Skip to main content
Yusuf Abdullaev - Rektor

Yusuf Abdullaev

Rektor

Yusuf Negmatovich Abdullayev — Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor. Ustoz 1947- yilning 28-yanvar sanasida Samarqand shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. XX asr boshida uning bobosi Ismatulla Rahmatullayev o‘quv jarayoni zamonaviy ta’lim metodikasiga asoslangan ilk maktabni tashkil etgan va birinchilar qatorida maktab o‘quv dasturlarini ham chop etgan.

Yusuf Abdullayev o'zining pedagogik kasbiy faoliyatini 1963-yilda Mehribonlik uyida muallimlik bilan boshlagan. Bo‘lajak olim 1967- yilda Samarqand davlat universiteti tarix fakultetini tamomlab, tahsilni 1972-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida aspirantura bosqichida davom ettirgan. Professor Y. Abdullayevning nomzodlik dissertatsiyasi Eronning XIX–XX asrlar o‘rtasidagi tashqi siyosatiga oid masalalar tahlili hamda tadqiqiga bag‘ishlangan. Olim doktorlik dissertatsiyasida xorij mamlakatlaridagi oliy ta’lim tizimiga oid masalalarni tadqiq etishga e’tibor qaratgan.

Professional faoliyatini oddiy muallim sifatida boshlagan Yusuf Negmatovich Abdullayev Samarqand davlat chet tillar institutining birinchi rektori, keyinchalik xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida fan va ta’lim bo‘limi rahbari lavozimida samarali mehnat qilgan. 

O'zbekiston mustaqilligi e’lon qilingach, 1992-yildan e’tiboran Y. Abdullayev o‘z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi birinchi favqulodda va muxtor elchisi sifatida davom ettirdi. Zabardast olim 2018-yildan hozirgi kunga qadar  “Eriell Prof Education” korporativ o‘quv markazi direktori hamda 2022-yilning fevralidan boshlab, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritmoqda. 

Yusuf Abdullayev ayni paytda qator akademik unvonlar sohibi shuningdek, yurtimiz va jahondagi nufuzli akademiya, ilmiy muassasalar hamda uyushmalarning a’zosi hamdir. Jumladan, Nyu-York Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, Rossiya Xalqaro ijod Akademiyasining haqiqiy a’zosi,Rossiya  pedagogika va ijtimoiy fanlari Akademiyasining haqiqiy a’zosi,  bundan tashqari, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy Uyushmasining ham a’zosi sanaladi.

Atoqli olim professor Y. Abdullayev xalqaro munosabatlar va xorijiy ta’lim muammolariga doir 300 dan ziyod ilmiy ishlar muallifidir. Yusuf Negmatovich Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning ko‘plab orden, medallari va yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.