Skip to main content

Qabul 2024 natijalariga ko‘ra, 74 nafar birinchi bosqich talabalari SIUT da o‘qish uchun grant sohiblariga aylandilar

Taraqqiyot sifatli ta’limdan boshlanadi. Davlatni taraqqiy ettiradigan kuch – bu sifatli ta’lim, ilm-fandir. Samarqand xalqaro texnologiya universitetida biz har bir talaba o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish va hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish imkoniyatiga loyiq deb hisoblaymiz. Bu qarashga SIUT Vasiylik kengashi raisi B.Sh. Fazilovning faol qo‘llab-quvvatlashi yordam bermoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. B.Sh. Fazilov universitetda ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam berib kelmoqda.

Yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan 74 nafar 1-bosqich talabalari SIUT Vasiylik Kengashi raisining grantini qo‘lga kiritganini mamnuniyat bilan ma’lum qilamiz. Ulardan 71 nafar talaba to‘liq grant asosida tahsil olsa, 3 nafar talaba to‘lov-kontrakt bo‘yicha 25 foizdan 50 foizgacha chegirmalarga ega bo‘ldi. Ushbu grantlar quyidagi imtiyozli mezonlarga muvofiq taqsimlandi:

  • kirish imtihonlarining eng yaxshi natijalarga erishgan (1-o‘rinni egallagan abituriyentlar);
  • 1200 ball va undan yuqori ball to‘plagan SAT sertifikatining mavjudligi;
  • IELTS 8.0 yoki undan yuqori sertifikatning mavjudligi;
  • Eriell kompaniyalar Guruhi xodimlarining farzandlari;
  • I va II guruh nogironlari;
  • Afg‘on urushi qatnashchilarining farzandlari;
  • bir oiladan ikki yoki undan ortiq talaba uchun kontrakt to‘lovlari bo‘yicha 25% chegirma (har biriga);
  • Ikkala ota-onasi I yoki II guruh nogironi bo‘lgan talabalar uchun 50% chegirma.

Ushbu grantlardan tashqari 2024-2025 o‘quv yili uchun SIUTga 3 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 35 ta davlat granti ajratildi: Issiqlik energetikasi, Konchilik ishi, Neft va gaz muhandisligi.

Shuni ta’kidlash kerakki, SIUTda 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab,  maxsus grant dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur dasturga asosan, har bir o‘quv yili yakunida yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar 95+ ball (100 balldan) to‘plagan holda, keyingi o‘quv yilidan boshlab to‘liq grant asosida o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Oliy ta’lim standartlariga javob berish hamda talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan ushbu tizim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida o‘z ifodasini topgan.

O‘z navbatida, SIUT Vasiylik kengashi raisi B.Sh. Fazilov ham shaxsiy qo‘llab-quvvatlashi oliygoh talabalarining yuqori ilmiy natijalarga erishishi uchun kuchli rag‘bat bo‘lishiga ishonch bildirdi.

“Biz har bir SIUT talabasi o‘z qobiliyatlarini rivojlantirish uchun teng imtiyozlarga ega bo‘lishi tarafdorimiz hamda ta’lim o‘z ustida tinimsiz mehnat qilishga va dunyoni o‘zgartirishga tayyor bo‘lgan har bir inson uchun imkoniyat bo‘lishi kerak”, – deydi SIUT Vasiylik kengashi raisi B.Sh. Fazilov.

O‘tgan 2023-2024-o‘quv yili uchun qabul yakunlariga ko‘ra, jami 200 talabadan 68 nafari (34%) akademik grantlar bilan taqdirlanganini alohida ta’kidlash joiz.