O‘zbekiston neft va gaz sanoatining flagmani SIUT talabalari uchun seminar o‘tkazdi
Har qanday oliy ta’lim muassasasi uchun oliygohdan sifatli ta’lim olib, qiziqqan sohasi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishi va kelajakda yoshlarning o‘z o‘rnini topishlari katta yutuq hisoblanadi. Bu borada SIUT universiteti tomonidan turli soha mutaxassislari taklif etilib, talabalar uchun uchrashuv va o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri, joriy yilning 17-yanvar kuni neft va gaz bilan bog‘liq loyihalarni rivojlantirish va amalga oshirish bo‘yicha professional menejer, SANEG (Sanoat Energetika Guruhi) direktorining bosh maslahatchisi, Fayzullayev Shokir Nasibullayevich ishtirokida tashkil etildi.
Ushbu uchrashuvdan maqsad, universitet xorijiy va mahalliy professor-o‘qituvchilari va talabalarini SANEG faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, zamonaviy neft-gaz va energetika sohasidagi yangiliklardan xabardor qilishdir.

Uchrashuvda Sh. Fayzullayev tomonidan kompaniya yaratilish tarixi, SANEGda amalga oshirilayotgan loyihalar, uning funksional vazifalari va kelgusidagi rejalari, energetika, energiyani tejash, muqobil energiya manbalari xususida aniq ma’lumotlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati sobiq raisi Shokir Fayzullayev iqtisodiyotning turli sohalarini davlat tomonidan tartibga solish sohasida ham, O‘zbekiston Respublikasining yirik va tayanch korxonalari biznesini boshqarish borasida ham boshqaruv tajribasiga ega, 10 yildan ortiq turli davlat organlarida, uch yildan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari, 2007-yildan Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali Vasiylik kengashi aʼzosi, 2017-yil iyunidan 2023-yil sentabrigacha “Sanoat Energetika Guruhi” MChJ XK bosh direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Kompaniya haqida: XK MChJ Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzax Petroleum) O‘zbekiston Respublikasidagi eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, SANEG neft qazib olishning qariyb 80%ni va tasdiqlangan gaz zaxiralarining taxminan 22% ni tashkil qiladi. Kompaniyada nafaqat neft va gaz, balki xomashyo qayta ishlanib, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan benzin, dizel, neft, aviakerosin va boshqa qator mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz: 2021-yilning 2-dekabr kuni Nyu-Yorkda SANEG va Kolorado konchilik maktabi (Colorado School of Mines, AQSh) oʻrtasida Oʻzbekistonda Samarqand xalqaro texnologiya universitetini tashkil etish boʻyicha tarixiy shartnoma imzolangan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60 sonli Farmoniga asosan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashkil etildi.
Seminarda talabalar va professor-o‘qituvchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.
