“Oltin Meros” talabalar teatr studiyasi koreyalik muxlislar qalbini yoritdi
2024-yilning 20-29-iyun kunlari Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida “Oltin Meros” talabalar teatr-studiyasi Janubiy Koreyaning bir qator shaharlari sahnalarida o‘zbek milliy ashula va raqs dasturlarini namoyish etdi.
SIUTda yoshlarning madaniy tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida O‘zbek tili va madaniyati markazi tashabbusi bilan 2023-yilda oliygohning iqitidorli talabalaridan tarkib topgan “Oltin Meros” talabalar teatr-studiyasi tashkil etilgan bo‘lib, hozirda mazkur teatr-studiyasida universitet talabalar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, badiiy rahbar, xushovoz xonanda, maqom va estrada qo‘shiqlari kuylash san’ati bo‘yicha qator milliy va xalqaro mukofotlar sovrindori Zulfiya Rashidova va tajribali xoreograf Kamila Qosimova boshchiligida yosh iste’dod egalariga mumtoz va zamonaviy teatr spektakllari, dunyoning turli xalqlarining raqslaridan namunalar ijro etib, aktyorlik va musiqiy mahoratini oshirmoqdalar. Mazkur teatr-studiyasi tashkil etilishi universitetning madaniy hayotini boyitibgina qolmay, balki talabalarning ijodiy qobiliyatlarini namoyon etish, ularning yangi iste’dodlarni ochish hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga va jamoaviy ishlashga oid qimmatli ko‘nikmalarini egallashga yordam beradi.

“Oltin Meros” studiyasining koʻplab ishtirokchilari festivallar va yirik tadbirlarda, jumladan, Xalqaro choy festivali, “Navroʻz Regata” festivali, bayram tadbirlari va hokazolarda faol ishtirok etib, muvaffaqiyatga erishib kelmoqdalar. Ularning yorqin va esda qolarli chiqishlari nafaqat barchani xursand qiladi balki tengdoshlari orasida, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qiziqqan boshqa yoshlar uchun ilhom manbai sifatida xizmat qilmoqda desak yanglishmagan bo‘lamiz.
2024-yilning 20-29-iyun kunlari Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasi Koreya Respublikasida rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Tashrif natijalari haqida avvalroq xabar bergan edik. Universitet delegatsiyasi tarkibiga iste’dodli talabalarimizdan iborat “Oltin Meros” talabalar teatr studiyasi ham kirdi:
- Komiljon Shokirov (Petroleum Engineering);
- Javohir Xaitov (Geological Engineering);
- Saodat Saleeva (Electric Power Engineering, CIEP);
- Gulnoza Usmonqulova (Design, KITC);
- Madina Inoyatova (Design, KITC);
- Ruxina Haydari (Digital Economy, KITC);
- Farangiz Bahodirova (Renewable Energy, KITC).
Studiya Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rashidova va xoreograf Kamila Qosimovalar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan III Xalqaro CGE konferensiyasiga o‘zgacha shukuh qo‘shdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ijodkor talabalar chiqishlari orqali o‘zbek xalqining boy madaniyati va tarixi, san’atining rang-barangligini namoyish etdilar. Milliy musiqa jo‘rligida ijro etilgan o‘zbek milliy raqslari va Zulfiya Rashidovaning jonli ijrosidagi qo‘shiqlar ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olindi va CGE anjumani dasturini yanada boyitdi. Bundan tashqari, “Oltin Meros” talabalar teatr studiyasining ijodiy dasturi anjumandan tashqari, Koreya Respublikasining Seul, Kannin, Kvanju, Poxan, Gimcheon va boshqa qator yirik shaharlarida ham namoyish etildi.


