchaki tomosha qilish emas, balki uni bevosita o‘rganish imkoniyati bo‘ldi. MARU brendi asoschisi Marhamat Umarovaning mahorat darslari, shuningdek, Sardor G‘aziyev va Binafsha Nodir tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar ishtirokchilarga yangi bilim va amaliy ko‘nikmalar berdi.

03.10.26 1

Festival davomida tabiiy bo‘yoqlar bilan ishlash, indigo, mo‘zu va yong‘oq po‘stlog‘idan rang olish usullari o‘rganildi. Marg‘ilonlik usta Abdumannob Sultonov esa ishtirokchilarni naboyka — chitgarlik san’ati bilan yaqindan tanishtirdi.

Xumoraning ta’kidlashicha, Marg‘ilondagi tajriba SIUTda olayotgan bilimlari bilan chambarchas bog‘landi:

“SIUTdagi darslarda olgan bilimlarimni Marg‘ilonda amaliyotda his qildim. Bu festival menga zamonaviy dizayn va milliy merosni birlashtirish mumkinligini ko‘rsatdi.”

Uning fikricha, festivalning eng katta sabog‘i — milliy qadriyatlarni o‘rganish bilan birga, ularni zamonaviy ijod orqali davom ettirish zarurligidir. Zero, bugungi yosh dizayner uchun milliy merosni bilish — o‘tmishga qarash emas, balki kelajak uchun yangi g‘oyalar topishdir.