Talabalar uchun sayyor darslar tashkil etilmoqda
SIUT professori Randy Vernon tomonidan, joriy o‘quv yilidan boshlab, talabalarning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish, tabiatga mehr va e’tiborini oshirish maqsadida, Zarafshon milliy tabiat bog‘ida sayyor darslar tashkil etib kelinmoqda. Mazkur sayyor darslar SIUT tabiat klubi (The Nature Club of SIUT) tashabbusi bilan o‘tkazilib kelinmoqda.

SIUT tabiat klubi universitetdagi bir qator ingliz klublaridan biri boʻlib, talabalarga turli kontekstlarda ingliz tili koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi. Tabiat klubi o‘z e’tiborini ekologiya masalalari, xususan, O‘zbekistonning tabiiy dunyosini chuqurroq o‘rganishga qaratadi. Atrof-muhitni ozoda saqlashga global miqyosda e’tibor kuchayib borayotganini inobatga olib, klub mamlakatimiz tabiiy resurslarini himoya qilishga intilish, shuningdek, energetika sohasini rivojlantirish muammolarini tahlil etishga talaba-yoshlarni undaydi.

Klub mashg‘ulotlarida David Attenborough kabi taniqli tabiatshunoslarning tajribalari o‘rganiladi, atrof-muhit muammolari muhokama qilinadi va Zarafshon milliy tabiat bog‘i kabi qo‘riqlanadigan hududlarda sayyor darslar tashkillashtiriladi. Klub a’zolari tabiat jurnallarini yuritadilar, ularda sayohatlar davomida kuzatishlar, shuningdek, muayyan o‘simliklar, hayvonlar, yashash joylari va ekotizimlar bo‘yicha individual tadqiqotlar olib borishlari mumkin.