“PROfessors” loyihasining ilk mehmoni – Professor Joseph Stark
SIUT media markazi tomonidan universitet professor-o‘qituvchilarini yaqindan tanishtirish maqsadida yangi “PROfessors” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Loyihamizning ilk mehmoni – Tillar markazi direktori AQShlik professor Joseph Stark bo‘ldilar. Professor Stark faoliyatini Samarqand xalqaro texnologiya universitetida davom ettirmoqda. Universitet yuqori sifatli, xalqaro darajadagi malakali muhandis kadrlarni tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilgan. Va shu maqsad yo‘lida oliygohga jahon standartlari darajasidagi xorijiy va mahalliy professor-oʻqituvchilar jalb etilgan.
Assalomu alaykum, Ustoz, salomatmisiz? Hamkasblaringiz va talabalaringiz takliflariga binoan, Siz bilan suhbat uyushtirmoqchimiz!
Assalomu alaykum, avvalo, “PROfessors” loyihasiga taklif qilganingiz uchun katta rahmat, hamkasblarim va talabalarimning e’tibori-yu, e’tirofidan ham xursand bo‘ldim!
Suhbatimizni an’anaviylikdan boshlasak, ya’ni bolalik yillaringiz qanday kechganligi haqida suhbatlashsak?
Men Joseph Bane Stark, AQShning Nevada shtatida pedagoglar oilasida tug‘ilganman. Bolaligim Nevada shtatida kechgan. Yoshlikdan pedagogik muhitda ulg‘aydim, balki shundan bo‘lsa kerak bu sohaga boshqa sohalarga nisbatan mehrim yuqori. Shu bois hech ikkilanmasdan kelajagimni ham mazkur soha bilan bog‘lashga qaror qilganman va bu qarorimdan hech qachon afsuslanmayman. O‘rta maktabni tamomlab, Michigan shtatidagi Hillsdale kollejida tarix va din bo‘yicha, so‘ngra Minnesota shtatidagi St. Thomas universitetining ingliz adabiyoti fakultetida tahsil oldim. Kaliforniyadagi Biola universitetida esa madaniyatlararo tadqiqotlar bo‘yicha doktorlik dissertatsiyamni himoya qildim.
Suhbatimiz debochasi sifatida kasbiy faoliyatingizga ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz?
Umrim turli davlatlarda har xil millat yoshlariga ingliz tilidan ta’lim berish bilan o‘tdi va o‘tayotir (kuladi). Ilk ish faoliyatimni 1997-yildan boshladim. O‘sha yillar oligyohimiz tomonidan o‘quv amaliyotlari qator mamlakatlarda tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan edi. Taqdir taqozosi bilan men aynan O‘zbekistonga amaliyot o‘tashga yuborildim. Amaliyot mobaynida o‘zbek urf-odatlari, tili va madaniyatiga qiziqib qoldim.

Shundan so‘ng, Afg‘onistonda ham ish faoliyatimni olib bordim va ko‘plab gumanitar loyihalarda ishtirok etdim. Maktabgacha ta’limdan o‘rta maxsus ta’limning 12-sinfigacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab olgan xususiy ta’lim dargohini tashkil etish ishlarida ham hissamni qo‘shdim. Bundan tashqari shu kunga qadar yuzlab talabalarga saboq berib kelayotgan til va madaniyat markaziga asos soldim. Ushbu markaz ingliz, oʻzbek, fors, turkman va pushtiy tillarini oʻrgatadigan oʻqituvchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan. Markazimiz orqali jamiyatning o‘ndan ortiq a’zolarini ish bilan ta’minladi va ko‘plab xalqaro mijozlarga xizmat ko‘rsatdi. Xususan, o‘zim ham xalqaro hamjamiyat ravnaqiga hissa qo‘shish maqsadida, til va madaniyat bo‘yicha treninglar o‘tkazib kelmoqdaman.