Bundan tashqari, talabalar Koreya Respublikasining bir qator oliy o‘quv yurtlarida bo‘lib, tengdoshlari bilan uchrashdilar. “Oltin Meros” ijodiy studiyasining Koreya texnologiyasi va madaniyati institutida tahsil olayotgan ayrim ishtirokchilari SIUTda qisqa vaqt, yaʼni bir yil oʻqishlariga qaramay, koreys tengdoshlari bilan “chosŏnmal” – koreys tilida muloqot qilishdi.
Koreya Respublikasiga tashrifi davomida SIUT talabalari uchun YUNESKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatning eng mashhur madaniy-tarixiy joylariga, jumladan, Koreyaning beshta dunyoga mashhur katta saroyidan biri – Changdeokgung saroyi, Xuvon bog‘i, Ojukheon saroyi va “Ojukheon va Gangneung munitsipal muzeyi”ga ekskursiyalar tashkil etildi.


Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasi koreyalik do‘stlar tomonidan iliq kutib olingani xalqlarimiz o‘rtasidagi iliq munosabatlarni tasdiqlaydi. Universitetning birinchi kursini endigina tamomlagan SIUT talabalari sayohatdan ayniqsa yorqin taassurot oldilar.
“Dizayn” (KITC) yo‘nalishi talabasi Madina Inoyatova Koreya Respublikasiga sayohati haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Bu mening xorijga birinchi safari bo‘ldi, yashirmayman, biroz xavotirda edim, lekin hammasi a’lo darajada oʻtdi. Bu yerdagi xalq juda mehmondo'st, ular doimo yordam berishga harakat qilishar ekan va sizni zeriktirishga yo‘l qo‘ymaydilar. Albatta, ba’zida til to‘sig‘i tufayli muloqot qilish qiyin edi, chunki bu yerda hamma ham ingliz tilida gapirmaydi. Lekin bizga bir yil davomida koreyalik professor-o‘qituvchilaridan koreys tilida egallagan bilimlarimiz qo‘l keldi. Qo‘limizdan kelgancha koreyalik tengdoshlarim bilan koreys tilida muloqot qilishga harakat qildik”.
Javohir Xaitov, “Geologiya muhandisligi” yo‘nalishi talabasi:
“Bu bizning ijodiy studiyamizda ishtirok etgan har bir kishi uchun ajoyib tajriba bo‘ldi. Biz yangi madaniyat, yangi do‘stlar orttirdik. Koreyadagi odamlar juda mehribon va mehmondo‘st. Qayerda bo‘lmasin, bizni o‘zgacha iliqlik bilan kutib olishdi. Sayohatimiz davomida, dunyo kezish, turli davlatlardagi ijodiy safarlar insonni dunyoqarashini kengatirib ko‘proq bilim egallashga, turli xorijiy tillarni mukammal o‘rganishga turtki bo‘lishiga o‘zim misolimda yana bir bor amin bo‘ldim”.

Bunday madaniy almashinuv dasturlari SIUT Strategiyasi va oliy ta’lim standartlarini joriy etish va xalqarolashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Ular madaniyatlarning o‘zaro boyishiga hissa qo‘shadi, yoshlarni chet tillarini o‘rganishga undaydi va madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Bunday tashabbuslar tufayli talabalar nafaqat ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirmoqda, balki boy milliy merosni keng targ‘ib qiluvchi ta’bir joiz bo‘lsa, “O‘zbekistonning madaniyat elchilari”ga aylanishmoqda desak yanglishmagan bo‘lamiz. Xalqaro loyihalarda ishtirok etish ularga bebaho tajriba orttirish, dunyoqarashini kengaytirish va yangi aloqalar o‘rnatish imkonini beradi.
“Oltin Meros” talabalar teatr studiyasining Koreya Respublikasidagi muvaffaqiyati Samarqand xalqaro texnologiya universitetida olib borilayotgan faol madaniy-ma’rifiy ishlarining yorqin ko‘rinishlaridan biri xolos. Oldinda iqtidorli talaba-yoshlarimizni yangi ijodiy yutuqlar, ilhomlantiruvchi marralar kutmoqda.