Bo‘lajak geologlar va muhandislar uchun seminarlar davom etmoqda
SIUT universiteti talabalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni ishlab chiqarish amaliyoti va oliy ta’limni bitirib, ish jarayonida ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun muhandislik sohasining turli vakillarini taklif etib, ularning ishtirokida seminarlar tashkil etish an’anaga aylangan. Joriy yilning 21-fevralida ham mazkur an’anaga muvofiq, “Triangul Metals Tebinbulak” MChJ QK geologiya-qidiruv boshqarmasi boshlig‘i, geologiya sohasida ko‘p yillik tajribaga ega professional geolog Chiniqulov G‘ayrat Rasulovich tomonidan “Geologiya-qidiruv. Kasbga kirish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminar davomida G‘ayrat Chiniqulov sohaga oid bilim va tajribalari bilan bo‘lishdi. Shuningdek, mutaxassis tomonidan talabalarga geologiya-qidiruv ishlari, uning turlari, bosqichlari va geologiya-qidiruv ishlarida qo‘llaniladigan tog‘-lahmlari va burg‘u quduqlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
“Geologlar davlatning energetik salohiyati, mineral-xomashyo zaxiralarini ta’minlashda yetakchi o‘rinni egallaydi”,- deydi G‘ayrat Chiniqulov.
Mazkur seminarni tashkil etishdan maqsad: talabalarga geologiya yo‘nalishida zamonaviy ilmiy dunyoqarashlarni shakllantirish, ularni geologiyaga oid bilimlarini mustahkamlashdir. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda geologiyaning mineralogiya, gidrogeologiya, muhandislik geologiyasi, seysmologiya, geofizika, geotektonika kabi bo‘limlari rivojlanmoqda, ushbu yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borilmoqda.
Shuningdek, seminar so‘ngida ishtirokchilar olingan ma’lumotlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassisdan batafsil javoblar oldilar. Bo‘lajak muhandis va geologlarning kasbiy faoliyati haqidagi fikr-mulohazalar talabalar uchun ayniqsa muhim bo‘ldi. 2025 yilga kelib, “Triangul Metals” 7000 dan ortiq, shu jumladan 4000 dan ortiq muhandislik sohasidagi yangi ish oʻrinlarini yaratishni rejalashtirmoqda. Kelajakda ish o‘rinlarining aksariyati SIUT bitiruvchilari tomonidan to‘ldirilishi mumkin.

SIUT “Triangul Metals” kompaniyasining xodimlarini shakllantirishda strategik hamkori hisoblanadi. Mamlakatimiz qora metallurgiyaning yagona sanoat korxonasi ishlab chiqarish maydonlarida amaliyot o‘tash SIUT talabalariga o‘qish davomida muhandislik kasblarining ahamiyati va murakkabligini his qilish, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini shaxsan ko‘rish va ishlab chiqarish jamoasining bir qismi bo‘lish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun: “Triangul Metals” kompaniyasi Oʻzbekistonda qora metallurgiya sohasida metall ishlab chiqarishda toʻliq qamrovga ega birinchi togʻ-metallurgiya kompaniyasi hisoblanib, ushbu kompaniya ruda qazib olishdan tortib tayyor poʻlat mahsulotlarni ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olgan.