Maktab va oliy ta’lim muassasasi hamkorligi — kelajak poydevori
Mamlakatimizda ta’lim sohasida, xususan, maktablarimizni bugungi kun talablari asosida tashkil etishda tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonga oliy ta’lim muassasalarining ham jalb etilayotgani bejiz emas. Chunki har ikki ta’lim muassasasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi va rivojlantiradi. Bugungi modernizatsiya jarayonlari, islohot va oʻzgarishlar natijadorligi maktab taʼlimiga, yangi avlod kadrlarini yetkazib berish masalasiga borib taqaladi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasi ham viloyatimizdagi umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish va sifatini oshirish, o‘quvchi-yoshlarning o‘z iste’dodini to‘liq namoyon etishlariga har tomonlama ko‘maklashmoqda. Maktablar bilan hamkorlikni yanada samarali tashkil etish va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shish universtitetimizning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

Joriy yilning 18-noyabr kuni Jomboy tumanidagi 36-umumta’lim maktabida SIUT ning bir guruh xorijlik professor-o‘qituvchilari ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv avvalida tuman hokimi Qayum Sobirov so‘zga chiqdi. Ilm butun insoniyatga dahldor meros ekani, bu borada yurtimizda sohaga katta e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
SIUT prorektori Anvar Sayfullayev professor-o‘qituvchilar va maktab o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda universitet faoliyati, yangi yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib, universitetning istiqboldagi rejalari haqida gapirdi. O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi ilg‘or muhandislik bilimiga, ijodiy fikrlashga, innovatsion texnologiyalarni yaratish va joriy etish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan sifat jihatidan yangi mutaxassislarni tayyorlashni taqozo etadi. Ushbu murakkab muammoni hal etishning asosiy omili – texnik ta’limning xalqaro standartlari asosida muhandis kadrlar tayyorlashning amaldagi tizimini tubdan qayta qurishdir.
Ayniqsa uchrashuv davomida xorijlik professor-o‘qituvchilar, ya’ni AQShlik Ron Wiley, falastinlik Mohammed Kaabar, koreyalik Younghun Jung, xitoylik Wang Xiaohuilarning universitet qoshida tashkil etilgan “Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti” hamda “Xitoy energetika instituti” faoliyati haqidagi bergan ma’lumotlari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va so‘z olganlar yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidlab o‘tdi. Uchrashuv davomida maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar ingliz tilida o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berishdi hamda ularga javoblar olishdi.
Kelajakni fan va texnikasiz qurib bo‘lmaydi, Markaziy Osiyo mintaqasida, xususan, O‘zbekistonda bugungi kunda soha rivoji uchun qulay muhit yaratilgan, – deydi prof. M. Kaabar.
Uchrashuv yakunida ushbu maktab o‘qituvchilariga va unda tahsil oluvchilariga ta’limiy metodik yordam berish maqsadida o‘zaro hamkorlik memorandumi orqali mustahkam olishga kelishib olindi.