SIUT talabalari uchun Xitoyda maxsus yozgi oromgoh tashkil etildi
O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini qamrab olgan jadal rivojlanish davrini boshidan kechirmoqda. Xitoyda ilm-fanning rivojlanishi, ta’limga berilgan e’tibor, mazkur davlatning jahon miqyosida munosib o‘rin egallashiga asosiy omil bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda ko‘plab sohalar qatori ikki davlat oliygohlari bilan izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, Xitoyning yetakchi texnika universitetlaridan biri Northeast Electric Power University (NEEPU) va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) oʻrtasida izchil aloqalar o‘rnatilgan.
Yaqinda SIUT bir guruh talabalarining Yozgi talabalar oromgohida qatnashish uchun Xitoyga qilgan safari ana shunday hamkorlikning yorqin misolidir. Joriy yilning avgust oyida SIUT qoshidagi Xitoy Energetika institutining (CIEP) bir guruh talabalari: Saodat Saleeva, Amir Niyazov va Olim Do‘stmurodovlar 10 kun davomida Jilin shahrida joylashgan Shimoliy-Sharqiy elektr energetika universitetiga (Northeast Electric Power University, NEEPU) “Talabalar almashinuvini kengaytirish va Xitoy-O‘zbekiston do‘stligini chuqurlashtirish” (Enhancing Youth Exchange and Deepening Sino-Uzbek Friendship) mavzusidagi yozgi oromgohda ishtirok etdilar.

Talabalarimiz NEEPU kampusi va o‘quv dasturlari, xorijlik talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, universitetning ta’lim yo‘nalishlari va laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ular universitet negizida joylashgan elektr stansiyasida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda ham bevosita ishtirok etdilar.



SIUT talabalari universitet faoliyati bilan tanishishdan tashqari, mehmondo‘st Xitoy davlati madaniyati, urf-odatlari, uning buyuk o‘tmishi haqida so‘zlovchi qator muzey va me’moriy obidalar, shu jumladan Meteorit muzeyi, Jilin tarixi muzeyi va Beyshan bog‘i, Konfutsiy ibodatxonasi va Longtan tog‘lari kabi turistik maskanlarda sayohatlar orqali katta taassurotlar va unutilmas xotiralar bilan qaytdilar.
Ushbu oromgohni tashkil etishdan maqsad, xitoy tilini puxta egallash, Xitoy va O‘zbekiston talaba-yoshlari o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat.
Biz ham, o‘z o‘rnida, Yozgi oromgohda ishtirok etgan talabalarimizning safar taassurotlari va fikrlari bilan qiziqdik:
“Biz talabalikning oltin davrini boshdan kechirmoqdamiz. Sababi, biz birinchi bosqichdanoq talabalar almashinuv dasturlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Yaqinda, iyun oyida “Oltin Meros” talabalar teatr studiyasi ishtirokchisi sifatida Janubiy Koreyaga birinchi sayohatim unutilmas sarguzasht va bilim-tajribalarga boy edi. Oradan ko‘p fursat o‘tmay Xitoydagi yozgi oromgohdagi ishtirokim yangi do‘stlar bilan tanishish, tengdoshlarim bilan tajriba almashish ham xuddi shunday yorqin xotiralar bilan muhrlandi. Biz uchun bu sayohatlar juda muhim, chunki kelajakda Shimoliy-Sharqiy elektr energetika universitetida o‘qishni davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz. Xitoyning akademik va madaniy landshafti haqida qimmatli fikrlari bilan o‘rtoqlashgan NEEPU prezidenti, professor Cai GuoWei bilan o‘tgan samimiy uchrashuv eng esda qolarli voqealardan biri bo‘ldi”, — dedi Saodat Saleeva.
“Jilin shahridagi safarimiz mobaynida biz yangi do‘stlar orttirib, ular bilan xitoy tilida muloqot qilishga harakat qildik. Quvonarlisi, SIUTda bir yil davomida xitoy tilidan egallagan bilimlarimiz qo‘l keldi. Men Xitoyning energetik taraqqiyotining guvohi bo‘ldim. Biz NEEPU talabalari uchun sanoat ishlab chiqarish zonasi bo‘lgan mahalliy elektr stansiyasida laboratoriya tadqiqotlarida qatnashdik” – Dustmuradov Olim.

“Yozgi oromgohda biz xitoy tiliga oid bilimlarimizni ham boyitdik va NEEPU professorlarining Xitoy tili va Xitoy tarixini o‘rganish bo‘yicha maxsus ma’ruzalarida ham qatnashdik. Ularning boy tajribasi va bilim berishdagi ishtiyoqi va kreativligini alohida ta’kidlashim joiz. Kurs yakunida xitoy tili va tarixi bo‘yicha qimmatli kitoblar, darsliklar sovg‘a qilindi”, – deydi Amir Niyozov.
Yozgi oromgohda ishtirok etish orqali SIUT talabalari universitetning barcha ta’lim faoliyati bilan tanishdilar, 2-bosqichdan so‘ng CIEP talabalari oliygohlar o‘rtasidagi hamkorlik doirasida qabul qilingan “double diploma” dasturi bo‘yicha NEEPUda o‘qishni davom ettirishlari mumkin.
Shuningdek, universitetlar o‘rtasida hamkorlik doirasida nafaqat talabalar, balki professor-o‘qituvchilar orasida akademik almashinuv yo‘lga qo‘yilgan. Yangi 2024/2025 o‘quv yilida NEEPUning yana 2 nafar mahoratli professorlari – Li XingCan va Zhang SuHan CIEPning “Issiqlik energetikasi” dasturi bo‘yicha ta’lim jarayonlariga jalb etildi.


Qayd etish joizki, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan hamkorlik – sohani yanada rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar, oliygohlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin va yangi sahifalarini ochaveradi.