Skip to main content

SIUT talabasi Londondagi LIMUN 2024 xalqaro yoshlar konferensiyasida ishtirok etdi

“Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishi birinchi bosqich talabasi Rahmatilloyev Faridun 2024-yilning 23-25-fevral kunlari Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida jahonning 60dan ortiq mamlakatlaridan kelgan 1200 dan ziyod yoshlarni birlashtirgan London International Model United Nations (LIMUN) xalqaro yoshlar konferensiyasida ishtirok etdi.

“Humanity in Diplomacy: Reinvigorating Global Governance” (Diplomatiyada insonparvarlik: global boshqaruvni rivojlantirish) mavzusida tashkil etilgan konferensiyada yosh ishtirokchilar dunyoning ayrim global muammolarini muhokama qilish va yechimlarni taklif qilish uchun birlashdilar. Muammolar yechimini topishda ular o‘zlari vakillik qilgan davlatlarning pozitsiyalari bilan o‘rtoqlashdilar.

limun1

Biz ham o‘z o‘rnida ishtirokchi talabamiz Faridun Rahmatilloyevning konferensiya taassurotlari haqidagi fikrlariga qiziqdik: “Zalda turib, 60 davlatdan kelgan tengdoshlarim bilan mavzuni muhokama qilish, munozaralar olib borish qanchalik ajoyib ekanini so‘z bilan tasvirlay olmayman. LIMUN 2024 ko‘rgazmasida ishtirok etish men uchun global voqealar haqidagi bilim va tajribalarimni kengaytiribgina qolmay, balki kelajakda mutaxassis sifatidagi mahoratimni oshiruvchi ajoyib tajriba maydoni bo‘ldi. Bundan tashqari, yangi do‘stlar orttirdik, turli davlatlar siyosati, o‘ziga xos g‘oyalar va madaniyatlar bilan tanishish va o‘zimizni haqiqiy diplomat o‘rniga qo‘yish, tarixiy va zamonaviylik uyg‘unlashgan London bo‘ylab sayohat qilish imkoniga ega bo‘ldik”.

limun2

Ma’lumot uchun: LIMUN xalqaro yoshlar konferensiyasi Buyuk Britaniyaning LIMUN fondi (The LIMUN Foundation) xayriya tashkiloti tomonidan tashkil etilgan. Ushbu xayriya tashkilotining maqsadi yoshlar o‘rtasida madaniy va ijtimoiy harakatlarda bir-biri bilan hamkorlik qilish, ko‘nikmalarini shakllantirish, xalqaro munosabatlarni anglash hamda ularda yetakchilik, muzokaralar olib borish mahoratini rivojlantirish va diplomatiya sohasidagi malakalarini oshirish, shuningdek, ularni BMT faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Ruxshona Odilova Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida “Asia Youth International Model United Nations” xalqaro yoshlar konferensiyasida ishtirok etgan edi.