SIUT qoshidagi Koreya texnologiyasi va madaniyati institutining ilk talabalari ekologik aksiyada ishtirok etdilar
Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan ekoaksiyadan ko‘zlangan maqsad: “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari”, “Dizayn” va “Raqamli iqtisodiyot” yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan 1-bosqich talabalarini Koreyaning o‘ziga xos madaniyati va koreys “ekologik fenomeni” bilan tanishtirishdir.
Talabalar Samarqand yuragi – Registon maydonining yaqinida to‘plandilar va tadbir dasturiga ko‘ra, 5 guruhga bo‘lindilar. Kuratorlar boshchiligida har bir jamoa Registon atrofini tozalashga kirishdi va shu bilan aksiyaning asosiy maqsadi – birdamlik va jamoaviylik muhitni mustahkamladi!

Ekoaksiya tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, Ulug‘bek madrasasida talabalar uchun ochiq havoda tashkil etilgan bir soatlik flesh-mob (meditatsiya) aksiyasi ishtirokchilarda katta tassurot uyg‘otdi.
Universitetga qaytgach, talabalar Koreya madaniyati olamiga sayohatlarini davom ettirdilar. Koreya an’analari va urf-odatlari haqidagi qiziqarli ochiq dars orqali ushbu mamlakatning boy tarixi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shundan so‘ng ular uchun koreys milliy taomlari tortiq etildi.

Ishonchimiz komilki, bunday harakat va tashabbuslar talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, koreys madaniyati bilan yaqindan tanishish va mamlakatning ekologik madaniyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, bunday harakat va tashabbuslar talabalarda ekologik ongni, barqaror rivojlanish tamoyillariga chuqur sadoqatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Keling biz ham Koreya tajribasidan ilhomlanib, sayyoramizga birgalikda g‘amxo‘rlik qilaylik!