Yashil makon: “Do‘stlik bog‘i” ga tamal toshi qo‘yildi
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2021-yil 2-noyabr videoselektor yigʻilishida hamda 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–46-son Farmonida ham "Yashil makon" umummilliy loyihasi tatbiq etilishi borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Prezident Farmoniga ko‘ra, ekologik tahdidlarning salbiy ta’siridan yurtimizni himoya qilish maqsadida barcha hududlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlari muntazam tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Loyiha doirasida yiliga 200 million dona daraxt va buta ko‘chatlari ekish, shaharlardagi yashil maydonlar sonini 2030-yilgacha mavjud 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirildi.
Suvi zar, tuprogʻi zar yurtimizga yashillik, bogʻ-rogʻ va oʻrmonlar yarashadi. Keska bobolarimiz aytganidek “tayoq suqsa koʻkaradigan” yerimizning har bir qarichidan unumli foydalanib, “toza havo fabrikasi” boʻlgan daraxtzorlarni koʻpaytirishga alohida hukumatimiz tomonidan eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas, albatta.
Mazkur Farmonga asosan, O‘zbekistondagi ekologik vaziyat hisobga olinib, daraxt ekish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi va bu ishda har bir tashkilot, har bir fuqaroning o‘z o‘rni bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlanildi. Ushbu Farmon ijrosini ta’minlash, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish ishlarida faol qatnashish maqsadida joriy yilning 5-mart kuni Samarqand xalqaro texnologiya universiteti, Enter Engineering, Sanoat energetika guruhi (SEG) va “Ovozi Samarqand” "Самаркандский вестник" jamoalarining vakillari tomonidan Zarafshon tog‘ tizmalari bo‘yidagi “Ohalik” mavzeyida “Samarqandni asrash” tashabbusi ostida ekologik tadbir o‘tkazilib, unda universitet rahbariyati, AQSH, Kanada, Janubiy Koreya, Bangladesh, Polshalik hamda mahalliy professor-o‘qituvchilar, universitet talabarlari ko‘chat ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirdilar. Yashil maydonlarni kengaytirish kabi bunday xayrli ishlar bahor va kuz mavsumlarida Universitet jamoasi tomonidan muntazam davom ettirilishi maqsad qilib olindi.

Ohalik mavzeyida universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev boshchiligida tog‘ iqlimiga mos turli daraxt ko‘chatlari (pista, bodom, yong‘oq va manzalarali daraxtlar) ekilib, yangi barpo etilayotgan mazkur bog‘ga yaxshi niyatlar bilan “Do‘stlik bog‘i” deb nom berildi va shu bog‘ni manzarali va mevali daraxtlar bilan yildan yilga kengaytirishga kelishib olindi.
Fursatdan foydalanib, SXTU matbuot xizmati “Do‘stlik bog‘i” ni barpo etishda o‘z hissalarini qo‘shgan professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning ayrimlaridan bu jarayon haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
SXTU Tayyorlov markazi direktori Ivy Nan Silverman (AQSH) “Bunchalik go‘zal, osoyishta joy shaharga juda yaqin masofada ekani xayolimga ham kelmagan edi. Men uchun bu talabalarga ta'lim- tarbiya berishga yangicha yondashuv hamda universitetimiz hayotida yangi an'ana ramzidir. Men, ayniqsa, universitet rektori, professor Y. N. Abdullayev bunday ekologik tadbirlarni har yili o‘tkazilishi ta’kidlaganidan juda xursand bo‘ldim. Zero, SXTUning asosiy qadriyatlaridan biri ham bu insonparvarlik bo'lib, bu nafaqat bizning ta’lim jarayonida, balki xayriya tadbirlarida ham o'z aksini topadi. Bunday tadbirlar jamoani jipslashtirib, o‘zaro mehr oqibat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashiga ishonchim komil. Men ushbu tadbirda qatnashganimdan g'ururlanaman va insonparvarlik sa'y-harakatlarini namoyish etgan universitetning bir qismi ekanligimdan faxrlanaman”.

SXTU talabalar bilan ishlash bo‘limi dekani Majewicz Dorota Sylwia (Polsha)
“Bunday tadbirlar nafaqat qiziqarli, balki ekologik barqarorlik va madaniy merosni o‘rganish, madaniy aloqalarni keng quloch yoyishiga dasturilamal bo‘lib xizmat qilishiga aminman. Shuningdek, tabdbir orqali universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun o‘zaro muloqot qilish, tajriba almashish va O‘zbekiston madaniyati va an’analarini o‘rganish uchun ajoyib imkoniyat yaratildi. Xorijlik mutaxassis sifatida aytishim joizki, hashar yakunida O‘zbekiston va xorijda keng e’tirof etilgan mashhur o‘zbek taomi palovni o‘choqda tayyorlangan holda barcha tadbir ishtirokchilariga tortiq etilishi va oshning maza-ta’mi menda katta taassurot uyg‘otdi.
SXTU talabasi Lashuk Elena
“Avvalo ajoyib tadbir uchun universitet rahbariyatidan minnatdorman. So‘lim, bahavo joyda o‘qituvchilarim, butun oilam va do‘stlarim bilan birga bo‘lishdan rohatlandim. Men shunday ajoyib jamoada tahsil olayotganimdan xursandman hamda doim unga munosib bo‘lishga harakat qilaman”.
SXTU talabasi Raxmatullaev Komronbek
“Avval ham maktab, kollej davrlarida shunga o‘xshash tabdirlarda ishtirok etganman, ammo bu galgisi har doimgidan boshqaroq bo‘ldi, universitet rektori, qolaversa, barcha professor-o‘qituvchilar biz bilan bir oila bo‘lib hamjihatlikda mehnat qildi. SXTU jamoasi tomonidan tashkil etilgan bu ajoyib kun uchun tashkilotchilardan minnatdorman”.
SXTU talabasi Sim Aleksiy
“Bu mening ko‘chat ekishdagi birinchi tajribam edi, menga hamma narsa yoqdi, ekologik tadbir unutilmas daqiqalarga boy bo‘ldi”.