Skip to main content

SIUT “Choy, madaniyat va tinchlik elchisi” faxriy unvoni sohibi bo‘ldi

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Markaziy Osiyoda birinchilardan “Choy, madaniyat va tinchlik elchisi” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Bu eʼtirof SIUT tashabbusi bilan har yili may oyida “Choy, Madaniyat, Tinchlik!” xalqaro festivallarini oʻtkazilishining natijasi boʻldi. Mazkur festival BMT tomonidan e’lon qilingan “Xalqaro choy kuni”ga bag‘ishlangan va xalqaro festivalni tashkil etishdan maqsad turli madaniyat vakillarini bir piyola choy ustida birlashtirish, do‘stlik va tinchlikni mustahkamlashdir.

“Teo, Amo kaj la Mondo” (XXR) xalqaro loyihasi rahbariyati, jumladan xitoylik yetakchi choy eksperti, Xalqaro choy madaniyati fondi (ITCB) rahbari professor Wang Xufeng; Tyantszin Fan va Texnologiya Universiteti (TUST) xalqaro almashinuv departamenti direktori – Professor Wu Zhenjun va Tyantszin Esperanto Assotsiatsiyasi (TEA) ijrochi vitse-prezidenti va Bosh kotibi janob Han Daqianglar tomonidan oliygohga ushbu faxriy maqomni berilgan diplom yuborildi. Murojaatnomasida universitet xalqaro festivalni oʻtkazishda asosiy hamkorga aylanganini alohida taʼkidlab, uning choy madaniyati va madaniyatlararo muloqotni targʻib etishdagi beqiyos hissasi alohida qayd etilgan.

– SIUT “Choy, madaniyat va tinchlik elchisi” etib saylanganidan faxrlanamiz, – dedi universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev. “Ushbu e’tirof choy orqali madaniy aloqalarni o‘rnatish, shuningdek, butun dunyoda do‘stlik va tinchlikni mustahkamlashga sodiqligimiz muhimligini ta’kidlaydi!"

2024-yil 20-may kuni o‘tkazilgan “Choy, madaniyat, tinchlik!” II Xalqaro festivali doirasida bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, jumladan, turli mamlakatlardan choy tayyorlash marosimlari, ko‘rgazmalar, tanlovlar, konsert dasturi, shuningdek festivalning ko‘plab hamkorlaridan maxsus yuborilgan video tabriklar festivalga tashrif buyurganlarning e’tibori markazida bo‘ldi.

Bundan bir necha kun oldin ham Samarqand xalqaro texnologiya universiteti “2023-yilda O‘zbekistonda noyob xorijiy professor-o‘qituvchilar tarkibi va xalqaro ilmiy bazaga ega ingliz tilidagi birinchi xalqaro texnologik universitetni tashkil etishdagi yutuqlari uchun” nominatsiyasi bo‘yicha “Yil brendi – 2023” mukofotini qo‘lga kiritgan edi.