SIUTda ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi
Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga qiziqishi yuqori hamda yaqindan tanishish istagida bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari uchun uchrashuvlar tashkil etish an’anaga aylangan. Ana shunday uchrashuvlardan biri joriy yilning 22-sentabr sanasida Samarqand shahridagi Cambrige Unit School maktabi yoshlari bilan o‘tkazildi. Uchrashuv avvalida universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev professor-o‘qituvchilar va maktab o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yangi yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib, universitetning istiqboldagi rejalari haqida gapirdi.
Uchrashuv davomida maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar oliygoh faoliyati, dars jarayonlari, fakultet va yo‘nalishlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berishdi hamda ularga universitetning xorijiy-professor o‘qituvchilari va soha mutaxassislaridan batafsil javoblar oldilar.
Maktablarda asosiy e’tibor bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun ko‘maklashish va kasbga o‘rgatish, ikkinchi tomondan, quyi sinflarda tahsil olayotgan o‘quvchilarni qiziqishlariga qarab, turli kasb-hunarlarga yo‘naltirish, iste’dodlarini yuzaga chiqarishga qaratiladi. Oliy ta’lim muassasasi va maktablar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan bunday hamkorlik yaqin kelajakda o‘z mevasini berishi shubhasiz.