SIUT vakili Butunrossiya ilmiy-texnik konferensiyada ishtirok etdi
11-oktabr kuni SIUT va Uxta davlat texnika universiteti (UDTU) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Mazkur memorandum oliygohlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va uzoq muddatli hamkorlik uchun zamin yaratishga qaratilgan.
Ilm-fan sohasidagi hamkorlikka asoslangan 2023-yilning 2-noyabr kuni Uxta davlat texnika universiteti (Komi Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi)da o‘tkazilgan “Geologiya, konlarni oʻzlashtirish va ulardan foydalanish, ogʻir neft zaxiralarini tashish hamda qayta ishlash muammolari” mavzusida Butunrossiya ilmiy-texnik konferensiyasi o‘tkazildi.
Mazkur konferensiya yirik davlat arbobi, Komi Respublikasining birinchi rahbari, professor Yuriy Spiridonov xotirasiga bagʻishlangan bo‘lib, unda Rossiya, Belarus Respublikasidagi neft-gaz sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan bir qatorda SIUT universitetining ishlab chiqarish amaliyoti boshlig‘i Elbek Amirxonov ham “O‘zbekiston neft-servis bo‘linmalari darajasida xodimlarni boshqarishni takomillashtirishga tizimli yondashuv” nomli ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Konferensiyada ishtirok etish Rossiya va Belarus Respublikasining bir qator ixtisoslashtirilgan universitetlari bilan ilmiy aloqalarni o‘rnatish va muhandis kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro tajriba almashish, shuningdek, neft-gaz muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar uchun hamkorlikda sohaga doir tadqiqotlar ustida ilmiy izlanishlar olib borish va ishlab chiqarish amaliyotini o‘tkazish uchun sharoit yaratish imkonini berdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur konferensiya nafaqat tajriba almashish maydoni, balki SIUTda xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.