Xitoy O‘zbekiston hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Xitoy - O‘zbekiston Respublikasining barcha sohadagi eng yetakchi hamkorlaridan biri. Shu sabab yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyevning joriy yilning 18-19-may kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik uchun yangi ufqlar va katta istiqbollarni ochdi. Xususan, taʼlim kabi muhim va yetakchi soha ham bu hamkorlikdan chetda qolmadi.
Davlatimiz rahbari Sian shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasidagi tashrifi chogʻida fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalaridagi kooperatsiyalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan stendlarni ko‘zdan kechirdilar. Xususan, shu yerda SXTU faoliyatiga bag‘ishlangan stendlar bilan ham tanish chog‘ida universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev Prezident Sh.Mirziyoyevga o‘tgan yil ish boshlagan universitet faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil so‘zladi.
Samimiy muloqot davomida Yusuf Abdullayev davlatimiz rahbariga Northeast Electric Power University (Shimoliy-Sharqiy Elektroenergetika Universiteti) prezidenti Janob Cai Guoweini tanishtirdi va ular birgalikda joriy yilning 4-11-aprel kunlari Xitoyga safari davomida bu mamlakatning yetakchi taʼlim muassasalaridan “Northeast Electric Power University” va “Tianjin University of Science and Technology” universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolaganligi haqida axborot berdi. Mazkur o‘zaro anglashuv shartnomasiga asosan, SXTU bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida Xitoy universitetlari bilan sherikchilikda “2+2”, “3+1”, “1+1” ta’lim tizimlarini joriy etadi va O‘zbekistonda birinchi marta Xitoy xalq respublikasi bilan hamkorlikda Xitoy oliy talim dasturi asosida “Xitoy energetika instituti“ (Chinese Institute of Electric Power) fakulteti tashkil etiladi. Muhtaram yurtboshimiz universitet faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mamnuniyat bilan qabul qilib, mazkur oliygohning kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqqiyatlar tiladi.
Tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan 41 ta hujjat imzolandi, umumiy qiymati 25 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi texnologik sanoat, savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. SXTU uchun ham bu hamkorlikning bir qator muhim jihatlari bor.
Imzolangan hujjatlar orasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bilan Xitoyning Shimoliy-sharqiy elektroenergetika universiteti va Tyanjin Fan va texnologiya universiteti o‘rtasidagi shartnomalar mavjud. Bu yetakchi ilm dargohlari bilan hamkorlik kelajakda yurtimiz energetika sohasini tubdan isloh eta oladigan kadrlar aynan Samraqand xalqaro texnologiya universitetidan yetishishi bilan yanada ahamiyatlidir.