Skip to main content

SIUT talabalari “MinGeoMod – 2026” xalqaro olimpiadasida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Geolog” oromgohida kon-geologiya sohasida modellashtirish bo‘yicha “MinGeoMod – 2026” Toshkent xalqaro olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etilgan xalqaro olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Micromine Australia kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

03.10.26 2 5

Musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari jamoalari ishtirok etib, Micromine GGIS dasturi asosida geologik, karkasli va blokli modellar yaratish, geologik ma’lumotlarni tahlil qilish hamda foydali qazilmalar zaxiralarini baholash bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdilar.

Olimpiadada Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari ham faol qatnashib, kuchli beshlikdan joy oldilar. Bu natija universitet talabalarining zamonaviy raqamli modellashtirish vositalari bilan ishlash hamda nazariy bilimlarini amaliy vazifalarda qo‘llash borasidagi tayyorgarligini namoyon etdi.

03.10.26 2 3

SIUT uchun bunday xalqaro maydonlar talabalarga soha bo‘yicha amaliy tajribasini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni real vazifalar orqali sinab ko‘rish va xalqaro ishtirokchilar bilan tajriba almashish imkonini beradi.

03.10.26 2 4

“MinGeoMod – 2026” esa yosh mutaxassislar va talabalar uchun bilim, amaliyot hamda xalqaro professional muloqotni birlashtirgan muhim maydon bo‘ldi.