Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!
O‘lkamizda yana ko‘klam nafasi hukm surmoqda. Bahor o‘zi bilan birga insonlar qalbiga iliqlik, ongu shuuriga tiniqlik, vujudiga esa g‘ayrat-shijoat olib keladi. Bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olamni katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go‘zal an’ana hisoblanadi. Bu bayram do'stlik va birlik ramziga ega bo'lib, tinchlik, mehr-oqibat va bunyodkorlik qadriyatlarini tarannum etadigan umumxalq bayramidir.
Navro‘zi olam ruhiyati mujassam bo‘lgan saxovat va bag‘rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi olijanob g‘oyalar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarning maqsad va mazmuniga butunlay hamohangdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 1-martdagi "2023-yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o'tkazish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq, Navro'z bayrami “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida bu yil ham mamlakatimizda umumxalq sayli sifatida keng nishonlanmoqda.
Ayni kunlarda qalblardagi Navro'z zavqi va shukuhi fusunkor maydon va xiyobonlarni qamrab olgan. Shunga hamohang ravishda, “Buyuk ipak yo‘li” Samarqand turistik markazi (Boqiy Shahar majmuasi) ham Navro‘z ayyomini madh etuvchi kuy va taronalar og‘ushida ko‘z o‘ngimizda bahorning ajib manzarali, ona zaminimizning betakror tarovatini namoyon etuvchi manzilga aylangan. Samarqand xalqaro texnologiya universitetining Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirining aynan “Boqiy Shahar majmuasi”da o‘tkazilishi ham o‘z navbatida Navro‘z tantanasiga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Tadbir dastlab universitet rektori, professor Yusuf Abdullayevning kirish so‘zlari bilan boshlandi. Universitet rektori barchani “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” Shiori ostida nishonlanayotgan navro‘z ayyomi bilan chin yurakdan qutlab, tadbir ishtirokchilariga o‘zining samimiy tilaklarini izhor etdi.
Shundan so‘ng, tadbir turli ko‘ngilochar dasturlarga ulanib ketdi. Universitet xoreografi Kamila Hakimovna tomonidan sahnalashtirilgan “Oltin beshik” nomli musiqali badiiy-ko‘ngilochar dasturi bayram ishtirokchilariga namoyish etildi. Unda xalqimizning beshik to‘y, sunnat to‘y, farzandini harbiy xizmatga jo‘natish marosimi, unashtiruv marosimi, yor-yor, nahor oshi kabi milliy urf-odatlari aks etgan turli sahna ko‘rinishlari universitet talabalari tomonidan mahorat bilan ijro etildi. Shuningdek, talabalar tomonidan tayyorlangan milliy raqslar tadbirga alohida fayz kiritdi.
Samarqand xalq ansambli hamrohligida Tojikiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Asatullo Ataullayev, “Talantlarni izlaymiz” Respublika ko‘rik tanlovi oliy o‘rin, gran pri sohibasi Zulfiya Rashidova hamda Komron Ataullayevlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar ham bahorni tarannum etuvchi kuylarga hamohang tarzda yig‘ilganlar e’tibor markazida bo‘ldi.
Tadbir jarayonida “S” harfi bilan boshlanuvchi, har biri o‘zining ramziy ma’nosiga ega bo‘lgan yetti turdagi Navro‘z urf-odatini ifodalovchi taomlarning dasturxonga tortilishi ham o‘ziga xos ko‘rk baxsh etdi. Bayram tadbirida xorijlik professor-o‘qituvchilar ham ishtirok etib, Navro‘z zavqini bevosita his etdilar.
O‘z navbatida, biz ham xorijlik professor-o‘qituvchilarimizdan bu yilgi Navro‘z tantanalari haqidagi fikrlari bilan qiziqdik:
SXTU talabalar bilan ishlash bo‘limi dekani Majewicz Dorota Sylwia (Polsha)
Bunday bayramlar qiziqarli va jozibali bo‘lishi bilan birga, jamoani o‘zaro jiplashtiradi, ko‘p davlatlarda xizmat safari bilan bo‘lganman, ammo bu yerdagi fayzli bayramlarni boshqa davlatlardagi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, birinchi marta ko‘k somsa, sumalak va halimdan tatib ko‘rdim. Kecha SXTUni tanlab adashmaganimga yana bir bor amin bo‘ldim, nasib etsa, shu katta oilaning bir bo‘lagi sifatida universitet rivojiga bor kuchimni safarbar etaman.
Inyoung Hwangbo (Janubiy Koreya), SXTU Koreya texnologiya va madaniyat kolleji yetakchi o‘qituvchisi
Ajoyib Navro'zni barcha talabalar, professor-o'qituvchilar va xodimlar bilan bahorning ajoyib kunida qarshi olish menga ulkan mamnuniyat bag‘ishladi. Men hayotimda ilk Navro‘zni qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida nishonlaganimdan faxrlanaman! Menga ajoyib chiqishlar va an’anaviy taomlar o‘zgacha taassurotlar hadya etmoqda. Shu fursatdan foydalanib, o‘z hamkasblarimni, butun O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabriklab, SXTUning kelajagi ham bugungi Navro‘z bayrami kabi har doim yorqin va quvnoq lahzalarga boy bo‘lishini chin dildan tilayman. Barchamizga Navroʻz muborak boʻlsin!


