Skip to main content

SIUT delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi natijalari

Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining asosiy strategik hamkorligi tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. So‘nggi yillarda har ikki mamlakat yuqori texnologiyalar va muhandislik sohalarida hamkorlikni faol rivojlantirish bosqichiga o‘tdi. Koreya Respublikasi dunyodagi texnologiya yetakchilaridan biri bo‘lganligi sababli ushbu soha hududlari muhim aloqa maydoniga aylandi.

Hwang Sungdon

2023-yilda SIUT tarkibida Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti (KITC) tashkil etilgani O‘zbekiston-Koreya hamkorligining mustahkamlanayotganining timsoli bo‘ldi. Institutga Hankuk xorijiy tillar universiteti professori, Silk-Road Universities Network (SUN) bosh kotibi Sungdon Hwang rahbarlik qilib kelmoqda. KITC talabalari zamonaviy, ayni paytda muhim yo‘nalishlar – sanoat dizayni, qayta tiklanadigan energiya va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha tahsil olishmoqda. O‘quv jarayoni Koreya Respublikasi OTM dasturlari asosida tashkil etilgan bo‘lib, darslarga koreyalik professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Bundan tashqari, universitetda professor Kim In Tae rahbarligida Koreya madaniyati markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

kitc

2024-yil 14-15-iyun kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi rahbarlarining Sammiti bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini, shuningdek, alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Sammitda Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali xabni tashkil etish masalalari kun tartibidan o‘rin oldi; avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish; O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi to‘laqonli yarimo‘tkazgich mahsulotlarining ilmiy-ishlab chiqarish klasterini yaratish; “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy etish; infratuzilmani modernizatsiya qilish; “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surish va boshqa shu kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

03

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Seok Yol o‘rtasida olib borilgan muzokaralar davomida 18 ta hujjat, jumladan, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Seong Nam Sanoat Korporatsiyasi (Seong Nam Industrial Complex Corporation) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu korporatsiya 3600 dan ortiq sanoat korxonalarini o‘z ichiga oladi hamda Koreya Respublikasining “kremniy vodiysi” hisoblanadi. Shartnomaning imzolanishi SIUT talabalari uchun Korporatsiya korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashlari uchun keng imkoniyatlar, shuningdek, ularning kelgusida ish bilan ta’minlanishlariga oid yangi ufqlarni ochadi.

12

2024-yilning 20-iyunidan 29-iyuniga qadar Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasi Koreya Respublikasida rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Joriy yilning 24-26 iyun kunlari Poxan shahrida Xandong Global universiteti negizida CGE (Consortium for Global Education – Global Ta’lim Konsorsiumi) ga a’zo universitetlarining III Xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada butun dunyodan CGEga a’zo 30 dan ortiq universitetlarning prezidentlari va rektorlari ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, SIUT Markaziy Osiyo va MDH universitetlari orasida Konsorsiumning yagona to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. Bu yil Xalqaro konferensiya taʼlimning globallashuvini yangi bosqichga koʻtarish mavzusiga bagʻishlandi (orig. Beyond Globalization).

gimcheon

Bundan tashqari, SIUT delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi dasturidan Gimcheon o‘rta maktabi rahbariyati va maktab direktori janob Na Young Ho bilan uchrashuvi o‘rin oldi. Ushbu uchrashuvda SIUT delegatsiyasi xorijlik o‘quvchi yoshlar uchun maktabdagi shart-sharoitlar, ta’lim jarayonlari, darslarga jalb etilgan professor-o‘qituvchilar tarkibiga oid ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar. SIUT va Gimcheon o‘rta maktabi hamkorligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyiha nizomiga ko‘ra, saralangan bolalar maktabdan to‘liq stipendiya oladi, jumladan, Koreya Respublikasida yo‘l xarajatlari, o‘qish va turar joy bilan ta'minlanadilar. Avvalroq SIUTda o‘tkazilgan test sinovlari natijalari e’lon qilingan edi, uning natijalariga ko‘ra Samarqand viloyatidagi maktablardan 5 nafar o‘quvchi — ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari saralab olindi. Ular SIUT Vasiylik kengashi raisi – Baxtiyor Fazilovning maxsus granti evaziga 6 oy (2024-yil iyul-dekabr) SIUTda koreys hamda ingliz tillari, shuningdek matematika fanlarini o‘rganadilar. Kurslarni tugatgandan so‘ng, ularga Koreya Respublikasidagi Gimcheon o‘rta maktabida o‘qishni davom ettirish tavsiya etiladi.