Xorijiy tillarni bilish davr talabadir. Bizga ma’lumki siz lingvist, poliglotsiz. Ko‘pchilikka qiziq, siz ingliz tilidan tashqari fors, turkman va pushtiy tillarini o‘rgangansiz. Hatto o‘zbek tilida ham bemalol so‘zlasha olar ekansiz. O‘zbek tilini qanday qilib o‘rgandingiz?
Ota-onam yoshligimdan meni turli madaniyatlar bilan tanishtirdi. Otam chet ellik talabalar o'qiydigan maktabda o'qituvchi bo'lgani sababli uyimizga ko'pincha Germaniya va Janubiy Koreyadan talabalar tashrif buyurib turishardi. Bolaligimda otam boshqa mamlakatlarga sayohatga olib borardi, bu esa mening kelajakdagi tillarga va madaniyatlararo fanlarga bo'lgan qiziqishimga zamin yaratgan desam yanglishmagan bo'laman. O‘zbekistonga tashrif buyurganimdan so‘ng, til o‘rganishni ham, Markaziy Osiyoning boy tarixini ham yoqtirib qoldim. Amaliyot davrimda Jaloliddin Balxiy, Alisher Navoiy kabi o‘tmishning buyuk mutafakkirlari, shoirlari ijodi meni hayratda qoldirdi. Men O‘zbekistonga ikki marta kelganman. Dastlab 1997-1999-yillarda Toshkentda va Jizzaxda talabalarga dars berdim. 2004-yilda yana kelib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ikki yil o‘zbek tilini o‘rgandim. Bundan tashqari, fors tilini o‘rganganman va Samarqandda ushbu tillarda gapirib, ularni yanada chuqurroq o‘rganayotganimdan juda mamnunman. Ayni paytda o‘zbek tilini yanada mukammal o‘rganish maqsadida, SIUT qoshidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi tomonidan tashkil etilayotgan O‘zbek tili kurslarida oila a’zolarim bilan qatnashyapmiz. Umid qilamanki, faoliyatim davomida o‘zbek xalqining (Samarqandning) o‘ziga xos shevasini o‘rganish orqali, uning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘laman.
Sohangizda muvaffaqiyatga erishish uchun nimalar qilgansiz?
Mening eng katta muvaffaqiyatim sabr-toqat va qiziqishlarim ortidan keldi. Til va madaniyatni o‘rganish uchun har bir inson o‘zida qiziqish va katta xohish-istak uyg‘otishi kerak. O‘zga yurt madaniyatini tanqid qilish va ulardan birini boshqasidan ustun deb hisoblash oson albatta, ammo hayotning eng muhim elementlaridan biri bu - aslida o‘zga yurt madaniyatlariga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish emasmi? Men muvaffaqiyatga erishish yo‘lida eng ko‘p bajargan amallarimdan biri boshqalarni diqqat bilan tinglash hamda ularga bo‘lgan qiziqishimni orttirishdan iborat edi. Bu, o‘z navbatida, mehrli bo‘lishga yetaklaydi va men uchun mehr-muruvvat dunyodagi eng qudratli tuyg‘udir.
Pedagog sifatida sizdagi qaysi shaxsiy fazilatlarni ajratib ko‘rsata olasiz?
Pedagogning asosiy fazilati bu yangi narsalarni o‘rganishga, bilimning yangi qirralarini ochishga intilish, shuning uchun men talabalarimga bu fazilatlarni saqlab qolishga va uni amaliyotda qo‘llashga harakat qilaman. Uslubiy jihatdan, darslarimda talabalarga erkin fikr yuritishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini doim qat’iy ta‘kidlayman. Hayotda uchrab turgani kabi, biror muammoga duch kelganimizda va uni yechimini topish kerak bo‘lsa, ba’zi insonlar bunday vaziyatni oson va ijobiy yengib o‘tishadi. Men talabalarimga yechimini topish kerak bo‘lgan vaziyatlar va muammolarga duch kelganlarida – odatda tanqidiy fikrlashga undovchi savollarni taqdim etish orqali yo‘l tutaman. Ularning ilm olishlari yo‘lida bor kuchim va energiyamni sarflashga harakat qilaman. Shogirdlarimning bergan savollarimga javob berishlaridan oldin biroz muddat o‘ylash uchun to‘xtab turishi hamda ular gapirishni boshlaganlarida esa shijoat, qiziqish va quvonchga to‘la vujudi bilan ushbu vazifani bajarganlarini ko‘rish meni juda xursand qiladi.
Shahrimiz sizga yoqdimi? Universitetdagi faoliyatingiz haqidagi taassurotlaringiz qanday?
Albatta yoqdi, Samarqandda hayot qanchalik jo‘shqin ekanligidan hayratlandim. Bu yerga oilaviy kelganmiz. Ishdan so‘ng, deyarli har kuni kechqurun oilaviy shaharning tarixiy obidalarga sayr qilamiz. Shaharda dam olish, ma’naviy hordiq chiqarish mumkin bo‘lgan ko‘plab joylar bor ekan, masalan, Universitet xiyoboni va noyob tarixiy obidalarni ham alohida misol tariqasida keltirishim mumkin. Bizga, ayniqsa, dunyoga mashxur Registon maydoni katta taassurot qoldirdi.
Dunyoning turli burchaklaridan kelgan professorlarni jamlagan ahil jamoa bilan birga ishlayotganimdan mamnunman. Oliygohdagi maqsadlarimdan biri bu ingliz tilidan saboq berish orqali talabalarning xalqaro standartlarga mos mutaxassis bo‘lib yetishishida o‘z hissamni qo‘shishdir.

Universitetdagi faoliyatingizni boshlaganingizga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ammo shu qisqa davr ichida talaba-yoshlarimiz haqida qanday fikrdasiz va ularga atalgan qanaqa tilaklaringiz bor?
To‘g‘ri aytasiz, hali faoliyat boshlaganimga ko‘p vaqt bo‘lmadi, biroq shu qisqa vaqt ichida bu yerdagi yoshlar naqadar shijoatli, g‘ayrat va umidga to‘la ekaniga amin bo‘ldim. Talabalar dunyoda o‘zining betakror o‘rnini topishga intilib, o‘qishga qanday e’tibor qaratishayotganini ko‘raman va ularni doim qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. Afsuski, globallashgan dunyo o‘tmishni inkor etish tendensiyasiga ega. Shunday ekan, men SIUT talabalariga, va umuman O‘zbekiston yoshlariga o‘z yurtining o‘tmish go‘zalliklarini saqlab qolishlarini va ularni yorug‘ kelajak bilan uyg‘unlashtirishlarini istardim.
Samimiy va mazmunli suhbat uchun tashakkur, Ustoz! Shu lahzada biz ham Sizning yoshlik, talabalik yillaringizga ham sayohat qilib keldik! Maroqli suhbatimiz yana qayta tashkil etilishini kutib qolamiz! Talabalaringizga bilim berishda aslo tolmang! Ishlaringizga rivoj tilaymiz!