7

gimcheon2

SIUT delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi universitet va Koreya Respublikasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining tobora kengayib borayotgani bilan ahamiyatli. Shunday qilib, Handong Global universiteti prezidenti – professor Dosoung Choi bilan muzokaralar davomida universitetlar o‘rtasida akademik almashinuv bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish; mehmon ma’ruzachilarning darslari, ilmiy simpoziumlar, konferensiyalar tashkil etish; akademik ma’lumotlar va materiallar almashinuvi; o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish va hokazo. Muzokaralar natijasida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

HGU

Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev va Xankuk chet tillar universiteti prezidenti, professor Jeongwoon Park o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida mavjud hamkorlik aloqalarini kengaytirishni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomasi imzolandi; SIUT talabalarining ikkinchi kursdan keyin Xankuk chet tillari universitetida o‘qishni davom ettirishni nazarda tutuvchi “2+2” tizimini joriy etish; talabalar va o‘qituvchilarning harakatchanligi uchun akademik aloqalarni rivojlantirish; qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va hokazo. Shunisi eʼtiborga loyiqki, Xanguk chet tillar universiteti professor-oʻqituvchilarini SIUT oʻquv jarayonlariga jalb etish boʻyicha universitetlar oʻrtasida allaqachon ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

SNIC

Seulda SIUT delegatsiyasi Seong Nam sanoat korporatsiyasi boshqaruv ofisi raisi – janob Michael Sung va Innovatsion xizmat ko‘rsatish markazi direktori – janob Kim Se-Jong, shuningdek, IEG Co.,ltd kompaniyasi prezidenti – janob Kim Changillar bilan universitet va korporatsiya o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumida aks ettirilgan asosiy vazifalarni amalga oshirish, SIUT talabalarining Seongnam sanoat korporatsiyasi korxonalarida amaliy mashg‘ulotlar va amaliyot o‘tashlarini tashkil etish bo‘yicha masalalar muhokama qilinib, fikrlar almashildi.

cku1

Shuningdek, Kannin shahrida SIUT delegatsiyasining Kvandong universiteti rahbariyati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Rasmiy muzokaralar davomida Kvandong universiteti prezidenti – professor Yong-seung Kim va SIUT rektori – professor Yusuf Abdullayev o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Mazkur memorandum akademik hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini ta’minlash; ikki universitet o‘rtasida ilmiy tadqiqotlarda hamkorlik qilish; kooperativ tadbirlarni o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish; malaka oshirish, shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar, talabalar uchun amaliyotlarni hamkorlikda tashkil etishga doir muhim masalalar bo‘yicha kelishuvlarni o‘z ichiga oladi.

02

Muxtasar qilib aytganda, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi universitetning akademik salohiyatini modernizatsiya qilishda yangi istiqbollarni ochmoqda. Koreya Respublikasining yetakchi universitetlari va korporatsiyalari bilan hamkorlikni kengaytirish SIUT talabalariga ilg‘or nazariy va amaliy bilim olishlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi. Janubiy Koreyadagi yirik korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotining tashkil etilishi talabalarning kelajakdagi faoliyatida o‘ziga xos tajriba maktabini o‘taydi. Bu kabi imkoniyatlar esa, bo‘lajak muhandis kadrlar – Yangi O‘zbekiston “bunyodkorlari”ni tayyorlash sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan biri bo‘ladi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.